Logo

Energetikadagi Investorlar kengashiga Saida Mirziyoyeva rahbar etib tayinlandi: Prezident bu qarorning sabablarini tushuntirdi

Бугун 20:252 дақиқа

Yangi tashkil etilayotgan Investorlar kengashi yer ajratishdan boshlab, to loyiha to‘liq ishga tushguniga qadar bo‘lgan barcha jarayonlarda investorlar duch keladigan masalalar va muammolarga tezkor yechim topish bilan shug‘ullanadi.

Energetikadagi Investorlar kengashiga Saida Mirziyoyeva rahbar etib tayinlandi: Prezident bu qarorning sabablarini tushuntirdi © Saida Mirziyoyevaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi

O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasida Investorlar kengashi tashkil etiladi. Mazkur kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, yangi kengash investorlar bilan Prezident o‘rtasidagi masofani qisqartirish, shuningdek, tizimdagi byurokratiya va korrupsiyaning oldini olish maqsadida tashkil etilmoqda.

Energetika loyihalari katta sarmoya hamda murakkab infratuzilmani talab qiladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, bu jarayonda yer ajratish, elektr tarmoqlariga ulanish yoki texnik shart olish kabi masalalar bir-biri bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, birgina kechiktirish holati ham butun loyihaning to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, ACWA, Vision Invest, DataVolt, Voltalia va EDF kabi yirik kompaniyalar mazkur masalalarni doimiy muloqot orqali hal qilib berish tizimini joriy etishni so‘ragan. Ushbu talab va murojaatlarni hisobga olgan holda, Prezident yangi kengash tuzishga qaror qilganini aytdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, yangi tashkil etilayotgan Investorlar kengashi yer ajratishdan boshlab, to loyiha to‘liq ishga tushguniga qadar bo‘lgan barcha jarayonlarda investorlar duch keladigan masalalar va muammolarga tezkor yechim topish bilan shug‘ullanadi.

«Yer, tarmoqqa ulanish, texnik shart olish kabi masalalar bir-biri bilan bevosita bog‘liq. Bitta masala kechiksa, butun loyiha to‘xtab qolishi mumkin. «Acwa», «Vision Invest», «Data Volt», «Voltalia», «EDF» kabi kompaniyalar yuzaga kelayotgan masalalarni doimiy muloqotlar orqali hal qilib berish tizimini joriy qilishni so‘ragan. Shu bois yoqilg‘i-energetika sohasida Investorlar kengashini tashkil qilishga qaror qildim. Ushbu kengashga Prezident administratsiyasi rahbari Saida Shavkatovna boshchilik qiladi va bugun sizlarga uni tanishtirmoqchiman. Nima uchun investor bilan Prezident orasidagi masofani qisqartirish uchun qilyapman? Sizlarga ma’qulmi bu? Endi men ham yumshoq qilib aytyapman, sizlar ham uni tushunyapsizlar. Juda katta muammolarimiz, kamchiliklarimiz, byurokratiya va korrupsiyamiz bor desam, bu ham to‘g‘ri gap. Shularning hammasining oldini olish bo‘yicha shu choralarni qabul qilishga majbur bo‘ldim men. Kengashning asosiy vazifasi sizlarni eshitish, yer ajratishdan boshlab loyiha ishga tushguncha bo‘lgan jarayonlarda investorlar duch keladigan barcha-barcha masalalarga tezkor yechim topishdan iborat bo‘ladi. Albatta, buni Administratsiya rahbari boshqaradi, Prezident nazorati esa doimiy bo‘ladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Теглар

Мавзуга оид