Logo

2027-yilda «Enterprise Uzbekistan» va Toshkent xalqaro moliya markazi ishga tushiriladi

Ushbu markazlar O‘zbekistonga 20–25 milliard dollarlik sarmoya, ilg‘or texnologiyalar va yangi bilimlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

2027-yilda «Enterprise Uzbekistan» va Toshkent xalqaro moliya markazi ishga tushiriladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishga turtki beradigan yirik sanoat, infratuzilma va moliyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda kelgusi yilda bir qator strategik obyektlar ishga tushirilishini ma’lum qildi.

2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda «Enterprise Uzbekistan» xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ushbu ikki markaz orqali mamlakatga 20–25 milliard dollarlik kapital, yangi bilim va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatning turli hududlarida iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ular energetika, sanoat, transport, logistika va infratuzilma sohalarini qamrab oladi.

Yirik loyihalar boshlanadi

Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi barpo etilmoqda. «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» yo‘nalishlarida zamonaviy avtomobil yo‘llari qurilishi ham yirik loyihalar qatoriga kiradi.

Xorazmda ekologik aviayoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasi, Surxondaryoda 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda esa Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda.

Joriy yil qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasini boshlash rejalashtirilgan. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab jami 3 million aholiga mo‘ljallangan yangi turar joy massivlari barpo etilmoqda.

Prezident mahalliy tadbirkorlarga ushbu yirik loyihalarda ishtirok etish uchun xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratilishini ta’kidladi.

Logistika tarmog‘i kengayadi

Transport va logistika sohasida ham yangi yengilliklar joriy qilinmoqda. Yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i «nol» stavkada qo‘llaniladi.

Kelasi yil Gruziyaning Poti portida yiliga 500 ming tonna quvvatga ega logistika markazi ishga tushiriladi. Anakliya porti bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi. Bu loyihalar tashqi bozorlarga chiqish va yuk tashish infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид