Logo

Endi kasallik nafaqalari davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali to‘lanadi

Бугун 15:462 дақиқа

1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va to‘lash tartibi o‘zgaradi.

Endi kasallik nafaqalari davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali to‘lanadi © sun'iy intelekt

2026 yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Endi kasallik nafaqalari ish beruvchi bilan bir qatorda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ham moliyalashtiriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Yangi tartibga muvofiq, bir kalendar yili davomida kasallikning dastlabki besh kuni uchun nafaqani ish beruvchi to‘laydi. Oltinchi kundan boshlab to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Ilgari esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan bog‘liq barcha xarajatlar ish beruvchi zimmasida edi.

Mazkur tartib davlat va xususiy sektorda ishlaydigan, majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olingan hamda kamida olti oylik sug‘urta stajiga ega fuqarolarga nisbatan qo‘llaniladi.

Nafaqa miqdori o‘zgaradi

Yangi qoidalarga ko‘ra, sug‘urta staji olti oydan sakkiz yilgacha bo‘lgan xodimlarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi, sakkiz yildan ortiq sug‘urta stajiga ega bo‘lganlarga esa 80 foizi miqdorida nafaqa tayinlanadi.

Birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, qaramog‘ida 18 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar va undan ortiq farzandi bor oilalar hamda nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan fuqarolar uchun nafaqa miqdoriga qo‘shimcha 20 foiz ustama qo‘shiladi.

Shuningdek, 14 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun qo‘shimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun esa qo‘shimcha 40 kalendar kungacha nafaqa to‘lanishi belgilandi.

Barchasi avtomatik bo‘ladi

Yangi tizimda jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgach, tizim fuqaroning rasmiy bandligi, sug‘urta staji va daromadi haqidagi ma’lumotlarni avtomatik tekshiradi. Buning uchun fuqarodan ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi.

Nafaqalar «Baraka» tizimi orqali to‘lanadi. Har bir fuqaro uchun virtual karta avtomatik ochilib, mablag‘lar shu kartaga o‘tkaziladi. Oyning 1–15 sanalarida tayinlangan nafaqalar 25 sanagacha, 16–31 sanalarida tayinlanganlari esa keyingi oyning 10 sanasigacha to‘lab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «suyunchi puli»ni to‘lash qoidasi o‘zgartirilganligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид