
O‘zbekistonda 9 oyda oliygohlarda 5,1 mingta yangi talaba o‘rni yaratildi
Mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha o‘rinlar tashkil etilib, hududlar bo‘yicha eng ko‘p yangi talaba o‘rinlari Namangan va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keldi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar—sentabr oylarida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida 5 100 ta yangi talaba o‘rinlari foydalanishga topshirildi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng katta ulush Namangan viloyatida qayd etilib, bu yerda 2 000 ta yangi talaba o‘rni yaratildi.
Shuningdek, Andijon viloyatida 1 800 ta, Samarqand viloyatida esa 1 000 ta o‘rin foydalanishga topshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham 300 ta qo‘shimcha o‘rin tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2024/2025 o‘quv yilida mamlakat bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga 381,7 ming talaba qabul qilingan. Bu ko‘rsatkich 2020/2021 o‘quv yilidagidan 2,2 barobarga ortgan.





