Logo

«Wildberries» omborlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkin

Бугун 15:322 дақиқа

Rossiyadagi omborlarga berilayotgan tinimsiz dron hujumlari «Wildberries»ni logistik inqirozga duchor qildi. Natijada kompaniya xavfsizlikni ta’minlash va tovarlarni asrab qolish uchun o‘z quvvatlarining bir qismini O‘zbekiston, Qozog‘iston va Belarusga ko‘chirmoqchi.

«Wildberries» omborlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkin © Яндекс Карты

Rossiyaning «Wildberries» marketpleysi dron hujumlaridan keyin logistika tizimining bir qismini xorijga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

«The Moscow Times» xabar berishicha, kompaniya uzoq muddat saqlanadigan tovarlarni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Belarus omborlarida joylashtirishni rejalashtirmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu reja kompaniya rahbariyatining sotuvchilar bilan uchrashuvlarida muhokama qilingan.

Manbalarning ta’kidlashicha, ayrim tovarlar allaqachon Rossiyadan tashqaridagi omborlarga yo‘naltirila boshlangan.

Qozog‘iston

Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyevga ko‘ra, Ostona va Olmaotada «Wildberries» taxminan 46 ming metr kvadrat omborlarni ijaraga olgan.

Shu bilan birga 2027 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan yana 260 ming metr kvadrat ombor qurilmoqda.

Belarus

Shuningdek, «Wildberries» kompaniyasi Belarusda qiymati 11 milliard rublga teng yirik ombor barpo etmoqda. Biroq uning 140 ming kvadrat metrlik umumiy maydonidan may oyiga qadar bor-yo‘g‘i 20 ming kvadrat metri ishga tushirilgan. Majmuani to‘liq foydalanishga topshirish esa joriy yil oxiri yoki kelasi yil boshiga mo‘ljallangan.

May oyida kompaniya asoschisi Tatyana Kim respublika hududida ikkinchi yirik ombor majmuasini qurish rejasi borligini ham e’lon qilgandi. O‘shanda mazkur obyektlar aynan belaruslik xaridorlarga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston

Bundan bir oy oldin «Wildberries & Russ» bosh direktori Robert Mirzoyan O‘zbekistonda Markaziy Osiyo logistika xabi tashkil etilishini e’lon qilgan edi.

Loyiha doirasida Toshkent viloyatidagi 170 ming kvadrat metrlik ombor majmuasi va saralash markazi yagona logistika tizimiga birlashtiriladi.

Kompaniya mazkur loyihaga 300 million dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Xab «Rossiya — O‘zbekiston — Yaqin Sharq» va «Xitoy — O‘zbekiston — Afrika» logistika yo‘nalishlarining bir qismiga aylanishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид