Bitkoin yaratuvchisi topildimi?
Satoshi Nakamoto shaxsini aniqlash uchun bir vaqtlar «Theranos» startapini fosh qilgan jurnalist bir yildan ortiq vaqt sarfladi.
© Фото: Pool photo by Kiyoshi Ota«The New York Times» surishtiruviga ko‘ra, 17 yil davomida shaxsi aniqlanmagan bitkoin yaratuvchisi Satoshi Nakamoto ehtimol 55 yoshli britaniyalik kriptograf Adam Bek bo‘lishi mumkin. Muallif Bek hayotida Satoshi haqida ma’lum bo‘lgan faktlarga mos keladigan ko‘plab jihatlarni topganini ta’kidlaydi.
Adam Bek haqida nimalar ma’lum?
Bek 1970-yilda Londonda tug‘ilgan. Uning otasi tadbirkor, onasi esa yurist yordamchisi bo‘lgan. O‘z so‘zlariga ko‘ra, u 11 yoshida mustaqil ravishda dasturlashni o‘rgangan. Bolalikdagi qiziqish keyinchalik jiddiy faoliyatga aylanib, u Ekseter universitetida informatika bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Bek avvaldanoq Satoshi Nakamoto bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan biri sifatida tilga olingan, ammo u buni doimo rad etib kelgan. Biroq boshqa nomzodlardan farqli o‘laroq, «u hozirgacha bunday keng qamrovli jurnalistik tekshiruv obyektiga aylanmagan», deb yozadi «NYT».
Surishtiruv davomida jurnalist Bek bitkoin zaxiralarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi yangi kompaniyaga hammuassis bo‘lganini aniqlagan. Bunday kompaniyalar qarz mablag‘lari hisobidan bitkoin sotib olib, investorlarga kriptovalyutaga agressiv sarmoya kiritish imkonini beradi. Material yozilgan paytda kompaniya «Cantor Fitzgerald» tuzilmasi bilan qo‘shilish orqali birjaga chiqish jarayonida bo‘lgan. Ushbu investbankning sobiq bosh direktori Govard Latnik hozirda AQSH savdo vaziri sifatida ishlamoqda.
«NYT» ta’kidlashicha, ochiq kompaniya rahbari sifatida Bek qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq investorlar uchun muhim bo‘lgan barcha ma’lumotlarni oshkor qilishi shart. Gazetaga ko‘ra, agar u haqiqatan ham Satoshi Nakamoto bo‘lsa va taxminan 1,1 mln bitkoinga ega bo‘lsa, bu juda muhim ma’lumot hisoblanadi. Chunki bunday hajmdagi aktivlarning to‘satdan sotilishi bozorga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Satoshi shaxsini «NYT» qanday tekshirdi?
«The New York Times» surishtiruvini jurnalist Jon Karreyru olib borgan. U avval «The Wall Street Journal»da ishlagan va «Theranos» startapini fosh qilgani bilan mashhur – bu ishdan keyin uning asoschisi Elizabet Xolms investorlarni aldashda aybdor deb topilgan.
Karreyruning e’tiborini Adam Bek 2024-yilda chiqqan «HBO» filmi – «Money Electric: The Bitcoin Mystery»dan keyin tortgan. Unda bitkoin yaratuvchisi sifatida Piter Todd ko‘rsatilgan (u buni inkor qilgan). Bek ham filmda nomzod sifatida ishtirok etgan, lekin o‘zini Satoshi Nakamoto emasligini qat’iy aytgan. Shunga qaramay, uning kamera oldidagi harakatlari jurnalistni shubhaga solgan va tekshiruv boshlashga undagan.
Asosiy dalillar va o‘xshashliklar
Karreyru bir yildan ortiq vaqt sarflab, Bek va Satoshi o‘rtasida quyidagi o‘xshashliklarni topganini aytadi:
— Ta’lim va texnik bilimlar
Bek taqsimlangan komputer tizimlari bo‘yicha doktorlik darajasiga ega – bitkoin ham shunday tizim. U «C++» dasturlash tilida ishlagan, Satoshi ham aynan shu tilda bitkoinning ilk kodini yozgan. Shuningdek, Bek ochiq kalitli kriptografiya mutaxassisi.
— «Cypherpunks» harakati
Ikkalasi ham 1990-yillarda shakllangan «Cypherpunks» harakatiga aloqador bo‘lgan. Bu harakat kriptografiya orqali insonlarni davlat nazorati va senzuradan himoya qilishni maqsad qilgan.
— Elektron pul g‘oyasi
Bek 1990-yillar oxiridayoq elektron pul yaratish g‘oyasini ilgari surgan. U detsentralizovan tarmoq – «uzellar» tizimini tasvirlagan. Keyinchalik Satoshi aynan shu konsepsiya asosida bitkoinni yaratgan.
— «Hashcash»
Bek yaratgan «Hashcash» tizimi keyinchalik bitkoin mayningida qo‘llanilgan.
— Spam muammosi
Ikkalasi ham elektron pochtadagi spam muammosiga qattiq e’tibor bergan. Bek «Hashcash» orqali spamga qarshi kurashni taklif qilgan, Satoshi ham bu haqda ko‘p yozgan.
— Anonimlik
Har ikkisi internetda anonimlikni afzal ko‘rgan va psevdonimlardan foydalangan. Shuningdek, ikkalasi ham «kod yozishni matn yozishdan yaxshi bilaman» degan fikrni bildirgan.
— Faollik davrlari
Satoshi 2008–2011-yillarda faol bo‘lib, keyin g‘oyib bo‘lgan. Bek esa uzoq vaqt elektron pul haqida yozib, bitkoin paydo bo‘lgach sukut saqlagan va faqat Satoshi yo‘qolganidan 6 hafta o‘tib yana paydo bo‘lgan.
— Yozish uslubi tahlili
Karreyru Satoshining matnlarini (white paper, forumlar, yozishmalar) tahlil qilgan. Unda o‘ziga xos uslub borligi aniqlangan:
ikki probel qo‘llash
so‘zlarni turlicha yozish
«e-mail» va «email»ni almashtirib ishlatish
Jurnalist bu iboralarni Bekning «X» tarmog‘idagi yozishmalari bilan solishtirgan va katta moslik topgan. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida «Cypherpunks» arxivlari tahlil qilingan, natijada Bek uslub jihatidan Satoshiga eng yaqin shaxs ekani aniqlangan.
Bek qanday javob qaytardi?
«The New York Times» jurnalisti to‘plagan dalillaridan so‘ng Adam Bek bilan yanvar oyida Salvadorda bo‘lib o‘tgan konferensiyada uchrashgan.
Jurnalistning aytishicha, u o‘z dalillarini taxminan ikki soat davomida bayon qilgan, ammo Bek ularni tasodifiy mos kelishi mumkin bo‘lgan holatlar deb rad etgan. Shu bilan birga, u Satoshi Nakamoto faol bo‘lgan davrdagi o‘zining «yo‘qolib qolishi»ga ishonchli izoh berolmagan.
«NYT» jurnalisti Bekning xatti-harakatlariga ham e’tibor qaratgan: qiyin savollarga javob berar ekan, u «qizarib ketgan va bezovta harakat qilgan».
Jon Karreyruning so‘zlariga ko‘ra, u uchun Bek haqiqatan ham Satoshi ekaniga deyarli shubha qolmagan.
Adam Bek Salvadordagi uchrashuv davomida olti martadan ortiq bitkoin yaratilishiga aloqadorligini inkor etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, topilgan barcha o‘xshashliklar tasodif: u haqiqatan ham tegishli texnik bilimga ega va Satoshi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo bu hech narsani isbotlamaydi.
Kriptohamjamiyatda Satoshining shaxsini tasdiqlovchi yagona inkor qilib bo‘lmaydigan dalil – u bitkoinning dastlabki davrida nazorat qilgan hamyonlardan tangalarni ko‘chirish hisoblanadi. Bunday harakatlar hozirgacha qayd etilmagan.
Bek, shuningdek, Londondagi sudda avstraliyalik Kreyg Raytga qarshi ish doirasida taqdim etilgan xatlarga ham tayanadi: ularga ko‘ra, 2008-yil avgustda Satoshi Bekka mustaqil muallif sifatida uning ilmiy ishidan iqtibos keltirishni aniqlashtirish uchun murojaat qilgan. Agar bu xatlar haqiqiy bo‘lsa, bu Bekka nisbatan gumonlarni yo‘qqa chiqaradi. Biroq Karreyru bu xatlar Bek tomonidan oldindan alibi sifatida tayyorlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi va Bek bu xatlarning haqiqiyligini tasdiqlaydigan metama’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortganini ta’kidlaydi.
Oldingi surishtiruvlar va boshqa gumonlanuvchilar
Satoshi Nakamoto shaxsi 2008-yil oktabrida bitkoin dunyoga taqdim etilganidan beri 17 yil davomida aniqlanmagan. Shu vaqt mobaynida 100 dan ortiq inson ehtimoliy nomzod sifatida ilgari surilgan.
Eng jiddiy dastlabki versiyalar quyidagilar:
2014-yilda «Newsweek» jurnali Kaliforniyada yashovchi yapon-amerikalik muhandis Dorian Nakamoto shaxsini aniqlagan, u esa bitkoinga har qanday aloqadorlikni qat’iyan rad etgan.
2015-yilda «The New York Times» va boshqa nashrlar venger kelib chiqishli amerikalik komputer olimi Nick Szaboga e’tibor qaratgan. U 1998-yilda bitkoinning bevosita salafi hisoblangan «bit gold» konsepsiyasini ishlab chiqqan. Biroq keyingi ommaviy muhokamalar uning bitkoin haqidagi texnik bilimlarida ayrim bo‘shliqlar borligini ko‘rsatgan.
Maxfiylikni himoya qilish bo‘yicha dasturchi va faol Hal Finney ham uzoq vaqt asosiy gumonlanuvchilardan biri sifatida ko‘rilgan. U bitkoin tarixidagi ilk tranzaksiyani amalga oshirgan va 2014-yilda vafot etgan. Uning ayblovdan qochishga yordam beradigan alibisi shundan iboratki, 2009-yil aprel oyida u 10 mil yugurish musobaqasida suratga olingan – aynan shu paytda Satoshi faol yozishmalar olib borgan.
Yana bir nomzod – maxfiylik huquqlarini himoya qilgan muhandis Len Sassaman – 2011 yilda vafot etgan.
«HBO»ning «Money Electric» (2024) hujjatli filmi kanadalik dasturchi Peter Toddga e’tibor qaratgan, bunda «Bitcointalk» forumidagi 2010-yildagi bitta xabarga tayangan. Todd Satoshi yozgan paytlarda boshqa joylarda bo‘lganini tasdiqlovchi fotosuratlarni taqdim etgan.
Avstraliyalik tadbirkor Craig Rayt ko‘p yillar davomida o‘zini Satoshi deb da’vo qilgan va hatto sudga «dalillar» ham taqdim etgan. 2024-yilda Britaniya sudi bu da’volarni soxta deb topgan.
Adam Bek ham avval gumonlanuvchilar qatorida tilga olingan, xususan, 2020-yilda «YouTube»dagi «Barely Sociable» kanalida anonim muallif tomonidan e’lon qilingan video tahlilda.
Nega Satoshi kimligini bilishga shunchalik qiziqishadi?
Satoshi shaxsi haqidagi savol qo‘shimcha ahamiyat kasb etadi, chunki umumiy hisob-kitoblarga ko‘ra, u tarmoq mavjudligining dastlabki oylarida taxminan 1,1 million bitkoin qazib olgan. Satoshi bilan bog‘liq hamyonlar tarmoq ishga tushganidan beri faollik ko‘rsatmagan.
«NYT» maqolasi bugungi kungacha Satoshi Nakamoto shaxsi bo‘yicha eng batafsil va metodologik jihatdan asoslangan jurnalistik surishtiruv hisoblanadi. Biroq yuzlab matn o‘xshashliklari, xronologik parallellar va xatlar metama’lumotlarini taqdim etishdan bosh tortilganiga qaramay, u hali ham bilvosita dalillar yig‘indisi bo‘lib qolmoqda.
Agar bu versiya to‘g‘ri bo‘lsa, demak 2,4 trillion dollardan ortiq qiymatga ega moliyaviy tizimni yaratgan shaxs 17 yil davomida taxallus ostida muvaffaqiyatli yashirinib kelgan va shu bilan birga o‘sha tizim rivojida asosiy rollardan birini o‘ynagan. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, bu hatto eng zamonaviy tahlil vositalari yordamida ham puxta qurilgan afsonani rad etish qanchalik qiyin ekanini yaqqol ko‘rsatadigan yana bir misol bo‘ladi.





