Logo

«Bundan buyon kambag‘al oila qolmadi degan hisobot o‘tmaydi». Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi yig‘ilishda nimalar dedi?

Viloyatda kelgusi uch yil ichida 28 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish, xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.

«Bundan buyon kambag‘al oila qolmadi degan hisobot o‘tmaydi». Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi yig‘ilishda nimalar dedi? © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning iqtisodiy salohiyati va kelgusi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy yilda viloyat iqtisodiyoti ilk bor 100 trillion so‘mdan oshishi, iqtisodiy o‘sish esa 10,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, buxoroliklarning 98 foizi so‘nggi yillarda hayot sifati yaxshilanganini bildirgan. Tadbirkorlarning 83 foizi esa kelgusi uch yilga ijobiy baho bergan.

Shu bilan birga, viloyat iqtisodiyoti hamon tabiiy resurslar sanoati va qishloq xo‘jaligiga sezilarli darajada bog‘liq. Ushbu ikki yo‘nalishning iqtisodiyotdagi umumiy ulushi 43 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi o‘n yilda xizmatlar sohasining ulushi esa 33 foizdan 36 foizga oshgan.

1-rasm

Shu sababli viloyat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, sanoatda xomashyoni chuqur qayta ishlashni kengaytirish va har bir tumanning iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish vazifalari belgilandi. Mas’ullarga sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligidagi ko‘rsatkichlarni 1,5 baravar oshirish bo‘yicha aniq rejalar ilab chiqish topshirildi.

Bandlik va mehnat migratsiyasi masalalari

Buxoro viloyatida 270 ming kishining daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past, ishsizlar soni esa 40 mingga yaqin. Bundan tashqari, xorijdan qaytgan 24 ming kishi hali ish topmagan.

Davlat rahbari aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga to‘xtalib, shunday dedi:

«Bundan buyon “kambag‘al oila qolmadi” degan hisobot o‘tmaydi».

Mas’ullarga daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan 270 ming kishining daromadini o‘rtacha va undan yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha tumanlar kesimida rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, hozirda Buxoro viloyatidan 99 ming fuqaro mehnat migratsiyasida. Xorijda kam ish haqiga ishlayotgan fuqarolarni kasbga o‘qitish va yuqori daromadli ishlarga joylashtirish vazifasi ham belgilandi.

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish

Buxoroga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish va viloyatda yirik turizm loyihalarini amalga oshiriladi. Joriy yilda hududga 3,5 million xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda.

Viloyat markazini kengaytirish doirasida Buxoro tumanidagi 1 ming gektar maydonda 500 million dollarlik turizm klasteri barpo etiladi. Loyiha hisobiga sayyohlarning Buxoroda qolish muddatini o‘rtacha 4–5 kungacha uzaytirish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, Buxoro shahrining Gulchorbog‘ mahallasida 50 gektar maydonda 80 million dollarlik turizm markazi tashkil etiladi. Unda ko‘rgazmalar zali, amfiteatr va mehmonxonalar joylashadi. Jalol Ikromiy mahallasida esa 60 million dollarlik kongress-xoll hamda uning yonida «Hilton» va «Holiday Inn» brendlari ostida ikkita yetti qavatli mehmonxona qurilmoqda.

2-rasm

Shu bilan birga, viloyatda turizm xizmatlari mavjud talabga to‘liq javob bermayotgani qayd etildi. Masalan, Buxoroda besh yulduzli mehmonxona yo‘q, yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar yetarli emas. Xizmatlarning asosiy qismi ham viloyat markazida jamlangan. Shu sababli turizm infratuzilmasini tumanlarda ham rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, Eski shahar, Yetti pir, Chor Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze kabi tarixiy majmualarni yagona turizm konsepsiyasi asosida bog‘lash, shahardagi sakkizta markaziy ko‘chani yangilash va oltita xiyobon barpo etish rejalashtirilgan.

Hozirda Buxoroda turizm mavsumi to‘rt oydan olti oyga uzaygan. Kelasi yilda viloyatda 30 ga yaqin xalqaro tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.

Energetika va yengil sanoat

Buxoro viloyatida kelgusi uch yilda jami 28 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati bor. Shundan 17 milliard dollari neft-gaz va kimyo sanoatiga to‘g‘ri keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatdagi xomashyo va energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda sanoatda qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgiladi. Jumladan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining quvvatini oshirish uchun yirik texnologik kompaniyalarni jalb qilish topshirildi.

Viloyat korxonalarida hosil bo‘ladigan xomashyoni chuqur qayta ishlash maqsadida Kogon tumanida neft-kimyo ilmiy-sanoat klasterini tashkil etish zarurligi aytildi.

Yengil sanoatda kelasi yili kamida 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ikki baravar oshirish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun xalqaro brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish va Buxoroda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarda faolroq targ‘ib qilish kerakligi aytib o‘tildi.

Energetika sohasida esa kelgusi uch yil davomida quvvati 3,1 ming megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari, 1 ming megavattlik energiya saqlash tizimlari va 745 kilometrlik elektr tarmog‘i quriladi.  

Yaqinda viloyatda quvvati qariyb 2 ming megavatt bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi. Elektr ishlab chiqarish hajmi oshgani uchun uzatish va taqsimlash tarmoqlarini ham kengaytirish talab etilmoqda.

Yo‘l va transport sohasidagi muammolar

Buxoro viloyatida 2 ming kilometr ichki yo‘l va 266 ta ko‘prik ta’mirtalab holatda. Ularni yangilash va saqlashga xususiy investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yili viloyat yo‘llarini yaxshilash uchun 900 milliard so‘m ajratilgan. Shunga qaramay, tirbandlikni kamaytirish, piyodalar va transport harakati xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat transporti xizmatini yaxshilash borasidagi muammolar saqlanib qolmoqda. Chunki viloyatda jamoat transporti yetarlicha rivojlanmagani uchun aholining 80 foizi ish, o‘qish va kundalik yumushlariga yengil avtomobilda qatnaydi. Shu bois prezident viloyatga qo‘shimcha 120 ta avtobus olib kelishni tezlashtirishni topshirdi.

3-rasm

Shuningdek, aeroport va temiryo‘l vokzallari atrofida xizmat sifatini yaxshilash hamda yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish vazifasi qo‘yildi. Yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirishda Buxoroning iqlimi va tarixiy qiyofasiga mos daraxtlarni tanlash va mavjudlarini parvarishlashda yagona yondashuvni joriy etish zarurligi aytildi.

Bundan tashqari, viloyatdagi 55 ta mahalla aholisi hali markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Mas’ullarga bu mahallalarni ichimlik suvi bilan ta’minlashning aniq muddatlarini belgilash va muammoni hal etish topshirildi.

Viloyatda uy-joyga ehtiyojni qondirish uchun yangi turar joy massivlari qurilishini tezlashtirish vazifasi ham qo‘yildi.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari

Buxoro viloyatida maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish va oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim qamrovini ikki barobar oshirish rejalashtirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida ta’lim va tibbiyot sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Xususan, tadbirkorlarga yer ajratib, xususiy bog‘cha va maktablar sonini ko‘paytirish, texnikumlarni yirik tadbirkorlar va investorlar bilan hamkorlikka jalb qilish hamda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish aytildi. Dual ta’lim qamrovi kengaytirilganda viloyatdagi o‘nta davlat va xususiy oliy ta’lim muassasasi bu tizimga qamrab olinadi.

Tibbiyot sohasida joriy yili 29 ta shifoxona va poliklinikada yangilash ishlari amalga oshirilgan. Shunga qaramay, tibbiy xizmat sifati, ayniqsa, birlamchi tibbiy yordam tizimida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar saqlanib qolmoqda.

Shu bois mas’ullarga birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, sohaga investitsiya jalb qilish va xorijda tajriba orttirgan mutaxassislar imkoniyatidan foydalanish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish davomida prezident Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matovani hududni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishdagi xizmatlari uchun «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlashga qaror qilganini ma’lum qildi.

Davlat rahbari hokimning davlat va boshqaruv idoralaridagi ko‘p yillik faoliyatini hamda aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi ishlarini e’tirof etdi.

Теглар

Мавзуга оид