AQSHning Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalari ro‘yxatidan o‘zbekistonlik shaxs joy oldi

25.02.2026 | 08:552 дақиқа

OFAC ro‘yxatiga 4 shaxs va 3 kompaniya kiritildi. Ulardan biri o‘zbekistonlik. Cheklovlar CAATSA va kiberfaoliyat bilan bog‘liq qonunlar asosida joriy etildi.

AQSHning Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalari ro‘yxatidan o‘zbekistonlik shaxs joy oldi

AQSH Moliya vazirligi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Mazkur qaror AQSH Moliya vazirligi huzuridagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi — OFAC ma’lumotlarida e’lon qilindi. Yangi cheklovlar doirasida to‘rt nafar jismoniy shaxs va uchta tashkilot sanksiya ro‘yxatiga kiritildi.

Ro‘yxatga Rossiya fuqarolari Sergey Zelenyuk, Oleg Kucherov va Marina Vasanovich, shuningdek O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Mamashoyev kiritilgan. Shu bilan birga, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan «Advance Security Solutions» va «Special Technology Services LLC FZ» hamda Rossiyaning «MATRIX LLC» kompaniyasiga nisbatan ham cheklovlar joriy etildi.

 

Qonun va asoslar

AQSH Moliya vazirligi sanksiyalarni CAATSA qonuni, intellektual mulk huquqlarini buzish bilan bog‘liq sanksiyalar hamda kiberfaoliyatga oid choralar asosida joriy etganini ma’lum qildi. Bu cheklovlar moliyaviy operatsiyalar, aktivlarni muzlatish va AQSH tizimi orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

OFAC ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar va kompaniyalar bilan AQSH shaxslari va tashkilotlari uchun hamkorlik taqiqlanadi.

 

Britaniya ham qo‘shildi

Shu kuni Buyuk Britaniya Moliya vazirligi ham Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini 297 pozitsiyaga kengaytirdi. Yangi cheklovlar doirasida to‘qqizta Rossiya banki, «Rosatom»ga tegishli uchta tuzilma, «Transneft» va suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi bir qator korxonalar ro‘yxatga kiritildi.

Ekspertlarning fikricha, AQSH va Britaniya tomonidan sanksiya bosimining kuchaytirilishi Rossiya moliya va energetika sektorlariga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin. Shu bilan birga, bu cheklovlar xalqaro to‘lovlar va logistika zanjirlariga ham ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

Теглар

Мавзуга оид