O‘zbekistonga qarshi 100 mln dollarlik da’vo, rekord darajada mustahkamlangan so‘m va benzinli mashinalarni ortda qoldirgan gibridlar — 4-sentabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Solfy va Milliy bank mojarosi: investor O‘zbekistonga qarshi 100 mln dollarlik da’vo kiritdi
Rossiyaning «Sberbank»i sobiq birinchi rais o‘rinbosari Maksim Poletayev va Solfy Rus kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazga (ICSID) 100 million dollar tovon puli talabi bilan da’vo kiritdi.
Mazkur ish 2021 yilda Milliy bank bilan hamkorlikda boshlangan foizsiz muddatli to‘lov kartalari loyihasi doirasidagi kelishmovchiliklar hamda 2013 yilda imzolangan investitsiyalarni himoya qilish bitimiga asoslangan.
Avgustda so‘m rekord darajada mustahkamlandi: dollar kursi qanday o‘zgardi?
2026 yilning avgust oyida o‘zbek so‘mi AQSH dollariga nisbatan 1,7 foizga mustahkamlanib, yil davomidagi eng yuqori oylik ko‘rsatkichni qayd etdi. Yil boshidan buyon esa so‘mning dollarga nisbatan umumiy mustahkamlanishi 1,9 foizga yetdi.
Shuningdek, avgustda milliy valutaning kunlik o‘rtacha tebranuvchanligi 0,3 foizni tashkil etib, iyul oyiga nisbatan 14,3 foizga, 2025 yilning avgust oyidagi ko‘rsatkichga (0,49 foiz) nisbatan esa qariyb 40 foizga kamaydi.
Urganch aeroportidan Xivaga tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi Urganch aeroportidan Xiva shahrigacha zamonaviy tezyurar elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Yangi yo‘nalishda Xitoyning «CRRC Dalian Co., Ltd.» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, tezligi soatiga 160 kilometrgacha yetadigan poyezd harakatlanadi.
Poyezdlar harakati tasdiqlangan jadval bo‘yicha amalga oshiriladi: elektropoyezd Urganch aerovokzalidan soat 08:40 da jo‘nab, 09:22 da Xivaga yetib boradi; qaytish qatnovi esa Xivadan soat 21:00 da yo‘lga chiqib, 21:42 da Urganch aerovokzaliga yetib keladi (har ikki yo‘nalishda ham poyezd Urganch bekatida to‘xtab o‘tadi). Yo‘nalish bo‘yicha chipta narxi kattalar uchun 25 000 so‘m, bolalar uchun esa 14 000 so‘m etib belgilangan.
Toshkentda 114 yillik tarixiy bino zamonaviy san’at markaziga aylantirildi
1912 yilda me’mor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida qurilgan (dastlab tramvay deposi, keyinchalik dizel elektr stansiyasi bo‘lgan) 114 yillik tarixiy bino qayta ta’mirlanib, O‘zbekistonda zamonaviy san’atga ixtisoslashgan birinchi davlat markaziga aylantirildi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning «Studio KO» byurosi hamkorligida sanoat me’morchiligi qiyofasi saqlangan holda tiklangan mazkur maskan infratuzilmasi bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishdi. Markaz o‘z faoliyatini 6-sentabr kuni bilim va madaniy meros mavzulariga bag‘ishlangan «Hikmat» nomli ilk xalqaro ko‘rgazma bilan boshlaydi.
Gibrid ko‘paymoqda: avgustda avtomobil importi qanday bo‘ldi?
2026 yilning avgust oyida O‘zbekistonga umumiy qiymati 182,6 mln dollarga teng bo‘lgan 13 214 ta yengil avtomobil import qilinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatidan 33,7 foizga, qiymat bo‘yicha esa 67,6 foizga o‘sish qayd etildi.
Bunda asosiy o‘sish gibrid avtomobillar hissasiga to‘g‘ri kelib, ularning importi qariyb 18 baravarga (3 054 tagacha) keskin oshdi va benzinli mashinalardan (2 083 ta) o‘zib ketdi. Garchi elektromobillar importi o‘tgan yilning avgustiga nisbatan miqdor jihatidan deyarli o‘smagan (8 076 ta) bo‘lsa-da, ular hamon umumiy avtomobil importining eng yirik qismini (61,1 foiz) tashkil qilmoqda.





