add

Qattiq betob bo‘lgan Mubashshir Ahmad, 3 mln so‘m bo‘lgan «prava» va qirg‘iz-tojikni murosaga keltirgan Mirziyoyev — 7-yanvar dayjesti

07.01.2026 | 22:014 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qattiq betob bo‘lgan Mubashshir Ahmad, 3 mln so‘m bo‘lgan «prava» va qirg‘iz-tojikni murosaga keltirgan Mirziyoyev — 7-yanvar dayjesti

Yagona imtihon markazida «prava» olish uchun imtihon narxi 50 foizga oshgani aytilmoqda

O‘zbekistondagi Yagona imtihon markazlarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon narxlari 50 foizga oshirildi. Ushbu o‘zgarish kompaniya veb-saytida joylashtirilgan Ommaviy ofertada qayd etilgan hamda 6-yanvardan boshlab kuchga kirgan.

Endi birinchi marta nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish narxi har biri uchun 1,5 mln so‘mni tashkil etadi. Umumiy narx — 3 mln so‘m. Nazariy va amaliy imtihonlarni qayta topshirish uchun esa to‘lov har biri 1,6 mln so‘mdan etib belgilandi.

«-iston hammamizda bor»: Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston va Tojikistonni qanday ogohlantirgani aytildi

Qirg‘izistonda Sadir Japarovning prezidentlik faoliyatiga bag‘ishlangan «Prezident» hujjatli filmi namoyish etildi. Unda Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyodagi ziddiyatlarni hal qilishdagi roli va qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan bo‘lgan yopiq muloqotlari tafsilotlari ochiqlandi. Xususan, O‘zbekiston yetakchisi qirg‘iz-tojik chegarasidagi nizolar butun mintaqa imijiga salbiy ta’sir qilishini ta’kidlagan.

«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev doim aytib yurdi: qirg‘izlar bilan tojiklar sizlar kelishinglar, bundoq chegaradagi nizolarni to‘xtatinglar, agar sizlarda nizo bo‘laversa bizga hech qanday investor kelmaydi, turist kelmaydi. -iston degan so‘z hammamizda bor, ular tushunmaydi Qirg‘izistonmi, Tojikistonmi, O‘zbekistonmi yo Qozog‘iston. -iston degandan so‘ng bizga hech kim kelmaydi, sizlar bunday yaqinlashinglar, deb aytib yurdi-da», - dedi Kulubayev.

Shuningdek, film davomida o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlashtirishdagi muzokaralar haqida ham so‘z ketgan. Japarov chegara masalalarini urush-janjal bilan emas, o‘tirib suhbatlashib, teng huquqlilik asosida, do‘stona hal qilinganiga alohida e’tibor qaratgan. «Birinchi yili, 2021 yil mart oyida – aprel bo‘lishi kerak [aslida 11–12-mart kunlari bo‘lgan]– O‘zbekistonga borganimda, birdan kelishib qoldik-da. «Bismillah» deb, yulduzimiz kelishib qoldi, gaplashib oldik, chegara muammosini hal qilib oldik», - dedi Sadir Japarov.

«Mubashshir Ahmad sog‘lig‘idagi muammo tufayli jazoni o‘tay olmaydi» – advokat

Diniy ulamo Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning advokatlari uning Navoiydagi jazoni ijro etish koloniyasidagi ahvoli kritik darajada ekanini ma’lum qildi. Himoyachilarning so‘zlariga ko‘ra, Tursunov qandli diabetning II tipi, qon bosimi va buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda, biroq shunga qaramay u g‘isht zavodida 16 soatlab majburiy mehnatga jalb etilmoqda. Advokat Abdulloh Sodiqning ta’kidlashicha, mahbusning oyoqlari shishib, yaralar paydo bo‘lgan va gangrena xavfi tug‘ilgan, ammo unga lozim bo‘lgan tibbiy muolajalar berilmayapti.

Advokatlar IIV Jazoni ijro etish departamenti tomonidan taqdim etilgan "ambulator davolandi" mazmunidagi ma’lumotlarni inkor etib, Tursunov amalda dori-darmon va dam olish huquqidan mahrum etilganini bildirishdi. Shuningdek, ulamo 2026 yil mart oyida manzil-koloniyaga o‘tkazilishi kerak bo‘lsa-da, unga nisbatan sun’iy ravishda qoidabuzarliklar rasmiylashtirilishi va tazyiqlar o‘tkazilishidan xavotir bildirgan. Hozirda advokatlar guruhi mahbusning sog‘lig‘i sababli jazodan ozod etilishini so‘rab, yuqori turuvchi idoralarga murojaat qilgan.

Markaziy bank: «Humans» ishi bo‘yicha tekshiruv hujjatlar IIBBga topshirildi

Markaziy bank «Humans» ilovasi orqali foydalanuvchilarning bank kartalaridan ruxsatsiz pul yechib olingani bilan bog‘liq tekshiruvlarni yakunladi. Regulyator tomonidan to‘plangan barcha hujjatlar va o‘tkazilgan o‘rganish natijalari huquqiy baho berish uchun Toshkent shahar IIBBga topshirildi. Eslatib o‘tamiz, ushbu holat 2025 yil dekabr oyida sodir bo‘lgan va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida «Humans»ga xizmat ko‘rsatuvchi «Octogram» to‘lov tashkilotining P2P amaliyotlari vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Markaziy bank tuzgan maxsus ishchi guruh to‘lov tashkilotida xavfsizlik talablariga rioya etilishi va tizimdagi ehtimoliy zaifliklarni sinchiklab o‘rganib chiqqan. Hozirda ichki ishlar idoralari ushbu materiallar asosida surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Markaziy bank jabrlangan fuqarolardan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni so‘rab, moliyaviy xizmatlar xavfsizligi doimiy nazoratda ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Mahallalar jinoyatchilik holatiga qarab rahbarlarga biriktiriladi

O‘zbekistonda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Prezident qaroriga ko‘ra, endilikda mahallalarning kriminogen holatiga qarab yuqori lavozimli rahbarlar shaxsan javobgar etib belgilandi. Xususan, vaziyati eng og‘ir bo‘lgan «qizil» mahallalar hokimlar, prokurorlar va IIB boshliqlariga, surunkali «qizil» toifadagilari esa Milliy gvardiya va viloyat rahbarlariga biriktirildi.

Tizimga zamonaviy texnologiyalar ham faol tatbiq etilmoqda: nizoli oilalar bilan ishlash uchun «E-nizoli oila» moduli va fuqarolarning profilaktika inspektorlari bilan tezkor aloqasini ta’minlovchi «Mening inspektorim» mobil ilovasi ishga tushiriladi. Endilikda ichki ishlar xodimlari murojaatlarni hududidan qat’i nazar planshetlar orqali qabul qiladi, bu esa jinoyatlarga tezkor munosabat bildirish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid