Logo

«Respublika aerogeodeziya markazi» binosi ochiq savdolarda 213 mlrd so‘mga sotildi

Bugun 19:422 daqiqa

Davaktivning Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, yil davomida sotilgan davlat aktivlari qiymati 26,2 trln so‘mga yetgan.

«Respublika aerogeodeziya markazi» binosi ochiq savdolarda 213 mlrd so‘mga sotildi © YANDEX MAPS

26-oktabr kuni «E-auksion» elektron savdo platformasida Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan yer maydoni 1,13 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 9 975 kvadrat metr sifatida ko‘rsatilgan «Respublika aerogeodeziya markazi» binosi sotildi.
 
«Buyuk Turon» MFYda joylashgan obyektning boshlang‘ich narxi 157,8 mlrd so‘m etib belgilangandi. Savdo jarayonlarida ikki talabgor qatnashib, davlat mulkini sotib olish uchun o‘z narx takliflarini bildirdi.
 
Savdolar yakunlariga ko‘ra, «UTKIR SHOP» MCHJ 213 mlrd so‘mlik taklif bilan auksion g‘olibi deb topildi. Obyektning yakuniy sotuv narxi boshlang‘ich qiymatga nisbatan 55,2 mlrd so‘mga yoki qariyb 35 foizga yuqori bo‘lgan.
 
«Orginfo» ma’lumotlariga ko‘ra, «Respublika aerogeodeziya markazi» 1996-yilning 8-mayida ro‘yxatdan o‘tgan davlat muassasasi bo‘lib, Kadastr agentligi tizimiga aloqador hisoblanadi. Tashkilotning faoliyat yo‘nalishi muhandislik izlanishlari va texnik maslahatlar bilan bog‘liq.
 
Mazkur obyekt prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-son farmonida belgilangan davlat aktivlarini xususiylashtirishning yangi mexanizmlari doirasida savdoga chiqarilgan.
 
Ro‘yxatda obyektning yer maydoni 1,13 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 9 975 kvadrat metr sifatida ko‘rsatilgan.
 
Farmonga muvofiq, 2026-yilda davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning 84 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlari, 1 ming 242 ta ko‘chmas mulk obyekti hamda qariyb 8 ming gektar yer uchastkasini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, davlat ishtirokidagi 85 ta korxonani tugatish yoki qayta tashkil etiladi.

Teglar

Mavzuga oid

«Respublika aerogeodeziya markazi» binosi ochiq savdolarda 213 mlrd so‘mga sotildi | Vaqt.uz