1,4 mlrd dollarlik hamkorlik: O‘zbekiston va Germaniya munosabatlari tahlili
O‘zbekiston–Germaniya tashqi savdosi 8 yil davomida 2 baravarga o‘sdi. Importda yuqori texnologiyali mahsulotlar, eksportda esa xizmatlar va tayyor mahsulotlar ustunlik qilmoqda.
© Foto: Prezident matbuot xizmati17-18-iyun kunlari Germaniya Federativ Respublikasining Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer biznes delegatsiyasi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning tashrifi Toshkentda beshinchi bor o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi bilan bir vaqtda tashkil etildi.
Forumda mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlar bilan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Shu o‘rinda, Vaqt.uz O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasining so‘nggi 3 oyligini tahlil qildi.
Savdo aylanmasi 2 barobarga o‘sdi
Ctatistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 411 mln 600 dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 mln 200 dollarga oshgan.
Tashqi savdo aylanmasida eksport 52 mln 400 dollarni, import esa 359 mln 2 dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston va Germaniya bilan savdoda import ustunligi saqlanib qolmoqda. Biroq bu holatni faqat savdo balansidagi farq sifatida ko‘rish to‘g‘ri emas. Chunki Germaniyadan import qilinayotgan mahsulotlarning katta qismi sanoat uskunalari, texnalogik jihozlar, transport vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
2017-2025- yillar davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ham sezilarli darajada oshdi. 8 yil davomida savdo aylanmasi 2,3 baravarga o‘sib, 1,4 mlrd AQSH dollariga yetdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotganini va Germaniya O‘zbekistonning muhim savdo sherigi ekanini ko‘rsatadi.
So‘nggi 8 yil davomida savdo tarkibida eksport hajmi 4,5 baravar oshib, 145 mln 600 dollarga yetdi. Eksport tarkibida eng katta ulushni xizmatlar bo‘limi tashkil etib, u 36 foizga teng bo‘ldi. Shuningdek, eng kam ulushni nooziq-ovqat mahsulotlari 2 foiz bilan egallagan.


Manba: Vaqt.uz
Shu davrda import esa 2,2 baravar ko‘payib, 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Importning asosiy qismi transport vositalariga to‘g‘ri kelib uning hajmi 56 foizga yetgan. Bundan tashqari, kimyo mahsulotlari 17 foiz, xizmatlar 10 foiz, sanoat tovarlari 5 foiz, tayyor mahsulotlar 4 foiz hamda oziq-ovqat mahsulotlari 3 foiz ulushga ega bo‘ldi.


Manba: Vaqt.uz
Bu ko‘rsatkichlar Germaniyadan asosan yuqori texnologiyali va sanoat ishlab chiqarishiga zarur bo‘lgan mahsulotlar import qilinayotganini, eksportda esa xizmatlar va tayyor mahsulotlar ustunlik qilayotganini ko‘rsatadi.
Investitsiya va biznes
2025 yilda Germaniyadan jalb qilingan umumiy xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 983 mln 500 dollarini tashkil etdi. Joriy yilning yanvar-mart oylari hisobida esa ularning hajmi 205 mln 300 dollarga yetdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Germaniya kapitali ishtirokida 244 ta korxona tashkil qilindi. Shulardan 111 tasi qo‘shma korxona va 133 tasi Germaniya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalardir. Korxonalar soni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 taga ko‘paygan. Korxonalarning katta qismi esa Toshkent shahrida joylashgan.
Turizm
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki turizm sohasida ham rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 10 ming 989 nafar Germaniya fuqarosi tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,9 foizga ko‘p. O‘zbekistondan Germaniyaga esa 2 ming 981 nafar fuqaro sayohat qilish maqsadida borgan.
Ta’lim
Ta’lim sohasidagi hamkorlik ham kengayib bormoqda. Germaniyadan 190 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonga Germaniyadan 42 nafar talaba kelgan. Bu ko‘rsatkichlar ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar aloqalar rivojlanayotganini bildiradi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi cavdo aylanmasi va investitsiya hajmining ortishi, qo‘shma korxonalar sonining ko‘payishi hamda turizm va ta’limdagi faollik ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar amaliy natijalar berayotganini ko‘rsatadi. Yirik investitsiya forumlari va yuqori darajadagi tashriflar esa hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.





