Logo

«Bir urush yetarli emas». Rossiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ichida savdo nizolarini kuchaytirmoqda

Ostona Rossiya siyosatiga javob qaytarmoqda.

«Bir urush yetarli emas». Rossiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ichida savdo nizolarini kuchaytirmoqda © gov.ru

Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushda bosim ostida qolayotgan bir paytda, Kreml Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi (YOII) boshqa a’zo davlatlar bilan savdo mojarolariga kirishmoqda. Aslida YOII besh a’zo davlat o‘rtasida erkin savdoni rivojlantirishi kerak. Ammo amalda bu har doim ham shunday bo‘lmagan.

Rossiya siyosiy jihatdan o‘ziga qulay bo‘lgan vaziyatlarda tashkilotning asosiy maqsadlari va tamoyillarini chetlab o‘tishga moil bo‘lib kelgan. Buning eng yaqqol misollaridan biri — 2026-yilda Moskvaning Armaniston mahsulotlariga turli savdo taqiqlari va cheklovlarini joriy qilganidir. Bu choralar Yerevanning Yevropa Ittifoqiga yaqinlashish borasidagi harakatlariga javob sifatida ko‘rilmoqda.

Iqtisodiy bosim Armaniston iqtisodiyotining muhim sohalariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, Rossiya davlat nazoratidagi tabiiy gaz yetkazib beruvchi «Gazprom Armenia» kompaniyasi yaqinda gaz yetkazib berishni kutilmaganda 10 kunga to‘xtatdi. 17-sentabrkuni esa Rossiya Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Armaniston hukumatini mamlakatdagi Rossiya bizneslarini amalda o‘z tasarrufiga olishga urinishda aybladi va Moskva tomonidan kelgusida ham jazolovchi choralar ko‘rilishi mumkinligiga ishora qildi.

TASS axborot agentligi Shoyguning so‘zlarini keltirib, shunday yozdi:

«Rossiya Armanistonning Yevropa integratsiyasini moliyalashtirishga tayyor emas va bunday yo‘nalishdagi har bir qadamning obyektiv oqibatlari bo‘ladi».

So‘nggi paytlarda Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida avtomobillar savdosi bo‘yicha ham kelishmovchilik yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Qozog‘iston 2026-yilning birinchi yarmida Rossiyadan 9,8 million dollarlik avtomobil import qilgan. Qozog‘iston Milliy statistika byurosi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, shundan keyin Rossiyadan avtomobil importi deyarli nolga tushib ketgan.

Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, importning keskin kamayishiga Rossiyaning 2024-yilda xorijdan olib kiriladigan avtomobillar uchun «utilizatsiya yig‘imi»ni qayta ko‘rib chiqishi sabab bo‘lgan. Yangi besh yillik jadval asosida yig‘imlarning bosqichma-bosqich oshirilishi Rossiya avtomobil sanoatini himoya qilishga qaratilgan yashirin boj sifatida keng talqin qilinmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025-yil oxirida bu haqda gapirgan va yuqori utilizatsiya yig‘imlari «texnologik rivojlanish uchun qo‘shimcha daromad keltirgani va bilvosita mahalliy avtomobil sanoatini qo‘llab-quvvatlagani»ni bildirgan.

O‘tgan yilning dekabr oyida Rossiya tomonidan utilizatsiya yig‘imining oshirilishi Qozog‘istondan olib kiriladigan avtomobillarning umumiy narxini taxminan 7 foizga oshirgan. Qozog‘iston sanoat vaziri YerSayin Nagaspayev mart oyida Rossiya yig‘imlar jadvalini qayta ko‘rib chiqmasa, Ostona bunga javob qaytarishini bildirgan edi. Qozog‘iston rasmiylari may oyida bu va’dani amalda qo‘lladi va Rossiya hamda Belarusdan olib kiriladigan avtomobillarga nisbatan xuddi shunday utilizatsiya yig‘imi tizimini joriy qildi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining iqtisodiy integratsiya vositasi sifatidagi tizimi qanchalik muammoli ekanini ko‘rsatadigan yana bir so‘nggi misol — Qozog‘istonning xorijiy davlatlardan, jumladan, YOII a’zolaridan olma importini taqiqlaganidir. Bu qaror mahalliy olma yetishtiruvchilarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan. Qozog‘iston rasmiylari taqiqni asoslash uchun YOII shartnomasining 29-moddasiga murojaat qilgan. Bu holat noodatiy va bahsli qaror sifatida ko‘rilmoqda.

YOII shartnomasining 29-moddasi a’zo davlatlarga ayrim holatlarda importni taqiqlash imkonini beradi. Jumladan, bunday choralar inson hayoti, jamoat axloqi va jamoat tartibini himoya qilish, ekologik talablarni ta’minlash, hayvon va o‘simlik turlarini hamda madaniy qadriyatlarni muhofaza qilish, xalqaro majburiyatlarni bajarish yoki a’zo davlatning milliy xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘llanishi mumkin. Shu bilan birga, shartnomada bunday taqiq «asossiz diskriminatsiya yoki savdoni yashirin cheklash vositasiga aylanmasligi» kerakligi aniq ko‘rsatilgan.

Теглар

Мавзуга оид

«Bir urush yetarli emas». Rossiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ichida savdo nizolarini kuchaytirmoqda | Vaqt.uz