Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish uchun yangi qoidalar ishlab chiqdi
Eron yuk tashish kompaniyalari o‘z tankerlariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga ruxsat berish uchun to‘ldirishlari kerak bo‘lgan «Kema haqida ma’lumot deklaratsiyasi» loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatda 40 dan ortiq savollar mavjud.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish uchun tanker egalarini «Kema haqida ma’lumot deklaratsiyasi»ni to‘ldirishga majbur qilmoqchi. Bu haqda kecha, 7-may kuni CNN ixtiyoriga kelib tushgan hujjatga tayanib xabar berdi.
40 dan ortiq savoldan iborat mazkur «deklaratsiya»ni 5-may kuni Eron hukumati tomonidan tuzilgan Fors ko‘rfazi bo‘g‘ozi ma’muriyati (PGSA) ishlab chiqqan. Hujjatda, jumladan, kema nomi va identifikatsiya raqami, uning avvalgi nomi, kelib chiqqan mamlakati va yo‘nalish manzilini ko‘rsatish talab qilinadi. Shuningdek, kema egalari, operatorlari va ekipaj a’zolarining fuqaroligi haqida ma’lumot taqdim etilishi lozim. Tashilayotgan yuk to‘g‘risidagi batafsil ma’lumot ham majburiy hisoblanadi.
Ushbu ma’lumotlarning barchasi kema Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishidan oldin PGSA elektron pochtasiga yuborilishi kerak.
«Noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumot taqdim etilgani uchun javobgarlik to‘liq ariza beruvchi zimmasiga yuklatiladi, kelib chiqadigan barcha oqibatlar uchun ham u javob beradi», – deyiladi tashkilot elektron xatida, u bilan CNN tanishgan.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish uchun haq undirishni rejalashtirayotgani yoki yo‘qligi hozircha aniq emas
CNN ta’kidlashicha, Tehron hukumati buni avvalroq ehtimoliy daromad manbai sifatida ko‘rgan. Ushbu mablag‘lar AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan bombardimonlardan keyin mamlakatni tiklashga yo‘naltirilishi mumkin. CNN ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Eron har bir kemadan 2 million dollargacha haq undirishi mumkin.
Shu bilan birga, agar bunday to‘lovlar joriy etilsa, AQSH fuqarolari va amerikalik kompaniyalarga ularni amalga oshirish taqiqlanadi.
«Eron hukumati yoki Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita to‘lovlarni amalga oshirishga AQSH jismoniy shaxslari, jumladan amerikalik moliyaviy muassasalar yoki AQSH nazoratidagi xorijiy tashkilotlarga ruxsat berilmaydi», – deya izoh bergan mamlakat Moliya vazirligi.
AQSH «Ozodlik loyihasi» yordamida Eronning bo‘g‘oz ustidan nazoratini buzish niyatida edi
AQSH Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini susaytirish uchun «Project Freedom» («Ozodlik loyihasi») operatsiyasini boshlashni rejalashtirgan edi. 4-may kuni start berilgan ushbu operatsiya doirasida amerikalik harbiylar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijorat kemalariga hamrohlik qilishi kerak edi.
Donald Tramp amerikalik kemalarga hujum qilingan taqdirda Eronga qarshi javob choralari ko‘rilishidan ogohlantirdi. Marko Rubio so‘zlariga ko‘ra, gap «hujumkor emas, balki mudofaa xarakteridagi operatsiya» haqida ketmoqda. «Agar birinchi bo‘lib bizga o‘q uzishmasa, hech qanday otishma bo‘lmaydi», – deya tushuntirgan AQSH davlat kotibi.
6-mayga o‘tar kechasi Donald Tramp «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida «Project Freedom» operatsiyasi Eron bilan kelishuvni yakunlash va imzolash imkoni bor-yo‘qligini aniqlash uchun «qisqa muddatga to‘xtatib turilishi»ni yozdi. AQSH prezidentining aytishicha, buni Pokiston «va boshqa davlatlar» so‘ragan.





