Logo

Mulki garovda qolgan «O‘zbekfilm», hukumat serverlariga xitoylik xakerlar hujumi va Toshkent bozorlari taqdiri — 21-avgust dayjesti

Kecha 22:554 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Mulki garovda qolgan «O‘zbekfilm», hukumat serverlariga xitoylik xakerlar hujumi va Toshkent bozorlari taqdiri — 21-avgust dayjesti

Vazir jamg‘armasi hisobidan ustama oladigan o‘qituvchilar ro‘yxati e’lon qilindi|

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu yilgi tanlovda jami 1696 nafar pedagog g‘olib deb topildi. Ularning 1400 nafari umumiy o‘rta ta’lim maktablari, 98 nafari ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va 198 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlari vakillaridir.

Tanlov g‘oliblariga 2026 yil sentabrdan 2027 yil mayiga qadar (jami 9 oy davomida) har oylik ustamalar to‘lab boriladi. Belgilangan tartibga muvofiq, umumta’lim tashkilotlari pedagoglariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari (7 mln 480 ming so‘m), maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariga esa 2 baravari (2 mln 992 ming so‘m) miqdorida ustama beriladi. Ushbu rag‘batlantirish tizimi 2022 yildan buyon yuqori natija ko‘rsatayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amal qilib kelmoqda.

«Aholimiz o‘rgangan va nasibasini topayotgan joylar o‘zgarsa, albatta, bezovta bo‘ladi» — poytaxt hokimi

Toshkent shahridagi 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda. Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov aholining tirikchilik manbai bo‘lgan bu joylarning o‘zgarishidan xavotirga tushishi tabiiy ekanini, ammo ularning birortasi yopilmasligi va o‘z asosiy vazifasini yo‘qotmasligini ta’kidladi. Bozorlar o‘z milliy muhitini saqlab qolgan holda, «Ekobozor» hamda xorijiy davlatlardagi ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy talablarga moslashtiriladi.

Loyiha doirasida investorlarga uchta asosiy shart qo‘yilmoqda: belgilangan hajmda zamonaviy savdo rastalarini qurib davlatga topshirish, u yerda faoliyat yuritayotgan mavjud tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlab qolish va yetarli sig‘imdagi avtoturargohlar barpo etish. Buning evaziga sarmoyadorlar bozorlarning samarasiz foydalanilayotgan maydonlarida savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlarini tiklash huquqini qo‘lga kiritadi.

«O‘zbekfilm»ning 22,9 mln yevro kredit majburiyati borligi sabab kinostudiyaning mol-mulki va yer maydonlari garovga qo‘yildi

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedovning ma’lum qilishicha, «O‘zbekfilm» kinostudiyasining 22,9 million yevro miqdoridagi kredit majburiyati sababli uning mol-mulki va yer maydonlari garovga qo‘yilgan. Shuningdek, kinostudiyaning soliqlardan 1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorligi tufayli balansidagi 12 ta avtomashina tez kunlarda auksionga qo‘yilish xavfi ostida qolgan va xodimlarning ish haqlari bo‘yicha ham yirik qarzdorliklar yuzaga kelgan.

Mulozimning ta’kidlashicha, kinostudiya o‘zini saqlab qolish uchun yiliga kamida 60 milliard so‘mlik buyurtma bajarishi kerak va umuman olganda, tashkilotni tubdan isloh qilib, bozor mexanizmiga o‘tkazish zarur. Mazkur holat yuzasidan «O‘zbekfilm» matbuot kotibi xodimlarga oyliklar kechiktirib berilayotganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, boshqa masalalar bo‘yicha izoh bermagan hamda tashkilot rahbariyati tomonidan ham hozircha hech qanday rasmiy javob qaytarilmagan.

Xitoylik xakerlar O‘zbekistonning hukumat serverlariga hujum uyushtirgani aytilmoqda

Ruminiyaning «Bitdefender» kiberxavfsizlik kompaniyasi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari, xususan, O‘zbekistonning hukumat serverlariga qaratilgan «SilkParasite» nomli yangi kiberjosuslik operatsiyasini fosh qildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asosan iqtisodiy qarorlar qabul qiluvchi davlat organlariga yo‘naltirilgan ushbu hujumlar ortida xitoylik xakerlar turibdi. Jinoyatchilar sun’iy intellekt yordamida yozilgan modulli zararli dasturlar hamda soxtalashtirilgan davlat hujjatlari orqali tizimlarga buzib kirishga uringan.

Mazkur kampaniya davomida xakerlar O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlat idoralariga tegishlidek ko‘rinadigan soxta fishing xatlari va parollangan arxivlardan foydalangan. Bu holat Xitoyga aloqador xakerlik vositalari va guruhlarining (jumladan, «FamousSparrow») avvalgi faoliyatiga bog‘liq bo‘lib, ekspertlarning fikricha, iqtisodiy munosabatlar chuqurlashib borayotgan bir paytda iqtisodiy siyosat bilan shug‘ullanuvchi davlat organlari xorijiy razvedka uchun aniq tanlangan maqsadli nishon hisoblanadi.

Gaz yo‘qotishlarini kamaytirishga 10,6 mln dollar ajratildi

O‘zbekistonda 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan, gaz infratuzilmasidagi sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etish hamda metan chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan loyiha amalga oshiriladi. Hukumat qarori bilan mazkur maqsadlar uchun jami 10,6 million dollar ajratildi. Mablag‘ning 9,6 million dollari bevosita yo‘qotishlarni kamaytirishga sarflansa, qolgan 1 million dollari monitoring tizimini mustahkamlash, xorijiy ekspertlarni jalb qilish va loyihani boshqarish xarajatlariga yo‘naltiriladi. Ma’lumot o‘rnida, bungacha Jahon banki ko‘magida o‘tkazilgan tadqiqotlarda «O‘ztransgaz» obyektlarida umumiy hajmi 35 million kub metrgacha bo‘lgan 1000 dan ortiq sizib chiqish nuqtasi aniqlangan edi.

Loyiha doirasida tejab qolingan metan hajmlari mustaqil tekshiruvdan o‘tkaziladi va buning hisobiga shakllangan mablag‘lar maxsus eskrou hisobvarag‘ida jamlanib, gaz tizimidagi keyingi tadbirlarni moliyalashtirishga sarflanadi. Jarayonni muvofiqlashtirib borish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda «O‘ztransgaz» vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh tashkil etiladi. Mazkur tashabbus nafaqat yo‘qotishlarni bartaraf etishni, balki tejalgan resurslar orqali sohani yanada takomillashtirishning uzluksiz moliyaviy mexanizmini yaratishni ham ko‘zda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid