
Afg‘oniston masalasi: BMT rezolyutsiyasi va Xalqaro Sud qarori fonida mamlakat atrofidagi mintaqaviy siyosat
10.07.2025 | 12:0087111
BMT Bosh Assambleyasi 8 iyul kuni «Tolibon» ning Afg‘onistondagi ayollar va qizlar huquqlarini cheklovchi siyosatini keskin tanqid qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni o‘z ichiga olgan 116 davlat qo‘llab-quvvatladi.
Rezolyutsiyada toliblardan ayollarning ta’lim olishi, mehnat qilishi va ijtimoiy hayotda ishtirok etishiga qo‘yilgan taqiqlarni bekor qilish, shuningdek, inson huquqlari himoyasi, so‘z erkinligi va gumanitar yordamdan foydalanishni ta’minlash talabi qo‘yilgan.
Hujjat Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzish, ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy ishlab chiqarilishi va inson huquqlarining buzilishiga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqiradi.
Rezolyutsiyaga nisbatan davlatlarning reaksiyasi turlicha bo‘ldi. Xususan,Tojikiston hukumati Afg‘onistondan kelgan qochqinlarga mamlakatni 15 kun ichida tark etishni buyurdi. Bu qaror hatto rasmiy yashash hujjatiga ega bo‘lgan shaxslarni ham qamrab olmoqda. So‘nggi haftalarda hukumat tomonidan reydlar kuchaytirilgan bo‘lib, har kuni o‘nlab afg‘on erkaklari hibsga olinmoqda. Ular ko‘pincha ish joyidan to‘satdan, oilasiga xabar berilmasdan olib ketilmoqda. Ushbu shaxslarning aksariyati uchinchi davlatlarga, jumladan, Kanadaga ko‘chib o‘tish bo‘yicha ariza javobini kutayotganlar bo‘lib, majburiy deportatsiya ularning hayoti, xavfsizligi va kelajak rejalari uchun jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.
Tojikistonda afg‘on qochqinlariga qarshi boshlangan kampaniya butun mintaqada bu guruhga nisbatan bosim kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, Eron va Pokiston ham so‘nggi oylarda afg‘onlarni ommaviy ravishda deportatsiya qilmoqda, deb xabar berdirasmiy agentlik.
Hozirda Tojikistonda 13 mingdan ortiq afg‘on istiqomat qilmoqda. Ular orasida sobiq hukumat xodimlari, harbiylar va amaldorlar ham bor. 2021 yilda Tolibon hokimiyatga kelgach, bu odamlar qatag‘onlardan qochib, qo‘shni davlatlarga, jumladan Tojikistonga boshpana izlab kelgan edi.
Endi ommaviy deportatsiyalar boshlangach, ularning yana xavf ostida qolayotgani haqida xavotirlar ortmoqda.
AQSH qarshi ovoz berdi, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eron betaraf qoldi.
XJSning «Tolibon» rahbarlarini hibsga olish bo‘yicha rasmiy orderi
Xalqaro jinoiy sud (XJS) «Tolibon» rahbarlari – Haybatulloh Oxundzoda va Abdulhakim Haqqoniyni hibsga olish bo‘yicha rasmiy order berdi. Ular ayollar va qizlarga nisbatan muntazam ta’qiblar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.
Bu tarixda ilk bor «Tolibon» rahbarlari xalqaro sud tomonidan ayollarni ta’qib qilish uchun javobgar, deya e’lon qilindi. Bu holat Tolibon rejimining qonuniyligi, hamda Afg‘onistonning dunyo bilan aloqalariga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
XJS ma’lumotiga ko‘ra, Oxundzoda va Haqqoniy ayollarni jinsiga qarab kamsitish, ularning huquqlarini buzish bo‘yicha bevosita buyruq bergan. Sud da’vosiga ko‘ra, jinoyatlar 2021 yil avgustidan (ya’ni Tolibon hokimiyatni olganidan keyin) 2025 yil yanvarigacha davom etgan.
Sudga ko‘ra, 2021 yil avgustidan 2025- yil yanvarigacha Tolibon rahbarlari quyidagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan:
- Ayollar va qizlarning o‘qishi va erkin harakatlanishini taqiqlash;
- Qiynoqlar, qotillik va kuch bilan yo‘q qilish;
- Ayollarni qo‘llagan yoki faqatgina qarshilik ko‘rsatmagan odamlarni jazolash.





