Logo

«Berkshire Hathaway» o‘z aksiyalarini qayta sotib oldi

Кеча 13:352 дақиқа

Buning uchun kompaniya 9,6 mlrd dollar sarfladi. Bu qaror uning sof foydasi o‘tgan yilga nisbatan 28 foizga kamaygan bir paytda qabul qilindi.

«Berkshire Hathaway» o‘z aksiyalarini qayta sotib oldi © prodengi.kz

2026-yilning III choragida AQSHdagi «Berkshire Hathaway» kompaniyasining sof foydasi 22,1 mlrd dollarni tashkil etdi.  O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 30,8 mlrd dollar bo‘lgan. Ya’ni foyda 28,2 foizga kamaygan. Bu haqda kompaniya hisobotida ma’lum qilindi.

Biroq yilning dastlabki to‘qqiz oyida 57,9 mlrd dollar sof foyda olgan. 2025-yilning shu davrida esa bu summa 47,8 mlrd dollar edi. Natijada yil boshidan buyon sof foyda 21,2 foizga oshgan.

Foydaning bunday o‘zgarishiga investitsiya aktivlari qiymati ham ta’sir qilgan. Kompaniya aksiyalari qiymatining oshishi hisobiga III chorakda 7,7 mlrd dollar daromad qayd etgan. O‘tgan yilning shu davrida bu summa 9,2 mlrd dollar bo‘lgan.

Investitsiyalarni sotishdan olingan soliqdan keyingi foyda ham 8,1 mlrd dollardan 1,7 mlrd dollarga tushgan.

Kompaniyaning asosiy daromad manbalari 

Kompaniyaning investitsiya foydasi hisobga olinmagan operatsion foydasi III chorakda 12,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 13,5 mlrd dollardan 5,8 foiz kam.

Yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa operatsion foyda 37 mlrd dollarga yetgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 34,3 mlrd dollar bo‘lgan.

Uchinchi chorakda sug‘urta faoliyatidan olingan foyda 2,4 mlrd dollardan 1,4 mlrd dollarga, sug‘urta investitsiyalaridan tushgan daromad esa 3,2 mlrd dollardan 2,7 mlrd dollarga kamaygan.

Boshqa yo‘nalishlarda o‘sish kuzatilgan. Jumladan, BNSF temiryo‘l biznesining foydasi 1,45 mlrd dollardan 1,73 mlrd dollarga, energetika yo‘nalishidagi foyda 1,49 mlrd dollardan 1,61 mlrd dollarga ko‘tarilgan.

Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va chakana savdo sohalaridagi umumiy foyda ham 3,6 mlrd dollardan 4 mlrd dollarga yetgan.

Kompaniya nima uchun o‘z aksiyalarini qayta sotib oladi?

Aksiyalarni qayta sotib olish (buyback) kompaniyaning fond bozorida o‘z aksiyalarini xarid qilib, muomaladagi aksiyalar sonini kamaytirishidir. Buning natijasida qolgan aksiyadorlarning kompaniyadagi ulushi ortadi.

Masalan, kompaniyaning 100 ta aksiyasi bo‘lsa va u 10 tasini qayta sotib olsa, muomalada 90 ta aksiya qoladi. Shunda har bir aksiyaning kompaniyadagi nisbiy ulushi ko‘payadi.

«Berkshire Hathaway» aksiyalarni qayta sotib olishda ularning bozor narxini kompaniyaning ichki qiymati bilan taqqoslaydi. Kompaniya aksiyalarini o‘z qiymatidan arzon deb hisoblagandagina bunday xaridni amalga oshirishni ma’qul ko‘radi.

«Berkshire Hathaway» qanday kompaniya?

«Berkshire Hathaway» AQSHning sug‘urta, temiryo‘l, energetika, ishlab chiqarish va chakana savdo sohalarida faoliyat yuritadigan yirik xolding. 2026-yil 6-noyabr holatiga uning bozor kapitalizatsiyasi 1,22 trln dollarga yetgan.

2026-yilning yanvaridan kompaniya bosh direktori lavozimini Greg Abel egallab kelmoqda. Uorren Baffet esa sentabr oyida faxriy rais maqomini olgan, direktorlar kengashi raisi etib Hovard Baffet saylangan.

Xolding «GEICO» sug‘urta kompaniyasi va «BNSF Railway» temiryo‘l operatoriga egalik qiladi. Shuningdek, uning investitsiya portfelida «Apple», «Coca-Cola» va «American Express» aksiyalari ham bor.

Теглар

Мавзуга оид