El-Nino bu yil dunyo bo‘ylab tabiiy ofatlarga qanday ta’sir qiladi?

Okean ustidagi iliq havoning ko‘tarilishi bilan boshlanadigan jarayon ba’zan vayronkor tropik bo‘ronlarni yuzaga keltiradi. Shamol tezligi muayyan chegaradan oshgach, bunday hodisalar dovul, siklon yoki tayfun maqomini oladi.

El-Nino bu yil dunyo bo‘ylab tabiiy ofatlarga qanday ta’sir qiladi?

El-Nino tabiat hodisasi Atlantika okeanida dovullar sonini kamaytirishga, Tinch okeanida esa, aksincha, bo‘ronlarni ko‘paytirishga xizmat qiladi. Atlantika dovullari mavsumi boshlandi va u 30-noyabrga qadar davom etadi.

Bunda bo‘ronlarning eng faol davri odatda sentabr oyining o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Aynan shu davrda okeandagi iliq suv oqimlari va atmosferadagi o‘zgarishlar asosan Karib havzasi hamda AQSHning Sharqiy va Ko‘rfaz qirg‘oqlariga xavf soluvchi tropik bo‘ronlar va dovullarni kuchaytirib yuboradi.

Biroq bu yil AQSH Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi (NOAA) sinoptiklari aynan El-Nino sababli Atlantika dovullari mavsumi odatdagidan tinchroq o‘tishini prognoz qilmoqda. Mutaxassislarning baholashicha, bu yil faollikning me’yordan past bo‘lish ehtimoli 55 foizni, me’yorga yaqin bo‘lishi 35 foizni va me’yordan yuqori bo‘lishi bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil etadi.

Xo‘sh, El-Nino o‘zi nima va u bo‘ronlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Ilmiy til bilan aytganda, El-Nino — Tinch okeanining markaziy va sharqiy tropik qismlarida suv yuzasi haroratining davriy ravishda ko‘tarilishidir.

Buning natijasida global shamol va yog‘ingarchilik tizimlarida yuz beradigan o‘zgarishlar dunyoning turli burchaklarida suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va jazirama issiqni kuchaytirib yuborishi mumkin.

Qolaversa, ushbu ob-havo hodisasi faol davrida global o‘rtacha harorat ham biroz ko‘tariladi. Tabiatning bu injiqligi odatda har ikki-yetti yilda bir marotaba sodir bo‘lib, taxminan 9 oydan 12 oygacha davom etadi. Ayrim hollarda bu jarayon undan ham uzoqroq cho‘zilishi mumkin.

Uning mutlaqo aksi bo‘lgan La-Nina hodisasi esa buning teskarisini, ya’ni Tinch okeanidagi haroratning odatdagidan sovuqroq bo‘lishini anglatadi. Aslida bularning har ikkisi ENSO (El-Nino — Janubiy tebranish) deb ataluvchi yanada kengroq iqlim tizimining uzviy bir qismi hisoblanadi.

Neytral bosqich

Bu jarayonlarni yaxshiroq tushunish uchun Tinch okeanidagi odatiy, ya’ni neytral bosqichni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Odatiy sharoitda Tinch okeani bo‘ylab sharqdan g‘arb tomon barqaror ekvatorial shamollar — passatlar esadi. Bu shamollar iliq yuza suvlarini Amerika qit’asidan Osiyo tomon haydaydi. Issiq suv g‘arbga siljigan sari, uning o‘rnini to‘ldirish uchun Amerika qirg‘oqlari bo‘ylab okean tubidan sovuq suv yuqoriga ko‘tariladi.

Sovuq bosqich: La-Nina

Yuqorida tilga olingan La-Nina esa ana shu jarayonning sovuq bosqichi, ya’ni El-Ninoning qarama-qarshi holatidir. Bu paytda passat shamollari odatdagidan ham kuchliroq esib, Osiyo tomonga yanada ko‘proq iliq suvni haydaydi va oqibatda Tinch okeanining sharqiy qismida suv yuzasi haroratini o‘rtacha ko‘rsatkichdan keskin pasaytirib yuboradi.

Iliq bosqich: El-Nino

Endi mazkur jarayonning iliq bosqichi — El-Ninoni ko‘rib chiqsak. Bu davrda yuqorida tilga olingan passat shamollari zaiflashadi yoki umuman yo‘nalishini o‘zgartiradi. Bu esa Tinch okeanidagi iliq suvning sharqqa, ya’ni Amerika qit’asi qirg‘oqlari tomon qayta oqib kelishiga imkon yaratadi.

Aynan shu hodisa Atlantika okeanida dovullar faolligini bostirsa, Tinch okeanida, aksincha, bo‘ronlarni kuchaytirib yuboradi. La-Nina esa buning teskarisi o‘laroq, Atlantika okeanida ko‘proq va kuchliroq dovullarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Xo‘sh, bunday tropik bo‘ronlarning o‘zi nima sababdan va qanday paydo bo‘ladi?

Odatda bunday tabiiy ofatlar ekvator yaqinidagi iliq okean suvlari ustida shakllanadi. Sodda qilib tushuntirganda, suv yuzasidagi iliq havo ko‘tarilganida, pastki qismda havo bosimi past bo‘lgan hudud hosil bo‘ladi.

Yuqoriga ko‘tarilgan havo sovigach, uning ostidan chiqib kelayotgan navbatdagi iliq havo oqimi uni chetga surib yuboradi. Bunday uzluksiz davriylik kuchli shamol va yomg‘irlarni keltirib chiqaradi hamda jarayon tezlashib, kuchayib borgani sari haqiqiy tropik bo‘ronni vujudga keltiradi.

Bo‘ronning aylanishi yuqori tezlikka chiqqach, uning qoq markazida «ko‘z» deb ataluvchi qism shakllanadi. Bo‘ronning ko‘zi odatda juda tinch va musaffo bo‘ladi, chunki kuchli aylanish havoni tashqariga uloqtirib, bu yerda o‘ta past havo bosimini yuzaga keltiradi.

Agar shamol tezligi soatiga 63 kilometrga yetsa, bu hodisa tropik bo‘ron deb ataladi. Qachonki shamol tezligi soatiga 119 kilometrdan oshsa, unga tropik siklon, tayfun yoki dovul maqomi beriladi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: dovul, siklon va tayfun aslida bitta narsami?

Agar hodisaning mohiyatiga qaraydigan bo‘lsak, ha. Ularning barchasi shamol tezligi soatiga 119 kilometrdan oshadigan kuchli bo‘ron tizimlari bo‘lib, bir-biridan faqat paydo bo‘lish mintaqasi bilangina farqlanadi.

Dovul

Shimoliy Atlantika va Tinch okeanining shimoli-sharqiy qismida yuz beradigan bo‘ronlar «dovul» (uragan) deb ataladi va ular ko‘pincha AQSHning Sharqiy qirg‘oqlari, Meksika ko‘rfazi hamda Karib havzasiga xavf soladi. Dovulning kuchi 1 dan 5 gacha bo‘lgan shamol shkalasi bo‘yicha o‘lchanadi. 1-toifali dovul o‘zi bilan 119-153 km/soat tezlikdagi barqaror shamollarni olib kelsa, 5-toifali bo‘ron 252 km/soatdan yuqori tezlikdagi shamollarni hosil qilishi mumkin.

Siklonlar

Agar bo‘ron Tinch okeanining janubiy qismi va Hind okeanida paydo bo‘lsa, unga «siklon» nomi beriladi. Odatda noyabrdan aprelgacha davom etadigan siklonlar mavsumi Avstraliyadan tortib to Mozambikkacha bo‘lgan mamlakatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Tayfunlar

Tinch okeanining shimoli-g‘arbiy qismida shakllanib, tez-tez Filippin hamda Yaponiya qirg‘oqlariga yopiriladigan ofat esa «tayfun» deb yuritiladi. Tayfunlar mavsumi asosan may oyidan oktabrgacha kuzatilsa-da, yilning boshqa vaqtlarida ham paydo bo‘lishi mumkin. Ularning kuchini belgilashda turli xil tasniflash shkalalaridan foydalaniladi va eng vayronkorlari «supertayfunlar» deb nomlanadi.

El-Nino dunyo bo‘ylab bo‘ronlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu tabiat hodisasining ta’siri siz dunyoning qaysi burchagida ekaningizga qarab turlicha namoyon bo‘ladi. Xususan, Shimoliy Atlantikada El-Nino davrida dovullar faolligi sezilarli darajada pasayadi. Odatdagi mavsumda bu hududda 14 ta nomlangan bo‘ron va yettita dovul (shu jumladan, uchta yirik dovul) kuzatilsa-da, tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, El-Nino bosqichida dovulli kunlar soni 60 foizgacha qisqarib, tabiiy ofatning umumiy jadalligi pasayadi.

Shunga qaramay, AQSH Milliy ob-havo xizmati (NOAA) direktori Ken Grem bu borada hali ham noaniqliklar mavjudligini qayd etadi. Uning ta’kidlashicha, garchi El-Ninoning Atlantika havzasiga ta’siri ko‘pincha bo‘ronlarning rivojlanishini bostirsa-da, juda yomon mavsum bo‘lishi uchun bittagina vayronkor bo‘ronning o‘zi kifoya qiladi. Shu sababli mutaxassis dovul xavfi mavjud hududlardagi barcha aholini har doim ogoh va hushyor turishga chaqiradi. Zero, Atlantika okeanidagi tropik bo‘ronlar dunyodagi eng ko‘p o‘limga olib keluvchi va katta iqtisodiy zarar keltiruvchi tabiiy ofatlardan biri sanaladi. Birgina AQSHning o‘zida 1980 yildan 2024 yilga qadar dovullar 7211 kishining (yoki yiliga o‘rtacha 160 kishining) yostig‘ini quritgan va qariyb 1,55 trillion dollarlik zarar keltirgan. Bu dahshatli raqamlar ichida Katrina (2005), Mariya (2017) va Helen (2024) kabi halokatli dovullarning ham hissasi bor.

Agar e’tiborni Tinch okeaniga qaratsak, manzara biroz boshqacha tus oladi. Masalan, okeanning shimoli-sharqiy qismida, xususan, Gavayi orollari atrofida El-Nino davrida ko‘proq bo‘ronlar shakllanadi, undan keyingi yilda esa bu hududga tabiiy ofatlar yanada ko‘proq yopirilishga moyil bo‘ladi. Avstraliya va Tinch okeanining janubiy qismida esa El-Nino faollashgan paytda qirg‘oqlar bo‘ylab bo‘ronlar nisbatan kamroq paydo bo‘ladi. Biroq bu ular butunlay g‘oyib bo‘ladi degani emas. Shunchaki ularning shakllanish o‘chog‘i Tinch okeanining janubiy qismiga siljiydi. Suv yuzasi harorati va atmosfera sharoitidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan bunday siljishlar iqlim bosqichiga qarab harakatlanadi va kuchayib boradi.

Xuddi shunday jarayon Osiyo va Tinch okeanining shimoli-g‘arbiy qismida ham kuzatiladi. El-Nino davrida bu yerda tayfunlarning umumiy soni deyarli o‘zgarishsiz qolsa-da, ularning paydo bo‘lish joyi o‘zgaradi. Osiyo qirg‘oqlariga yaqin g‘arbiy hududlarda tayfunlar kamroq shakllanib, asosiy faollik sharqqa ko‘chadi. Bundan farqli o‘laroq, Hind okeanining janubi-g‘arbiy va shimoliy qismlarida bo‘ronlar sonida hech qanday jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmaydi.

Xo‘sh, bunday dahshatli bo‘ronlarga qanday qilib nom beriladi?

Tropik bo‘ronlarga nom berish amaliyoti, eng avvalo, odamlarga tezkor ogohlantirishlarni yetkazish va ommaviy axborot vositalari xabarlaridagi turli bo‘ronlarni bir-biridan tez ajratib olishni osonlashtirish maqsadida joriy qilingan. Dastlab bo‘ronlar ixtiyoriy ravishda nomlangan bo‘lib, masalan, ofatdan zarar ko‘rgan qayiq sharafiga «Ante dovuli» deb atalgan holatlar ham bo‘lgan. 1900 yillarning o‘rtalariga kelib esa bo‘ronlarga asosan ayollar ismlari berila boshlangan.

Keyinchalik meteorologlar alifbo tartibidagi aniq nomlar ro‘yxatini qabul qilib, har yili bo‘ronlarni tartib bilan nomlashga o‘tishdi. 1979 yildan boshlab dovullar uchun erkaklar ismlari ham joriy qilindi va endi ular ayollar ismlari bilan galma-gal ishlatib kelinmoqda. Bugungi kunda dovullar Jahon meteorologiya tashkiloti tomonidan yuritiladigan oltita maxsus ro‘yxat asosida nomlanadi va bu ro‘yxatlar har olti yilda almashib turadi. Qoidaga ko‘ra, agar biror bo‘ron o‘ta halokatli yoki vayronkor oqibatlarga olib kelsa, uning nomi ro‘yxatdan umrbod chiqarib tashlanadi. Masalan, Katrina (2005), Sendi (2012), Irma va Mariya (2017) kabi dovullarning nomlari qayta ishlatilmaydigan ismlar qatoridan joy olgan.

Boshqa mintaqalardagi nomlash tartib-qoidalari ham Atlantika okeanida qo‘llaniladigan tizimga juda o‘xshash. Tropik siklonlar odatda mahalliy tillar va madaniyatlarga moslashtirilgan ro‘yxatlar yordamida, mintaqaviy darajada belgilangan qoidalarga muvofiq nomlanadi. Tanlangan nomlar har bir mintaqa aholisiga tanish bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi, bu esa o‘z navbatida bo‘ronlar paytida ogohlantirishlarni aholiga yanada tushunarli va tezroq yetkazish imkonini beradi.

Теглар

Мавзуга оид