
Hafta dayjesti: «Uch qahramon»dagi yong‘in, «Bunyodkor» chimini toptagan konsert va g‘azoliklarga yordam haqida farmon
17.08.2025 | 23:0035925
Hafta davomida O‘zbekiston va dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni Vaqt.uzʼda yana bir esga olamiz.

Videoni Youtubeʼda tomosha qiling:
👉https://youtu.be/aYC1LrGRdDA
So‘nggi hafta ichida dunyo va mamlakatimizda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz. «Uch qahramon» bozoridagi yong‘in, subsidiya o‘rniga foizsiz ssuda, «Bunyodkor» stadionidagi konsert oqibatlari hamda «Afrosiyob» poyezdiga qarshi qo‘poruvchilik uchun jazo va boshqa voqealar shular jumlasidandir.
«Uch qahramon» bozorida ro‘y bergan yong‘in
Toshkent tumanining poytaxt bilan chegaradosh hududida joylashgan «Uch qahramon» bozorida ro‘y bergan yong‘in haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri bo‘ldi.
Keng ko‘lamli yong‘in bozorda 11 avgust tonggi soat 02:20 larda sodir bo‘ldi. Olov 03:24 da qurshab olingan va 04:46 da to‘liq o‘chirilgani ma’lum qilindi.
Bozorning umumiy do‘konlar qurilgan maydoni 20 ming metr kv. bo‘lib, 8 ming metr kv. maydondagi 181 ta do‘kon yonib, tadbirkorlarga 74 mlrd so‘mlik moddiy zarar yetgan. Garchi, yong‘inga elektr simlari nosozligi sabab bo‘lgani aytilayotgan bo‘lsa-da, aholi va tadbirkorlar o‘rtasida do‘konlarga ataylab o‘t qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida taxminlarni ilgari surishdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 martdan boshlab bozor o‘rnida metropoliten uchun infratuzilma qurilishi boshlanadi.
Zarar ko‘rgan tadbirkorlar taqdir hukmiga tashlab qo‘yilgani yo‘q. 14 avgust kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bozorga tashrif buyurib, tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ularning 165 nafariga savdo faoliyati olib borishi uchun vaqtincha joy ajratildi. Hozircha ular ko‘rgan zarar qoplab berilish-berilmasligi haqida aniq gap aytilganicha yo‘q.
AI-92 benzini narxi pasaydimi yo oshdi?
Hafta ichida «O‘zbekneftgaz» AI-92 benzini narxi pasaygani haqida yolg‘on axborot tarqatdi: go‘yoki birja savdosiga benzinning bir tonnasi narxi 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushirilgani e’lon qilindi.
Biroq «O‘zbekneftgaz» so‘nggi marta 2024 yilning 18 oktyabrida AI-92 benzini 11 mln 538 ming so‘mdan sotilishini e’lon qilgan. O‘tgan 9 oy davomida esa birjaga chiqarilayotgan benzin narxi o‘zgargani borasida hech qanday ma’lumot bermagan.
Agar 2024 yilgi ma’lumotga tayanadigan bo‘lsak, benzin narxi qariyb 10 foizga ko‘tarilgan.
- Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlarida benzin narxi qancha? Qozog‘iston: 4758–5061 so‘m Qirg‘iziston: 10 200 so‘m Turkmaniston: 5451 so‘m Tojikiston: 12 925 so‘m O‘zbekiston: 10 500 so‘mdan 11 300 so‘mgacha.





