Logo

2026 yilda quyosh panellari o‘rnatish o‘zini oqlaydimi?

Бугун 13:556 дақиқа

Elektr energiyasi tariflari oshgan bir paytda quyosh panellariga qiziqish yanada kuchaydi. Biroq bugun 30–70 million so‘m sarflab o‘rnatilgan infratuzilma qancha daromad keltiradi va investitsiya qachon o‘zini qoplaydi? Vaqt.uz ushbu holatni mavjud imtiyozlar va hisob-kitoblar asosida tahlil qildi.

2026 yilda quyosh panellari o‘rnatish o‘zini oqlaydimi? © BMT taraqqiyot dasturi

O‘zbekistonda quyosh panellarini o‘rnatish elektr xarajatlarini kamaytirishning eng yaxshi yechimlaridan biriga aylandi. Iyun oyidan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi tariflari oshirildi. Bu esa, o‘z navbatida, xonadonlarda quyosh panellarini o‘rnatishga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirmoqda. Ammo uni o‘rnatish hali ham bir necha o‘n million so‘mlik investitsiyani talab qiladi. Xo‘sh, 2026 yilda quyosh panellarini o‘rnatish orqali qanchalik daromad olish mumkin? Sarflangan investitsiya qachon o‘zini oqlaydi?

Quyosh panellarini o‘rnatish narxi qancha?

Quyosh panelini o‘rnatish qiymati tizim quvvati, uskunalar sifati va qo‘shimcha jihozlarga qarab belgilanadi. Shu bois yakuniy narx har bir xonadon yoki obyektning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojiga qarab o‘zgaradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida quyosh fotoelektr stansiyalarini «tayyor holda topshirish»  asosida o‘rnatish bo‘yicha o‘rtacha narxlar turlicha shakllangan.

1

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston sharoitida 1 kWh quvvatga ega quyosh fotoelektrik tizimi yiliga o‘rtacha 1 ming 350 – 1 ming 650 kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Bozordagi narxlarga ko‘ra, 1 kWh quvvatli elektr tarmog‘iga ulangan «on-grid» tizimni o‘rnatish o‘rtacha 4–4,5 million so‘mni tashkil etadi. Akkumulator bilan ishlaydigan gibrid va mustaqil «off-grid» tizimlarning qiymati esa 6–7 million so‘m atrofida baholanmoqda. Ushbu narxlar quyosh panellari, invertor, kabellar va montaj ishlarini ham o‘z ichiga oladi.

Amaliyotda xonadon egalari orasida 5 kWh quvvatli tizimlarga talab yuqori. U o‘rtacha 4–6 kishilik oilaning elektr ehtiyojini qoplay oladi. Konditsioner, suv nasosi, kir yuvish mashinasi, televizor va boshqa maishiy texnikalardan muntazam foydalanadigan xonadonlar uchun aynan shu quvvat tavsiya etiladi.

Bunday quvvatni o‘rnatish:

●      on-grid tizimida 20–25 million so‘m;

●      gibrid tizim esa 30–35 million so‘mga tushadi.

Elektr iste’moli yuqori bo‘lgan hamda tarmoqqa ko‘proq tok sotib daromad olishni ko‘zlagan xonadonlar uchun 10 kWh quvvatli stansiyalar mos bo‘lib narxlar 2 xil ko‘rinishda shakllanadi:

●      on-Grid. 10 kWh quvvatli akkumulatorsiz tizimi bo‘lib, uning narxi o‘rtacha 40-45 million so‘mni tashkil etadi.

●      gibrid. 10 akkumulatorli tizimlar bo‘lib, ularning standart to‘plamlari 60–70 million so‘m atrofida sotilmoqda. Biroq, litiy-temir-fosfat batareyalari hamda mustahkam profil romli konstruksiyalar tanlansa, uning qiymati 85–90 million so‘mga yetishi ham mumkin.

Kredit stavkalari qanday?

Quyosh panelini o‘rnatish uchun 20–70 million so‘m, ayrim hollarda undan ham ko‘proq mablag‘ talab etiladi. Bunday investitsiyani har bir xonadon yoki tadbirkor bir yo‘la amalga oshira olmasligi mumkin. Shu sababli, tijorat banklari tomonidan maxsus «Yashil makon»   kabi kreditlar taklif etilmoqda.

2

Vaqt.uz tahliliga ko‘ra, bugungi kunda 14 ta tijorat banki quyosh panellari va ular bilan bog‘liq uskunalarni xarid qilish uchun kredit ajratmoqda. Kredit miqdori banklarga qarab 50 million so‘mdan 206 million so‘mgacha, ayrim hollarda esa undan ham yuqori summani tashkil etadi. Kreditlar odatda 3 yildan 5 yilgacha muddatga beriladi.

Foiz stavkalari ham banklarga qarab farqlanadi. Eng qulay taklif 19 foiz bilan Orient Finans Bank tomonidan taqdim etilgan. Aksariyat banklarda esa kreditlar stavkasi 20 foizni tashkil etgan. Shuningdek, O‘zmilliybankda 22 foiz Kapitalbank esa 24 foiz etib belgilangan.

Bundan tashqari, ayrim banklar mijozlarga dastlabki 6 oy davomida faqat foiz to‘lovlarini amalga oshirish imkoniyatini ham taqdim etmoqda. Bu esa quyosh paneli ishga tushgach, elektr xarajatlaridan tejaladigan mablag‘ va subsidiya hisobiga kredit to‘lovlarini qoplashni nisbatan yengillashtiradi.

Qanday imtiyoz va subsidiyalar mavjud?

«Quyoshli xonadon»  dasturi doirasida yagona elektr tarmog‘iga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1 000 (ming) so‘m subsidiya to‘lanadi. Mablag‘lar Soliq qo‘mitasining mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank kartalariga o‘tkaziladi. Ushbu daromad jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan ham ozod qilingan.

Quyosh fotoelektr stansiyasini o‘z mablag‘i hisobidan xarid qilgan fuqarolar xarajatlarning bir qismini qoplash uchun BHMning 20 baravarigacha, ya’ni 6,8 million so‘mgacha (2 kWh va undan yuqori) bir martalik kompensatsiya olishi mumkin.

Bundan tashqari, xonadonlarda quyosh panelleri egallagan hududlarga nisbatan yer va mol-mulk solig‘i hisoblanmaydi. Bu tartib 3 yil davomida amal qilib, agar tizim akkumulator bilan jihozlangan bo‘lsa, ushbu imtiyoz muddati 10 yilgacha uzaytiriladi.

Quyosh panelidan oyiga qancha daromad olish mumkin?

Quyosh panelining iqtisodiy foydasi nafaqat elektr energiya xarajatlarini kamaytiradi, balki xonadon ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini sotib daromad qiladi. Vaqt.uz 5  kWh va 10  kWh quyosh panellaridan o‘rtacha  qancha foyda olish mumkinligini o‘rgandi.

O‘zbekiston sharoitida 5 kWh quvvatli quyosh fotoelektr tizimi yiliga o‘rtacha 7 ming 500 kWh oyiga esa 625 kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. 10 kWh quvvatli tizim esa yiliga 15 ming kWh oyiga o‘rtacha 1 ming 250 kWh elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin.

Masalan, bir xonadon oyiga 450 kWh elektr energiyasi iste’mol qilsa, 5 kWh quvvatli tizim ishlab chiqargan elektrning asosiy qismi uy ehtiyojini qoplaydi, taxminan 175 kWh elektr esa ortiqcha qoladi. Bu hajm elektr tarmog‘iga uzatilganda oyiga 175 ming so‘m subsidiya olinadi. Bundan tashqari, xonadon elektr energiyasini tarmoqdan kamroq xarid qilgani hisobiga o‘rtacha 400–500 ming so‘m mablag‘ni ham tejaydi.

Natijada 5 kWh quvvatli quyosh paneli xonadonga oyiga o‘rtacha 600–700 ming so‘m, yiliga esa 7–8 million so‘m iqtisodiy foyda keltirishi mumkin.

10 kWh quvvatli tizimda esa ishlab chiqariladigan elektr energiyasi ikki baravar ko‘p bo‘lgani sababli, elektr iste’moli o‘rtacha bo‘lgan xonadonlarda ortiqcha energiya hajmi ham ortadi. Bunday holatda elektr xarajatlaridan tejaladigan mablag‘ va subsidiya hisobiga oyiga 1–1,5 million so‘m, yiliga esa 12–18 million so‘mgacha iqtisodiy foyda olish mumkin.

Biroq amalda olinadigan daromad xonadonning elektr iste’moli, tizim quvvati, hududning quyoshli kunlari soni va mavsumga qarab o‘zgaradi. Yoz oylarida elektr ishlab chiqarish ko‘proq bo‘lgani sababli ortiqcha energiya va subsidiya hajmi ham yuqori bo‘ladi. Qish mavsumida esa bu ko‘rsatkichlar nisbatan kamayadi.

Kredit hisobida. Bugungi kunda ko‘plab fuqarolar quyosh panellarini tijorat banklarining 19–24 foiz stavkadagi imtiyozli kreditlari hisobidan xarid qilmoqda. Ayrim banklar esa dastlabki 6 oy davomida faqat foiz to‘lovlarini amalga oshirish imkoniyatini ham taklif etadi.

Masalan, 30 million so‘mlik 5 kWh quyosh paneli kredit hisobidan xarid qilinganda, tizim oyiga o‘rtacha 600–700 ming so‘m iqtisodiy foyda keltirishi mumkin. Biroq kreditning dastlabki yillarida ushbu mablag‘ning bir qismi oylik kredit to‘lovlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Ya’ni, quyosh panelidan olinadigan foyda darhol sof daromadga aylanmaydi.

Kredit muddati tugagach esa vaziyat o‘zgaradi. Amaldagi elektr energiyasi tariflari va «Quyoshli xonadon» dasturi doirasidagi subsidiya to‘lovlari hisobga olinsa, 5 kWh quvvatli quyosh paneli tizimiga kiritilgan investitsiya o‘rtacha 4-5 yil ichida o‘zini oqlaydi.

Agar 10 KWh lik stansiya faqat tarmoqqa energiya sotishga sozlansa, o‘zini qoplash muddati taxminan 24−30 oyni (2-2.5 yil) tashkil qiladi.

Ammo gibrid tizimda energiyaning bir qismi shaxsiy ehtiyojlar (konditsioner, maishiy texnika) uchun yo‘naltirilganda, tarmoqqa sof sotuv hajmi kamayadi va batareyalar xarajati tufayli bu muddat 5 yilgacha uzayadi.

Quyosh panellarining xizmat muddati 25–30 yil ekani inobatga olinsa, tizim keyingi 20 yildan ortiq vaqt davomida xonadon egasiga elektr xarajatlarini kamaytirish va qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.  Quyosh panellarini o‘rnatish 2026 yilda ham o‘zini oqlaydi, biroq foyda olish muddati biroz uzayishi mumkin.

Ushbu hisob-kitoblar jismoniy shaxslar, ya’ni xonadon egalari misolida tayyorlandi.

Теглар

null null

Zilola Xolto'rayevaМақолалар сони: 10

Барчаси

Мавзуга оид