Yetti tilli o‘zbek-uyg‘ur diplomati: Yaponiya Markaziy Osiyoga o‘ziga xos tarzda yaqinlashmoqda

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Arfiya Erining Toshkent va Ostonaga tashrifi Tokioning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi kuchayib borayotganini ko‘rsatdi.

Yetti tilli o‘zbek-uyg‘ur diplomati: Yaponiya Markaziy Osiyoga o‘ziga xos tarzda yaqinlashmoqda

Mustahkam aloqalar

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Arfiya Eri may oyida Markaziy Osiyoning bir yo‘la ikki davlatida bo‘ldi. U dastlab Toshkentga safar qilib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Tomonlar ikki davlat munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Shundan so‘ng yaponiyalik diplomat Ostona shahriga tashrif buyurdi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alibek Bakayev muzokaralar yakuni bo‘yicha tomonlar muntazam muloqot va keng ko‘lamli sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Erining o‘zi ham yaqin yillar ichida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanishini qayd etdi. U ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash niyatida ekanini bildirdi.

Ommaviy axborot vositalarining diqqat-markazida esa diplomatning kelib chiqishi bo‘ldi. O‘zbek-uyg‘ur oilasida tug‘ilgan Arfiya Eri Yaponiyaning turkiy ildizlarga ega eng ko‘zga ko‘ringan siyosatchilaridan biridir. U nafaqat yapon tilini, balki o‘zbek, uyg‘ur, turk, rus, ingliz va xitoy tillarini ham biladi. Bu esa, shubhasiz, uning mintaqa bo‘ylab safarlarida qo‘l kelmoqda. Toshkentdagi muzokaralar chog‘ida u Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘zbek tilida suhbatlashdi.

1

Erining ushbu lavozimga tayinlanishi Tokioning Markaziy Osiyo bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish istagi sifatida talqin etilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda hatto Yaponiyaning Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo bo‘lishi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Biroq diplomat buni rad etib, shunchaki Yaponiyaning turkiy dunyo bilan mustahkam tarixiy va madaniy aloqalari borligiga urg‘u berganini tushuntirdi.

Ekspertlarning fikricha, Arfiya Erining kelib chiqishi ko‘proq ichki auditoriya uchun Yaponiya siyosatining ochiqligi va ko‘p madaniyatliligi ramzi sifatida xizmat qiladi.

«Yaponiya uchun bu, albatta, ko‘p jihatdan ichki auditoriyaga qaratilgan voqelik bo‘lib, yapon siyosatining ko‘p madaniyatli ekanidan dalolat beradi. Ayniqsa, Yaponiyaning amalda bir millatli mamlakat ekanini inobatga olsak. Ammo uning uyg‘ur, o‘zbek, rus va boshqa tillarni bilishi, shubhasiz, mintaqadagi faoliyatida unga qo‘l keladi», — deydi «Eurasian Expert Council» rahbari Chingiz Lepsibayev «TRT» bilan suhbatda.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi faolligini faqat Erining shaxsiy omiliga bog‘lab qo‘yish noto‘g‘ri. Tokio mintaqani tarixan strategik muhim yo‘nalish deb biladi, biroq Yaponiya sarmoyalari darajasi hozircha nisbatan pastligicha qolmoqda.

Bu yondashuv Yaponiyaning «Markaziy Osiyo – Yaponiya» yoki «5+1» formatini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli yo‘nalishiga to‘la mos keladi. Ushbu formatdagi ilk sammit 2025 yil 20-dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tdi. Unga Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi raislik qildi. Uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etdi.

2

Xomashyo va geosiyosiy manfaatlar

Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi manfaatlari faqat diplomatiyadan iborat emas. Tokio uchun bu mintaqa xomashyo, energetika resurslari va yangi sarmoyaviy imkoniyatlar manbai sifatida ham muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda Yaqin Sharqdagi inqiroz fonida yaponiyaliklarni energetika sohasi ko‘proq qiziqtirmoqda. Yaponiya barqaror neft ta’minotiga muhtoj: mamlakat allaqachon o‘zining uglevodorod bo‘yicha strategik zaxiralaridan foydalanishga majbur bo‘ldi. Shu bois Tokio Qozog‘iston neftini xarid qilishdan manfaatdor.

Bundan tashqari, Tokio Markaziy Osiyoda endigina jadal rivojlana boshlayotgan noyob metallarni qazib olish bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda. Bu ma’noda Qozog‘iston Yaponiya uchun alohida ahamiyat kasb etadi, chunki u yerda noyob metallar, uran, titan va boshqa resurslar zaxiralari mavjud.

Biroq bu qiziqishning siyosiy tomoni ham bor. Yaponiya mintaqaga Pekin bilan raqobat maydoni sifatida qaraydi.

«Yaponiya Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, ayniqsa uning shimoli-sharqiy qismida Xitoyning asosiy raqobatchisi hisoblanadi. Shuning uchun Tokio Pekin Markaziy Osiyodan kamroq resurs olishidan manfaatdor. Xitoy ham mintaqani uglevodorodlar, gaz, neft va turli metallarning muhim manbalaridan biri sifatida ko‘radi», — dedi nashr bilan suhbatlashgan siyosatshunos Talgat Mamirayimov.

Chingiz Lepsibayevning qayd etishicha, Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlarining imkoniyatlari bir-birini to‘ldiradi. Mintaqa sarmoya va yuqori texnologiyalarga muhtoj bo‘lsa, Yaponiya aholi qarishi va resurslar tanqisligi sharoitida yangi bozorlar va yosh ishchi kuchiga ehtiyoj sezmoqda. Bu «win-win», ya’ni ikki tomon ham yutuqqa erishadigan klassik holatdir.

Biroq, asosiy to‘siq bo‘lib hamon logistika masalasi qolmoqda. Markaziy Osiyoning ochiq dengizga chiqa olmasligi va yuk tashish yo‘nalishlaridagi siyosiy xavflar (Rossiya orqali sanksiyalar xavfi yoki Xitoyning cheklovlari) hamkorlik sur’atiga ta’sir qilmoqda. Agar ushbu transport-logistika muammolari hal etilsa, o‘zaro aloqalar salohiyati bir necha o‘n barobarga ortishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

Yetti tilli o‘zbek-uyg‘ur diplomati: Yaponiya Markaziy Osiyoga o‘ziga xos tarzda yaqinlashmoqda | Vaqt.uz