Logo

Dunyoda eng ko‘p neft ishlatadigan davlatlar qaysi?

Бугун 13:042 дақиқа

Mutaxassislar fikricha, jahon neft bozorining kelajagi eng yirik iste’molchi davlatlar iqtisodiy o‘sishni energiya sohasidagi islohotlar bilan qay darajada uyg‘unlashtira olishiga bog‘liq bo‘ladi.

Dunyoda eng ko‘p neft ishlatadigan davlatlar qaysi? © Shutterstock

2025-yilda neftni eng ko‘p ishlatgan mamlakat AQSH bo‘lib, mamlakatda bir yil davomida 7,3 milliard barrel neft sarflangan. Ikkinchi o‘rinda Xitoy joylashgan bo‘lib, u 5,53 milliard barrel neft sarf qilgan.

Birinchi o‘ntalikka kirgan qolgan davlatlar — Hindiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Braziliya, Janubiy Koreya, Kanada va Germaniya — AQSH va Xitoydan ancha ortda bo‘lsa-da, ular birgalikda jahon neft iste’molining katta qismini tashkil etadi.

«Jagran Josh» nashrining AQSH Energetika axboroti boshqarmasi (EIA) ma’lumotlari asosida tayyorlagan tahlilga ko‘ra, neftni eng ko‘p sarf qiladigan 10 ta davlat kuniga jami 61 million barrel neft ishlatadi. Bu jahon bo‘yicha umumiy neft iste’molining taxminan 61 foiziga teng.

Neft hozir ham jahon iqtisodiyotining eng muhim strategik resurslaridan biri hisoblanadi. Dunyoda iste’mol qilinadigan neftning asosiy qismi esa bir nechta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

photo_2026-07-26_12-45-29


2025-yilda neftni eng ko‘p ishlatgan davlatlar:

AQSH — kuniga 20,01 million barrel;

Xitoy — 15,15 million barrel;

Hindiston — 5,05 million barrel;

Rossiya — 3,68 million barrel;

Saudiya Arabistoni — 3,65 million barrel;

Yaponiya — 3,38 million barrel;

Braziliya — 3,03 million barrel;

Janubiy Koreya — 2,55 million barrel;

Kanada — 2,41 million barrel;

Germaniya — 2,18 million barrel.

Dunyoda xom neftning eng yirik importchisi hisoblangan Xitoy so‘nggi o‘n yilliklarda neft iste’molini keskin oshirdi. Agar 1990-yilda mamlakat kuniga taxminan 2,3 million barrel neft ishlatgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 16,2 million barrelga yetgan.

Uchinchi o‘rinda turgan Hindiston esa kuniga 5,05 million barrel neft ishlatadi. 1990-yilda mamlakatda bu ko‘rsatkich atigi 1,2 million barrel bo‘lgan. Iqtisodiyotning jadal o‘sishi natijasida energiya resurslariga talab keskin ortdi.

Shu bilan birga, Hindiston neft importiga juda kuchli darajada bog‘liq. Mamlakat iste’mol qiladigan xom neftning 85 foizdan ortig‘i xorijdan keltiriladi. Bu esa uni geosiyosiy inqirozlar va jahon neft narxlaridagi o‘zgarishlarga nisbatan ancha sezgir qiladi. Garchi AQSH hozircha neft iste’moli bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, Osiyo davlatlari bu borada tez sur’atlarda unga yaqinlashmoqda. Xitoy va Hindistonda energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, G‘arb davlatlari qayta tiklanuvchi va ekologik toza energiya manbalariga o‘tishni jadallashtirmoqda.

Mutaxassislar fikricha, jahon neft bozorining kelajagi eng yirik iste’molchi davlatlar iqtisodiy o‘sishni energiya sohasidagi islohotlar bilan qay darajada uyg‘unlashtira olishiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli, Vashington, Pekin va Nyu-Dehlida qabul qilinadigan qarorlar nafaqat neft va yoqilg‘i narxlariga hamda xalqaro savdoga, balki global iqlim maqsadlariga erishish jarayoniga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashishi xavfi tufayli global neft narxlari ko‘tarilgandi. Brent neftining sentabr oyida yetkazib beriladigan fyucherslari 2 foizga o‘sdi.

Теглар

Мавзуга оид