AQSH sudi Trampning milliardlab dollarlik bojlarini noqonuniy deb topdi

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina mart oyining o‘zida AQSH bojxona idoralari 122-modda bo‘yicha 8 milliard dollarlik boj yig‘gan.

AQSH sudi Trampning milliardlab dollarlik bojlarini noqonuniy deb topdi © The New York Times

Nyu-Yorkdagi Federal xalqaro savdo sudi 7-may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan 10 foizlik import bojlari qonuniy asosga ega emasligi haqida qaror chiqardi.

Ushbu bojlar Tramp ma’muriyati tomonidan 2025 yilning aprel oyida e’lon qilingan global «ozodlik bojlari» loyihasi shu yilning fevralida Oliy sud tomonidan bekor qilinganidan so‘ng kiritilgan edi.

Tramp qarorga keskin munosabat bildirib, uni «radikal so‘lchi sudyalar qarori» deb atadi. U jurnalistlar bilan suhbatda ma’muriyat baribir boshqa yo‘l topishini ta’kidladi.

Da’voni ikki kichik kompaniya qo‘zg‘atgan bo‘lib, hozircha qaror faqat ularga nisbatan qo‘llanmoqda.

Huquqiy asos

Tramp ushbu bojlarni 1974 yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-moddasiga tayanib joriy etgandi. Ushbu modda prezidentga «to‘lov balansida sezilarli va jiddiy taqchillik» yuzaga kelgan taqdirda, 150 kungacha bo‘lgan muddatga 15 foizgacha boj belgilash huquqini beradi.

Biroq da’vogarlar AQSHdagi savdo taqchilligi bilan to‘lov balansi inqirozi bir xil tushuncha emasligini ta’kidlagan. Sud ham ushbu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlagan.

Masalaning moliyaviy tomoni

Tariflarga qarshi chiquvchi «We Pay the Tariffs» assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina mart oyining o‘zida AQSH bojxona idoralari 122-modda bo‘yicha 8 milliard dollarlik boj yig‘gan.

Da’vogarlardan biri — «Basic Fun» kompaniyasi tariflar tufayli 100 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘laganini ma’lum qildi.

Kompaniya vakillari sud qarorini kichik biznes uchun muhim g‘alaba deb baholagan.

Tarif strategiyasiga berilgan zarba

Bu Tramp tarif siyosatining suddagi ikkinchi yirik mag‘lubiyati bo‘ldi: 20-fevral kuni AQSH Oliy sudi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA) asosida kiritilgan tariflarni prezident o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan deb topib, bekor qilgan edi.

Hozirda importchilar qariyb 170 milliard dollar mablag‘ni qaytarish uchun da’vo kiritish imkoniyatiga ega.

Теглар

Мавзуга оид

AQSH sudi Trampning milliardlab dollarlik bojlarini noqonuniy deb topdi | Vaqt.uz