Logo

XMJ Markaziy Osiyo uchun 33 mln dollargacha mablag‘ ajratmoqchi

Dastlabki moliyalashtirish paketi 18 mln dollarni tashkil etadi. Moliyalashtirish yevro va mahalliy valutalarda amalga oshiriladi.

XMJ Markaziy Osiyo uchun 33 mln dollargacha mablag‘ ajratmoqchi © Foto: invest.gov.kz

Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) Qozog‘iston va Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini kengaytirish uchun «Eurasia Group» kompaniyasiga 33 million dollargacha mablag‘ ajratadi.

IFC’ning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida energiyani tejaydigan to‘rtta servis markazi quriladi. Shuningdek, fermerlar uchun o‘quv dasturlari tashkil etiladi va ularning zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Dastlabki moliyalashtirish paketi 18 million dollarni tashkil etadi. Shundan 15 million dollar Qozog‘istonga, 3 million dollar esa Qirg‘izistonga yo‘naltiriladi. Keyinchalik «Eurasia Group» kompaniyasining Qozog‘istondagi faoliyatini kengaytirish uchun yana 15 million dollar ajratilishi mumkin.

Ajratilgan mablag‘lar hisobiga Qozog‘istonning Ostona, Pavlodar va Petropavlovsk shaharlarida uchta servis markazi quriladi. Yana bitta markaz Bishkek shahrida barpo etiladi. U Qirg‘izistonda John Deere texnikasiga ixtisoslashgan birinchi servis markazi bo‘ladi.

Moliyalashtirish yevro va mahalliy valutalarda amalga oshiriladi. Tomonlarning ta’kidlashicha, bunday yondashuv «Eurasia Group» kompaniyasiga valuta kursining o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga yordam beradi.

Yangi markazlar fermerlarning original ehtiyot qismlar, texnik xizmat ko‘rsatish va nosozliklarni tezkor bartaraf etish imkoniyatlarini yaxshilaydi. Loyiha Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi qariyb 1 700 ta fermer xo‘jaligini qamrab oladi.

«Eurasia Group» kompaniyasi Markaziy Osiyoda 2002-yildan beri faoliyat yuritadi. U John Deere texnikasining distribyutori va eksklyuziv dileri hisoblanadi. Kompaniyada 600 dan ortiq kishi ishlaydi. Loyiha ishtirokchilarining baholashicha, investitsiyalar natijasida bevosita va bilvosita 1600 ga yaqin ish o‘rni qo‘llab-quvvatlanadi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri fermerlarni o‘qitish, yangi texnologiyalar va raqamli vositalarni joriy etish bo‘ladi. Bu choralar qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish va texnikalardan samarali foydalanishga yordam berishi kutilmoqda.

«Eurasia Group AG» prezidenti va bosh direktori Mustafa Zahin Qozog‘istondagi faoliyatni kengaytirish va Qirg‘izistonda birinchi ixtisoslashgan servis markazini ochish kompaniya hamda mintaqadagi fermerlar uchun muhim voqea ekanini ta’kidladi.

Uning aytishicha, IFC ko‘magi texnikalar va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlarni fermerlarga yaqinlashtiradi. Shuningdek, xodimlarning malakasini oshirish va tajriba almashish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

IFC’ning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda ishlab chiqarish, agrobiznes va xizmatlar sohasi bo‘yicha mintaqaviy direktori Vagner Albukerke de Almeydaning ta’kidlashicha, zamonaviy servis markazlari fermerlarga ish samaradorligini oshirish, qishloq aholisining turmush sharoitini yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga moslashishda yordam berishi mumkin.

Barcha to‘rtta markaz IFC EDGE yashil binolar standarti bo‘yicha sertifikatlanishi rejalashtirilgan. Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, bu binolarning energiya sarfini 20 foizga kamaytirish va har yili atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari miqdorini qariyb 1674 tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

«Eurasia Group», shuningdek, ish joylarida xavfsizlikni oshirish va ayollar uchun kasbiy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Hozirda kompaniya xodimlarining qariyb 26 foizini ayollar tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga 100 million dollar qarz berishga qaror qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид