add

Sertifikatsiz chet tili o‘qituvchilari taqdiri nima bo‘ladi? — Munozara

15.08.2025 | 19:00504316

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining sertifikatsiz chet tili o‘qituvchilarining noroziliklari yuzasidan kiritgan murojaatnomasiga javob yo‘lladi.

Sertifikatsiz chet tili o‘qituvchilari taqdiri nima bo‘ladi? — Munozara
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi 2025 yil 31 iyul kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Unda B2 darajadagi til sertifikatiga ega bo‘lmagan chet tili o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatmaslik so‘ralgan bo‘lib, Kasaba uyushmasi vazirlikni 11 avgustga qadar tegishli choralarni ko‘rishga chaqirgan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-son qarori 9-bandida 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan. Ammo ushbu qarorda mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan. Ammo jamoat faoli Komil Jalilovning fikricha, «Bu talab mohiyatidan kelib chiqilsa, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikati bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchisi maktabda dars bera olmasligi kerak, aks holda, qarorga «sertifikatga ega bo‘lishi lozim», degan talabni kiritishdan mantiq yo‘q edi». Kasaba uyushmasining qayd etishicha, vazirlikka murojaat qilishga pedagoglar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmaganligi tufayli bekor qilinishidan norozilik bildirilgan murojaatlar kelib tushayotgani sabab bo‘lgan. Kasaba uyushmasi vazirlikka ushbu masala bo‘yicha takliflar tayyorlashni, til sertifikati bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilarini ishdan bo‘shatish bo‘yicha ko‘rsatma berayotgan ish beruvchilarga intizomiy chora ko‘rishni, xorijiy tillar yo‘nalishida dars berayotgan o‘qituvchilarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlashni so‘radi. Shuningdek, ta’kidlanishicha, til sertifikatlariga ega bo‘lish shartligi qarorga asosiy emas, balki qo‘shimcha talab sifatida kiritilgan. Bundan tashqari, kasaba uyushmasi bakalavr diplomiga ega bo‘lgan pedagoglar to‘liq mehnat qilish huquqiga ega ekanligini asoslovchi normativ-huquqiy hujjatlarni ham keltirib o‘tdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining ushbu murojaatiga javob xati yo‘llab, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlariga joriy o‘quv yilidan boshlab xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi kamida B2 darajadagi millik yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma berilmaganligini ma’lum qildi. Vazirlikning izoh berishicha, Mehnat kodeksining 10-moddasiga ko‘ra, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
«Mazkur kodeksning 19-moddasida, xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning sub’ektlari ekanligi belgilangan. Shunga muvofiq, Mehnat kodeksida, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish hamda bekor qilish bevosita yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning sub’ektlari o‘rtasida hal etilishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunining 23-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ta’lim sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi» deb ma’lum qildi «Xalq ta’limi info» nashri.
Jamoat faoli Komil Jalilovga ko‘ra, vazirlik, odatdagiday, javobgarlikdan qochib, bu paradoksni hal qilish mas’uliyatini ish beruvchiga — maktabga «yuklab qo‘ya qolgan».
«Vazirlikning Kengashga javob xatida «mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish mehnat munosabatlari sub’ektlari (ya’ni, ish beruvchi-ta’lim muassasasi va xodim-pedagog) o‘rtasida hal qilinishi lozim», deyilgan. Ya’ni, B2 sertifikati yo‘q o‘qituvchini ishdan bo‘shatsa, Mehnat Kodeksini buzgani uchun, ishdan bo‘shatmasa — 312-son qarorni bajarmagani uchun maktab aybdor bo‘ladi. Vazirlik esa chetda tomoshabin. Ajoyib pozitsiya, shunday emasmi?» — deydi u.
Ya’ni, bu yerda o‘qituvchini ishda olib qolish yoki bo‘shatish maktabning ichki masalasiga aylanmoqda. «Xalq Ta’limi info» nashrining izoh qismida Orzumurod Gadoymurod o‘g‘li vazirlikning munosabatiga quyidagicha munosabat bildirgan:
«Aniq gap aytmaydi ular ham, chaynaladi. Mehnat shartnomasi bekor qilinmasa ham ishdan bo‘shatmay yo dars berishmayapti yo kam dars beryapti hozir. Aniq gap aytolmaydi yoxud aniq ishga tushira olmaydi qarorni... Maktabga yuklash — korrupsiya paydo bo‘ladi, degani», deydi u.
Qaror chet tili o‘qituvchilari orasida turli xil fikrlar vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan bir toifa, o‘qituvchidan sertifikat so‘ralishining hech qanday zarari yo‘qligini, aksincha, bu pedagogni ko‘proq o‘z ustida ishlashga undashini ta’minlashini yozgan. Xususan, San’at Jumamuradov shunday yozadi:
«Men shuni tushundimki, shuncha yillardan beri maktabda dars berib,o‘z ustida umuman ishlamagan,bilimnini oshirmagan pedagoglar bu qarorga qarshi bo‘lmoqda. Agar mana shu pedagoglar chindan ham bolalarni o‘qitish uchun o‘z ustilarida ishlaganida B2 darajasini olish umuman muammo bo‘lmas edi. 11-sinf «Prepare» darsligini mukammal bilish ham B2 darajasini olishga yetarli».
Yana bir toifa «agar o‘qituvchidan sertifikat shunchalik qat’iy talab qilinar ekan, universitetda 4 yil o‘qib, diplom olishdan nima ma’no bor?» — deb savol qo‘ygan. San’at Jumamurodov bundaylarga qarata shunday xitob qilgan:
«Diplomni bahona qilayotganlarga bitta e’tiroz: o‘zingizni bilmaganlikka olmang. Kursdoshlarimiz orasida umuman ingliz tilida gapira olmaydiganlarni, yoza olmaydiganlari va hatto grammatikani tushunmaydiganlari bo‘lgan. 4 yil hech narsa o‘rganmasdan bitirgan talabalar son mingta. Diplomi bor, degani bilimli, degani emas. Oliygohni har xil odam bitiradi. Sertifikat shularni saralash va munosiblar ishlashi uchun kerak. Metodikasi zo‘r lekin sertifikati yo‘qlar masalasiga kelsak, tilni yuqori darajasida bilmaydigan o‘qituvchi qandaydir metodikani qoyillatib qo‘yadi, deb o‘ylamayman. Bahona topgandan ko‘ra, harakatingizni qiling. Shuncha paytdan beri 506 ming so‘m sertifikat uchun topilmaganiga ishonmayman. Buncha pulni boshqa narsalarga talay marotaba sarflagansizlar. Darslik masalasiga kelsak, darsliklar hech qanaqasiga qimmat emas. Men «Solutions» darsligining yuqori va o‘rta darajasidagi kitoblarining yarmigacha ko‘rib chiqish bilan B2 olganman. Bu muammo emas. Muammo o‘zlaringizda», — deya fikr bildirdi.
Ammo boshqa toifa o‘qituvchidan sertifikat so‘rash ortiqcha xarajat ekanligini, pedagog buning uchun pul sarflab, muntazam kursga borishi kerakligini ta’kidlagan:
«Nega hammaga bir xil talab qo‘yilmaydi? Qani konstitutsiyadagi teng xuquqlik? Bizni xozirgi talablar bo‘yicha o‘qitishmagan-ku?.. Qo‘shimcha o‘zim o‘qidim, qaror chiqqandan beri halovat yo‘q, kurslarga bordim, onlayn kurslar sotib oldim, lekin yosh o‘tgandan keyin xotira pand beradi ekan, o‘qigan manbalarim esdan chiqib ketyapti. May oyi imtihonga kirib chiqdim, unchalik qiyin emas, yaxshi tayyorlanib olsa bo‘ladi, faqat sog‘lik, mablag‘ bo‘lib tursa... B1 chiqib qoldi, yozish va gapirish mahorati pastroq chiqib qoldi, yanvargacha muhlat berilsa, yana tayyorlanib, harakat qilmoqchiman. Hammaning sharoiti xar xil bo‘ladi, ba’zida sog‘lik pand beradi, ba’zida mablag‘, ba’zida esa oilaviy masalalar», — deydi o‘qituvchilardan biri.
Mavzuni yanada chuqurroq tahlil qilish maqsadida respublika miqyosida sertifikati bor o‘qituvchilar necha foizni tashkil qilishi savoli bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qo‘ng‘iroq qilidik, lekin ular bilan bog‘lana olmadik. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Sertifikatsiz chet tili o‘qituvchilari taqdiri nima bo‘ladi? — Munozara | Vaqt.uz