add

Xitoy elektr davlatiga aylanmoqda: bu qolganlar uchun qanday xavf tug‘diradi?

Kecha 23:2512536 daqiqa

Xitoy iqtisodiyotni jadal sur’atda qayta qurmoqda: endi u arzon ishlab chiqarish manbai emas, balki elektrga asoslangan davlatga aylanmoqda. Biroq bu tizim samarali ishlashi uchun unga hali ko‘p masalalarni hal qilishga to‘g‘ri keladi.

Xitoy elektr davlatiga aylanmoqda: bu qolganlar uchun qanday xavf tug‘diradi?

Xitoyning savdo hamkorlari esa endi u bilan qanday munosabat o‘rnatishni aniqlab olishi kerak. Quyida Project Syndicate nashrida Allianz sarmoyalar bo‘yicha direktori va bosh iqtisodchisi Lyudovik Subran yozgan maqolaning tarjimasini keltiramiz.

 

Barcha yo‘llar Xitoyga olib boradi

Xitoyda yana bir yirik transformatsiya kechmoqda. Jahonning «ishlab chiqarish fabrikasi» jadal sur’atda dunyodagi birinchi elektr davlatiga aylanmoqda — uning iqtisodiyoti endilikda toza energetika, sun’iy intellekt, ilg‘or sanoat va strategik muhim materiallar ustidan nazoratga tayanadi. Bu yangi model ulkan istiqbollarga ega, biroq u jiddiy muammolarga ham duch kelmoqda.

Xitoy ekologik toza texnologiyalar (cleantech) sohasidagi sanoat yetakchisi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlagan. Hozir u quyosh va shamol energetikasi hamda akkumulyatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi barcha quvvatlarning taxminan 60 foizini nazorat qiladi, shuningdek, jahondagi barcha quyosh modullarining 80 foizidan ortig‘ini ishlab chiqaradi. Bu faoliyatning ko‘lami tufayli xarajatlar keskin kamaydi: masalan, so‘nggi 10 yilda quyosh modullari narxi taxminan 80 foizga pasaydi.

Ushbu ustunlikni mustahkamlar ekan, Xitoy shu bilan birga elektromobillar, shamol turbinalari va sun’iy intellekt sensorlari kabi yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hayotiy muhim bo‘lgan nodir yerosti metallari ustidan to‘liq nazoratni ham qo‘lga kiritdi. bugungi kunda Xitoy dunyodagi nodir yerosti metallari zaxiralarining 40–50 foiziga va ularning ishlab chiqarish hamda qayta ishlash hajmining taxminan 70 foiziga ega.

Xitoyning ayniqsa sun’iy intellekt sohasida innovatsion salohiyatni oshirishga yo‘naltirilgan katta sarmoyalari allaqachon samara bera boshladi. Hozir dunyo bo‘yicha faoliyat yuritayotgan barcha sun’iy intellekt mutaxassislarining yarmidan ko‘pi aynan Xitoyda faoliyat olib bormoqda, shuningdek, u dunyodagi SI-patentlarning taxminan 70 foiziga egalik qiladi. Mamlakat Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan tuziladigan reyting hamda boshqa xalqaro innovatsiya indekslarida yetakchi o‘nlikka kiradi.

Buning barchasi uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan strategik joylashuvning hayratlanarli namunasidir. Jahon iqtisodiyotidagi kechayotgan global o‘tish jarayonining har bir bo‘lagi — yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur xomashyodan tortib, yangi sanoat va energetika tizimlarini ishlab chiqish va moliyalashtirishgacha — Xitoyga bog‘liq. Siz nodir yerosti metallariga yetib borishga intilayotgan Amerika bo‘lishingiz yoki toza energetika infratuzilmasiga muhtoj rivojlanayotgan mamlakat bo‘lishingiz mumkin — baribir Xitoyga murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi.

 

Monopoliyaning zaif tomonlari

Xitoy qanchalik kuchli ko‘rinmasin — muhim minerallar va texnologiyalarni yetkazib beruvchi yetakchi eksportchi sifatidagi pozitsiyasi ortida mamlakat o‘zini xalqaro talabga qaram qilib qo‘ygan. Aslida, Pekin ana shu qaramlikdan qutulishga intilmoqda. Lekin bu paytda butun dunyo bo‘ylab kuchayib borayotgan proteksionizm va milliy xavfsizlikka oid xavotirlar ishlab chiqarish zanjirlarini o‘zgartirmoqda. Bu esa ko‘p hollarda xitoylik yetkazib beruvchilardan voz kechishga olib kelmoqda. Bunday o‘zgarishlar mamlakat uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Bundan tashqari, Xitoyda yaqinlashib kelayotgan demografik inqiroz ham xavfni kuchaytiradi. Ishga layoqatli aholi soni qisqarmoqda, keksa aholining umumiy aholi soniga nisbati ortib borayotgan bir paytda, tug‘ilish darajasi esa o‘zini-o‘zi qayta tiklash chegarasidan ancha pastga tushib ketgan. Ishchi kuchi kamayishi natijasida daromad va iste’mol o‘sish sur’ati sekinlashishi mumkin — bu esa Xitoy hukumati o‘rnatishga harakat qilayotgan iste’molga asoslangan iqtisodiy o‘sish modelini izdan chiqarishi aniq.

Xitoydagi so‘nggi yillardagi ko‘chmas mulk bozoridagi voqealar bu vaziyatni yaxshilayotgani yo‘q. So‘nggi o‘n yilliklarda urbanizatsiya jarayoni, mahalliy hokimiyatlarning yer sotuviga bog‘liqligi va iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yuqori kutilmalar tufayli bu bozorda narxlar juda keskin oshgan. Shu bois uy-joy Xitoy oilalari uchun boylik to‘plashning asosiy vositasiga aylangandi.

Biroq talabning sustligi, taklifning ortiqcha ekani va yukori qarzdorlik fondagi ushbu bozorda narxlar pasayishi Xitoyda aholi boyligining kamayishi va iste’molchilar ishonchining so‘nishiga olib keldi. 2021 yildan beri ko‘chmas mulk narxlarining tushishi Xitoydagi oilalarning taxminan 3 trln yuan (424 mlrd dollar)lik iste’mol xarajatlaridan voz kechishiga sabab bo‘ldi. Bunga mehnat samaradorligining sekinlashishi va yoshlar o‘rtasidagi yuksak ishsizlik darajasini (16–24 yoshdagi yoshlar orasida taxminan 17,5 foiz) qo‘shsak, Xitoydagi o‘rta tabaqa mamlakat ehtiyoj sezayotgan iste’molchi poydevori va innovatsiya motoriga aylanishi juda qiyin bo‘ladi.

 

Xitoy uchun uchta tavsiyalar

Shunday qilib, Xitoy o‘z taraqqiyotida hal qiluvchi nuqtaga yetdi. U sanoat sohasida innovatsion va kam uglerodli iqtisodiyot mashinasini yaratdi, bu unga global darajada nol emissiyaga o‘tish jarayoni va boshlangan sun’iy intellekt inqilobini boshqarish imkonini beradi. Ammo bu «elektrodavlat» barqaror bo‘lishi uchun Pekin uchta tanlovsiz yo‘nalishda jiddiy yutuqlarga erishishi shart.

Birinchidan, ishlab chiqarish samaradorligi robotlar yoki zavodlar sonini oshirish hisobiga emas, balki doimiy innovatsiyalar, malakani oshirish, samarali boshqaruv va xizmatlar sohasini modernizatsiya qilish hisobiga ta’minlanishi kerak. Bu yerda ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari (ITTKI) faoliyati juda muhim: ITTKIga sarflarni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10 foizga oshirish sanoat samaradorligini 7 foizga ko‘tarishi mumkin.

Ikkinchidan, Xitoy iqtisodiyotini ichki talab tomon qayta muvozanatlashni jadallashtirishning ilg‘or usullarini topishi kerak. Bunda oilalar daromadi va farovonligini oshirish, iste’molchilar ishonchini mustahkamlash va yangi ish o‘rinlari yaratish muhim. Bu esa, masalan, keksalarni parvarishlash va sog‘liqni saqlash xizmatlarini rivojlantirish, ishchi kuchini sanoat va ko‘chmas mulk sohasidan iste’molga yo‘naltirilgan tarmoqlarga o‘tkazish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Uchinchidan, Xitoy tashqi qaramlikni oqilona boshqarishi kerak. Har qancha o‘zini-o‘zi ta’minlash kuchaytirilmasin, strategik sherikliklar, oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan savdo aloqalari va hamkorlikning shaffof qoidalari ham zarurligicha qoladi.

Kelajakda nima bo‘lishidan qat’i nazar, Xitoydagi o‘zgarishlar dunyo uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Uning ijobiy jihati shundaki, bu transformatsiya tiklanuvchi energiya narxini pasaytirmoqda, ekologik toza texnologiyalar mahsulotlari taklifini kengaytirmoqda va Osiyo hamda Afrikada yangi infratuzilma investitsiyalarini rag‘batlantirmoqda. Xitoy rivojlanayotgan davlatlarga issiqlik energiyasi tizimlaridan voz kechishga yordam berayotgan muhim o‘yinchiga aylandi.

Biroq «elektrodavlat» strategiyasi Xitoyga boshqa davlatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi kuchli vositalarni beradi. Buni so‘nggi paytlardagi nodir metalllar eksportiga qo‘yilgan cheklovlar yaqqol ko‘rsatdi. Pekin texnologiya va sanoatdagi muvaffaqiyatlari bilan doimo geosiyosiy nuqtayi nazardan baholanadi. U xomashyo va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish ustidagi nazoratni kuchaytirmoqda. Shuning uchun boshqa davlatlar qaror qabul qilishi kerak: Xitoy bilan hamkorlikni faollashtirish, ishlab chiqarish zanjirlarini diversifikatsiya qilish yoki Pekindan to‘liq qaramlikka tushish xavfini qabul qilish.

Hongkong va Osiyo-tinch okeani mintaqasi davlatlari uchun bu signal ochiq: arzon ishlab chiqarish davri tugadi, yangi taraqqiyot va farovonlik imkoniyatlari sun’iy intellekt, yashil infratuzilma va raqamli uskunalarda. Xitoy bu yangi iqtisodiyotda yetkazib beruvchi, ishlab chiqaruvchi va markaz bo‘lishni maqsad qilgan. Shuning uchun Osiyo mamlakatlari (va birgina ular emas) moslashishiga to‘g‘ri keladi: Xitoy bilan hamkorlik qilish, ehtimoliy zaif bo‘g‘inlarni sug‘urta qilish va o‘z sanoat modellarini qayta qurish.

Teglar

Mavzuga oid