
Termizda ham avtobuslarda naqd pul qabul qilinmaydi
2026 yil 1-yanvardan Termiz shahri avtobuslarida yo‘l haqi faqat bank kartalari va elektron QR chiptalar orqali qabul qilinadi.

2026 yil 1-yanvardan Termiz shahridagi jamoat avtobuslarida naqd pul orqali to‘lov qabul qilish to‘liq bekor qilindi. Endi yo‘lovchilar yo‘l haqini faqat bank kartalari yoki elektron bir martalik chiptalar orqali amalga oshiradi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, avtobuslarda istalgan bank kartasi orqali to‘lov qilish mumkin. Shuningdek, infokiosklar orqali elektron bir martalik QR chipta xarid qilish imkoniyati yaratildi. Buning uchun infokiosk qidiruv qismiga «avtobus» so‘zi kiritilib, «Avtobus QR chipta» bo‘limi tanlanadi.
Chipta rasmiylashtirish jarayonida yo‘lovchi telefon raqami va to‘lov summasini kiritadi. Shundan so‘ng elektron chipta shakllantiriladi va avtobusning old qismida joylashgan validator orqali skaner qilinib, to‘lov amalga oshiriladi. Agar infokioskdan qog‘oz chipta chiqmay qolsa, uning elektron tasvirini validatorga ko‘rsatish orqali ham to‘lov qilish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, infokiosklar qaytim pul bermaydi. Ortiqcha kiritilgan mablag‘lar avtomatik ravishda yo‘lovchining ko‘rsatilgan telefon raqamiga o‘tkazib beriladi. Hozircha elektron chiptalarning aniq narxi ochiqlanmagan.
Viloyatda jamoat transportini yangilash ishlari doirasida avvalroq Xitoyda ishlab chiqarilgan 35 ta zamonaviy avtobus yetkazib kelingan. Ushbu avtobuslar brutto-shartnoma asosida shahar ichki yo‘nalishlarida qatnovni yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026 yil 1-yanvardan Andijon shahrida ham avtobuslarda naqd to‘lov bekor qilingan edi. Elektron to‘lovlar uchun yo‘l haqi 2100 so‘m etib belgilangan, infokiosklar orqali xarid qilinadigan QR chipta esa 3000 so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahridagi avtobus salonlarida naqd pulda to‘lov qilish to‘xtatilgan edi. Yo‘lkirani 10 dan ortiq naqd pulsiz to‘lov usullari orqali to‘lash mumkin: ATTO transport va virtual kartalari, istalgan banklarning UzCard va Humo kontaktsiz kartalari, xalqaro to‘lov tizimlari kartalari (Visa, MasterCard, UnionPay), shuningdek, Click, Uzum, Plum to‘lov ilovalari orqali.
Naqd pulga bir martalik QR kodli chiptalarni sotib olinadi, ular Paynet, Oson va Multipay kompaniyalarining infokiosklari, shuningdek, Paynet oflayn punktlari orqali sotiladi. Bunday chiptalarning narxi 3000 so‘mni tashkil etadi, naqd pulsiz to‘lov uchun esa 1700 so‘m undiriladi.





