BMTda moliyaviy inqiroz xavfi: tashkilot xarajatlarni keskin qisqartirmoqda

Tashkilot mablag‘ tanqisligi sharoitida xodimlar sonini qisqartirish, xizmat safarlari xarajatlarini kamaytirish va ayrim bo‘linmalarni yopishga majbur bo‘lmoqda. Asosiy sabablardan biri AQSH va Xitoy tomonidan badallarning kechiktirilishi bo‘lmoqda.

BMTda moliyaviy inqiroz xavfi: tashkilot xarajatlarni keskin qisqartirmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) eng yirik donorlari – AQSH va Xitoy tomonidan badallar kechiktirilayotgani sababli jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Bu haqda 29-may kuni «The Wall Street Journal» xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, AQSHning BMT oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshgan. Xitoy esa tashqi ishlar vaziri Van Ining Nyu Yorkdagi BMT shtab-kvartirasiga tashrifi chog‘ida qariyb 850 million dollar o‘tkazgan bo‘lsa-da, hali ham taxminan 455 million dollar to‘lamagan.

Pekin o‘z moliyaviy majburiyatlarini bajarishini bildirib, BMT faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdagi muhim rolini ta’kidlamoqda.

Vashington esa keyingi moliyalashtirishni islohotlar o‘tkazish va xarajatlarni qisqartirish bilan bog‘lamoqda.

Tejamkorlik choralari

Taklif etilayotgan choralar qatorida xodimlar sonini kamaytirish, biznes-klassdagi xizmat safarlari xarajatlarini qisqartirish hamda mashina tarjimasi texnologiyalaridan kengroq foydalanish bor.
Moliyalashtirishning qisqarishi boshqa yirik donor davlatlarda ham kuzatilmoqda. Buyuk Britaniya va Germaniya ocharchilik hamda kasalliklarga qarshi kurashishga qaratilgan gumanitar dasturlarga ajratiladigan mablag‘larni kamaytirgan.

Nashrning yozishicha, Shvetsiya va Niderlandiya tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar hajmining qisqarishi ushbu mamlakatlardagi siyosiy kurs o‘zgarishi bilan bog‘liq.

«Deutsche Welle»ning yozishicha, 2025-yil oktabr oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh tashkilotda moliyaviy inqiroz yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Baholashlarga ko‘ra, mavjud resurslar faqat avgust oyining o‘rtalarigacha yetishi mumkin. Shu fonda a’zo davlatlar 2026-yil oxirigacha tasdiqlashi lozim bo‘lgan Guterrishning vorisini tanlash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Mablag‘lar taqchilligi sababli BMT allaqachon bir qator tejamkorlik choralarini ko‘rgan. Tashkilot ayrim bo‘linmalarini yopgan va kotibiyatdagi qariyb uch mingta ish o‘rnini qisqartirgan. Shuningdek, tarjimonlar ish smenalari qisqartirilgan, ba’zi ofislarda eskalatorlar o‘chirib qo‘yilgan, Nyu Yorkdagi shtab-kvartira fasadini ta’mirlash ishlari esa noma’lum muddatga qoldirilgan.

Tejamkorlik choralari tinchlikparvarlik faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan: Afrikadagi ayrim mojaro hududlaridan kontingentlarni olib chiqish tezlashtirilgan va tinchlikni saqlash operatsiyalari xarajatlari qisqartirilgan. Bundan tashqari, BMT «ko‘k kaskalar» missiyalari uchun harbiy xizmatchilar yuborayotgan Nepal, Bangladesh va boshqa davlatlarga to‘lovlarni kechiktirgan.

«The Wall Street Journal»ning qayd etishicha, tashkilotning inqirozni yengib o‘tish imkoniyatlari cheklangan. BMT kredit olish huquqiga ega emas, rahbariyat esa faoliyatni qayta tashkil etish va xarajatlarning taxminan 70 foizini tashkil etuvchi ish haqi fondini qisqartirish bo‘yicha cheklangan vakolatlarga ega. Hatto nisbatan kichik tejamkorlik choralarini joriy etish urinishlari ham ba’zan diplomatlar va a’zo davlatlar qarshiligiga uchramoqda.

Теглар

Мавзуга оид