add

Dronlarning asosiy import markaziga aylanayotgan Markaziy Osiyo: bu qanday xavflarni yaratadi?

31.07.2025 | 18:3044137

Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi yillarda Turkiya, Xitoy, Eron va Rossiya davlatlari uchun dron bozorida «import markazi» ga aylandi. Ayrim mutaxassislar bu holat mintaqadan sanksiyalarni chetlab o‘tish hududi sifatida foydalanilayotganiga ishora qilishmoqda.

Dronlarning asosiy import markaziga aylanayotgan Markaziy Osiyo: bu qanday xavflarni yaratadi?
Nega Markaziy Osiyo dronlar uchun muhim markazga aylanyapti? Buning asosiy sababi mintaqa davlatlarida dronlarga bo‘lgan yuqori talabdir. Chunki dronlar mintaqa davlatlariga arzon, qulay va tezkor harbiy hamda fuqaroviy yechimlarni taklif qilmoqda. Sovet davridan qolgan eskirgan aviatsiya texnikalariga tayanib kelgan bu mamlakatlar ko‘p hollarda zamonaviy samolyotlar sotib olish yoki ularga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega emas. Bunday sharoitda dronlar ularga razvedka, kuzatuv, chegara xavfsizligini ta’minlash va hatto urushlarda foydalanish uchun muqobil vosita bo‘lib xizmat qilyapti. «Markaziy Osiyodagi beshta davlatdan faqat uchtasigina samolyotlar uchun zarur infratuzilma va resurslarga ega. Qolganlari asosan eski sovet vertolyotlariga tayanadi. Samolyotlar juda qimmat — ularni xarid qilish, saqlash va xizmat ko‘rsatish oson emas. Dronlar esa bu masalada yangi sahifa ochdi», deydi OXUS Society eksperti Maykl Hilliard. Ayniqsa, Turkiya, Xitoy, Rossiya va Eron kabi davlatlar bilan faol hamkorlik, bu texnologiyani nafaqat xarid qilish, balki uni yig‘ish va mahalliylashtirish imkoniyatini ham yaratmoqda. Masalan, O‘zbekiston Rossiyaning «Kelajak transporti» kompaniyasi bilan 100 mln dollarlik loyiha ustida ishlayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham o‘z hududida xorijiy dronlarni yig‘ishni rejalashtirgan yoki allaqachon boshlagan.

 

Qanday xavflar bor? Mutaxassislar Markaziy Osiyoda harbiy va fuqaro dronlarini ishlab chiqarish yoki yig‘ish ishlari sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun qulay imkon yaratayotganidan ogohlantirmoqda. Mintaqadagi davlatlarning deyarli hammasi xorijiy korxonalardan dron sotib olmoqda yoki mahalliy ishlab chiqarishda hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Xususan, Qozog‘iston Xitoyning Yesil Technology kompaniyasining agrodronlarni yig‘moqda. Shuningdek, Turkiyaning «Anka» dronlarini yig‘ishni 2024 yildan boshlashni rejalashtirgan edi, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra reja kechikyapti. O‘zbekiston ham Rossiyaning «Kelajak transporti» kompaniyasi bilan 100 million dollarlik dron ishlab chiqarish loyihasi ustida ishlayapti. Qirg‘iztonda esa Xitoyning Zhongtian ZhiControl zavodidan 11 million dollarlik dronlar xarid qilinmoqda. Tojikistonda Eronning Ababil-2 dronlari mavjud. Shahed dronlarining borligi esa rasman tasdiqlanmagan. Turkmanistonda ko‘proq mamlakat imiji uchun «Dronlar markazi» tashkil qilingan. Bunda ekspertlar quyidagi xavflar borligini ta’kidladi:
  • Mintaqa dronlar uchun «yakuniy yig‘ish» (final assembly) markaziga aylanishi mumkin.
  • Bu orqali ayrim davlatlar xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishi osonlashadi.
  • Bunday faoliyat xavfsizlik, siyosiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlikka tahdid solishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo dronlar ishlab chiqarish va tranzit bo‘yicha G‘arb, Rossiya va Xitoy o‘rtasida joylashgan siyosiy bufer hududga aylangan. Bu mintaqani «kulrang bozor» — ya’ni sezgir texnologiyalar nazoratsiz harakat qilishi mumkin bo‘lgan hudud sifatida ko‘rsatmoqda. Kelajakda dronlarga bo‘lgan talab yanada ortadi. Biroq mintaqa hali ham Xitoy, Rossiya va Eron kabi davlatlarning ehtiyot qismlariga qaram. Shu sababli, to‘liq mustaqil ishlab chiqarish imkoniyatlari cheklangan. Yana bir muhim jihat – Markaziy Osiyo davlatlari global dron bozoriga katta miqdorda mahsulot eksport qila olmaydi, chunki bu bozor allaqachon raqobatga to‘lib ketgan. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Dronlarning asosiy import markaziga aylanayotgan Markaziy Osiyo: bu qanday xavflarni yaratadi? | Vaqt.uz