
Rossiya Davlat Dumasi internetga pasport bilan kirishni muhokama qilmoqda
Rossiyada internetda anonimlikni to‘liq bekor qilish tashabbusi ko‘tarildi. Davlat dumasida bu qadam «toza va qonuniy internet» yaratish bilan izohlanmoqda.

Rossiya Davlat dumasida internetdan anonim foydalanishni to‘liq taqiqlash taklif etildi. Axborot siyosati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Svinsov internet va ijtimoiy tarmoqlarga kirish faqat pasport orqali amalga oshirilishi kerakligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chora «anonim kontent», botlar, bot fermalari va neyrotarmoqlar orqali ommaviy axborot tarqatishga chek qo‘yishga qaratilgan.
Deputat TASS agentligiga bergan izohida har bir post va har bir akkaunt ortida aniq identifikatsiya qilinadigan real shaxs bo‘lishi shartligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu yo‘l bilan manipulyatsiya, bulling, firibgarlik va internetdagi jinoyatlarning oldi olinadi.
Svinsov ushbu tashabbusni amalga oshirish «juda oson» ekanini aytib, bunda alohida «adolatli, toza va legal internet to‘g‘risida» federal qonun qabul qilinishi mumkinligini bildirdi.
Yosh va nazorat
Deputat bunday pozitsiyani ilgari ham bildirgan. U Qozog‘istonda bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bo‘yicha qonun loyihalari ishlab chiqilayotganini izohlar ekan, Rossiyada ham qat’iy yosh cheklovlari joriy etilishi lozimligini aytgan. Uning taklifiga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish to‘liq taqiqlanishi, 14–16 yoshda esa jiddiy cheklovlar qo‘yilishi kerak.
Bu cheklovlar tibbiy mutaxassislar va ota-onalar jamoatchiligi bilan birgalikda ishlab chiqilishi lozimligi ta’kidlangan. Svinsov bolalar psixikasi va axborot xavfsizligini asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatdi.
Mutaxassislar esa bunday choralar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etmoqda.
Nazorat kuchayishi
Avvalroq ekspertlar Rossiyada internetga pasport orqali kirish tizimi joriy etilishi mumkinligini taxmin qilgan edi. Bu jarayonda foydalanuvchilarni tekshirish uchun «Gosuslugi» (Davlat xizmatlari) platformasidan foydalanish ehtimoli aytilgan. Rasmiy izohlarda bunday choralar bolalarni himoya qilish va botlarga qarshi kurash bilan asoslanishi mumkin.
Shu bilan birga, mamlakatda internet trafigi ustidan nazorat allaqachon kuchaytirilmoqda. Dron hujumlari paytida mobil internetning o‘chirilishi amaliyoti kengaydi, «Roskomnadzor» esa trafikni bloklash va kuzatish infratuzilmasini rivojlantirmoqda.
2025 yil noyabridan esa ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va boshqa yirik platformalar foydalanuvchilar faoliyati haqidagi ma’lumotlarni uch yil saqlash va kuch ishlatar idoralar talabiga ko‘ra taqdim etish majburiyatini olgan.





