Futbolchidan tortib maxfiy agentgacha: dunyo liderlari prezident bo‘lishidan avval kim edi?
Bugun siz-u bizga juda yaxshi tanish bo‘lgan, dunyo siyosatida asosiy o‘rin tutayotgan liderlar, aniqrog‘i prezidentlar yoshligida nima bilan mashg‘ul bo‘lgan? O‘zi ular hokimiyatga qadar nima ishlar qilgan? Kimdir hokim, kimdir futbolchi, qaysidirlari aktyor, yana boshqa biri xavfsizlik zobiti sifatida ishlagan bo‘lsa, hatto ular orasida oddiy teshik kulcha sotadiganlari ham yo‘q emas. Ushbu maqolada ana shunday liderlar haqida so‘z boradi.
KGB’ing yashirin josusi
Rossiya prezidenti Putin siyosatda nima ish qilyapti-yu, nimalar qilmayotganini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak? 73 yoshli bu odam o‘zi nega shu qadar kuchli liderga aylandi?
Ilk faoliyatini sovet davrida KGB’ning maxfiy agenti sifatida boshlagan Putin bolaligidan razvedkachi bo‘lishni orzu qilardi.Chunki o‘sha paytdagi totalitar tuzum yoshlarni shu ruhda katta qilgan.
1970-yil. Yosh Putin maktabni tamomlab, KGB’ga uni ishga olishlarini so‘rab murojaat qiladi. Suxbat chog‘ida unga ko‘proq huquqiy bilimlarni o‘zlashtirishni maslahat berishadi. Leningrad universitetida o‘qigan Putinning sport yo‘nalishida ham ishi besh edi. Cambo va dzyudo chempioni bo‘lib ulgurgan Putin o‘qishdan diplomini olgach, leytenant unvoni bilan KGB zobitiga aylandi. Xuddi shu voqea uning hayotidagi keskin burilish desak bo‘ladi. O‘zining saloxiyati va intiluvchanligi tufayli KGB’ning xalqaro maydondagi vakili bo‘ldi.
1985-yil. Putin Sharqiy Germaniyaga maxfiy topshiriq bilan jo‘natildi.O‘sha paytda Germaniya ikki qismga bo‘lingan bo‘lib, Sharqiy Germaniya SSSR boshchiligidagi sotsialistik blok tarkibiga kirardi. Aynan o‘sha yerda razvedkachi sifatida xizmat qilayotgan Putin kutilmagan favqulodda vaziyatni o‘z nazoratiga olib, muhim rol o‘ynagan. Qayta qurish davrida, aniqrog‘i, 1990-yilda u Moskvaga qaytib bordi va biroz muddat ishsiz yurdi. Moskvada avgust voqealari tinchigach, Putin o‘zi tamomlagan oliygoxda biroz muddat rektor Merkurevga yordamchi bo‘ldi. Universitet rektori Putinni shahar meri Anatoliy Sobchak bilan tanishtirib, uni ishonchli va mas’uliyatli xodim sifatida maqtagan. Bu maqtov juda qo‘l keladi va 1991-yilda Sobchak Sankt-Peterburg meri etib saylangach, Putin uning xalqaro aloqalar bo‘yicha yordamchisi lavozimiga tayinlanadi. Shu tariqa u xorijiy investorlar, yirik biznes vakillari va dunyoning nufuzli tadbirkorlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
1996-yil Putinning siyosiy faoliyati yakuniga yetgandek ko‘rinardi. Uning ustozi Anatoliy Sobchak gubernatorlik saylovlarida yutqazadi va natijada Putin yana bir bor ishsiz qoladi. Oradan yillar o‘tib Rossiya prezidenti o‘sha davrlarni o‘zi bergan intervyularidan birida quyidagicha yodga oladi:
«Hatto taksichilik qilib pul topish haqida ham o‘ylaganman. Hazillashmayapman. Ikki kichkina qizim bor edi. Boshqa ilojim yo‘qdek tuyulardi. Shunday paytda menga Moskvaga ko‘chib, Prezident administratsiyasida ishlash taklifi berildi. Men rozi bo‘ldim».
Aynan mana shu qaror uning hayotidagi yana bir keskin burilish bo‘ldi. 1997-yilda Putin Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari etib tayinlandi. U o‘zining qat’iy intizomi, sovuqqonligi va topshirilgan vazifalarni aniq bajarishi bilan Kreml «kattalari»ning ishonchini qozona boshladi. Oradan bir yil o‘tib, sobiq KGB’ga asosiy voris hisoblanmish Federal xavfsizlik xizmatiga direktor bo‘ldi.
Razvedka tizimida uzoq yillar ishlagan Putin uchun bu lavozim begona emasdi. U qisqa vaqt ichida mamlakatdagi eng qudratli amaldorlardan biriga aylandi.1999-yilga kelib Rossiya og‘ir siyosiy va iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgandi. Ana shunday murakkab vaziyatda prezident Boris Yelsin Putinni hukumat raisi — bosh vazirlikka tayinladi. Ammo kutilmagan voqealar hali oldinda edi.
1999-yil, Yangi yil bayrami kuni Boris Yelsin butun dunyo uchun kutilmagan qarorini e’lon qildi. U prezidentlik lavozimidan iste’foga chiqayotganini aytib, davlat rahbari vakolatlarini Putinga topshirdi. Shu tariqa oddiy razvedkachi bo‘lish orzusidan boshlanib, Rossiyaning eng oliy siyosiy lavozimigacha yetib borgan Putin oldida bitta vazifa turardi — mamlakatni boshqarish va millionlab rossiyaliklarning ishonchini qozonish. Ammo e’tibor bering, oxirgi paytlarda Ukraina bilan olib borilayotgan urush sabab Rossiya xalqining Putinga ishonchi tushib boryapti.
Shoumen va biznesmen Tramp
Oq uy rahbari Donald Trampni bilmagan, uning raqsini ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak. Davlatlarning «kattakonlari» bilan har gal ko‘rishganda ularning qo‘lini qattiq siqib, o‘ziga tortadigan bu kishi prezidentlikdan oldin tadbirkorlik bilan shug‘ullangani ham hech kimga sir emas. Xo‘sh, u siyosat yo‘lagiga qanday va kim orqali qadam bosgan?
Trampning biznes olamiga kirib kelishiga bevosita otasi Fred Tramp sababchi. Fred o‘sha vaqtlarda Nyu-Yorkning yirik ko‘chmas mulk magnati xisoblanardi. Tramp 25 yoshida, aniqrog‘i 1971-yilda otasining ko‘chmas mulk kompaniyasi rahbarligini o‘z qo‘liga oldi va uni «Trump Organization» deya qayta nomladi.
1977-yilda Nyu-Jersi shtatida qimor o‘yinlariga rasman ruxsat beriladi. Bu Tramp uchun yangi imkoniyat edi.1980-yilda u Atlantik-Sitidan yer sotib oladi va kazino biznesiga kirishga qaror qiladi. Ikki yil o‘tib, qiymati 250 million dollarga baholangan «Trump Plaza Hotel & Casino» ochiladi. Shundan so‘ng Tramp kazino biznesiga yanada chuqurroq sho‘ng‘iydi.
1986-yilda u «Hilton» mehmonxonalar tarmog‘iga tegishli binoni sotib olib, uning o‘rnida 320 million dollarlik yangi hashamatli mehmonxona quradi. Shu bilan bir vaqtda tarixdagi eng yirik kazino loyihalaridan biri — «Trump Taj Mahal» qurilishi boshlanadi.1990-yilda bu ulkan majmua foydalanishga topshiriladi va o‘sha davrda dunyodagi eng yirik mehmonxona-kazinolardan biri sifatida e’tirof etiladi.
1990-yillarning boshiga kelib Trampning boyligi taxminan 1 milliard dollarga baholanardi. U endi nafaqat mehmonxonalar va osmono‘par binolarga, balki aviakompaniya, sport klubi va o‘nlab boshqa kompaniyalarga ham egalik qilardi. Ammo biznes qanchalik kattalashsa, uni boshqarish ham shunchalik murakkablashardi.
Tramp yangi loyihalarni asosan banklardan olingan kreditlar hisobiga moliyalashtirardi. Ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz boshlangach, uning daromadlari kamayardi, qarzlari esa tobora ortib borardi va Trampning umumiy qarzi qariyb 9,8 milliard dollarga yetadi. Shundan 900 million dollarni u shaxsan o‘zi qaytarishi kerak edi. Vaziyat shu darajaga borib yetadiki, Tramp o‘zining eng mashhur binosi —Trump Tower’ni ham garovga qo‘yishga majbur bo‘ladi. Ko‘pchilik uning biznes faoliyati shu yerda tugaydi, deb o‘ylagan edi. Ammo Tramp taslim bo‘lmadi. Kazino biznesidan tushgan daromad va banklar bilan qayta kelishuvlar orqali u qarzlarini bosqichma-bosqich kamaytira boshlaydi.
Trampni 80-yillardayoq prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rishgan. Lekin u uzoq vaqt siyosatdan ko‘ra biznesni afzal ko‘rdi. Yana bir muxim fakt, Trampning siyosatga kirib kelishida Turkiyaning sobiq prezidenti Turgut O‘zal sababchi bo‘lgan. Bu xaqda prezidentning o‘g‘li Axmed O‘zal intervyusida aytib o‘tgan.1992-yilda Turkiyaning sobiq prezidenti Turgut O‘zal Amerikaga davlat tashrifi bilan boradi. O‘shanda Tramp uni o‘z uyiga oilaviy tushlikka taklif qiladi.
Tushlik bahonasida Tramp O‘zalga siyosatga kirish niyati borligini aytadi. Shunda Turgut O‘zal Trampga moliyaviy muammolarni hal qilmay turib siyosatga kirmaslikni maslahat bergandi va inqirozda bo‘lgan bir biznesmen, kuchli bir siyosatchi bo‘la olmasligini aytgandi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Tramp o‘sha vaqtlarda moliyaviy qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelgandi. Tasdiqlanmagan yana bir ma’lumotga ko‘ra, Tramp Amerikaning o‘sha vaqtdagi raxbari Jorj Bush bilan ko‘risha olmagani uchun Turgutdan bir uchrashuv tashkil qilib berishni so‘raydi. Uchrashuv bo‘lgan yoki bo‘lmagani xaqida esa aniq ma’lumot yo‘q.
2009-yilda Respublikachilar partiyasiga qo‘shilgach, uning siyosiy faoliyati jiddiy tus oldi. 2015-yilning iyun oyida Tramp AQSH prezidentligiga nomzodini rasman e’lon qildi. U saylovoldi kampaniyasini «Amerikani yana buyuk qil» shiori ostida olib bordi. Asosiy va’dalari noqonuniy immigratsiyani cheklash, iqtisodiyotni tiklash, ishlab chiqarishni AQSHga qaytarish va Xitoy bilan savdo siyosatini qat’iylashtirishdan iborat edi.
Trampning keskin va odatiy siyosatchilardan farq qiladigan chiqishlari, ayniqsa ishchi sinf vakillari orasida ijobiy qo‘llab-quvvatlandi. 2016-yilgi prezidentlik saylovlarida esa ko‘pchilik favorit deb hisoblagan Hillari Klintonga qarshi kutilmagan g‘alabani qo‘lga kiritib, AQSHning 45-prezidentiga aylandi. U bugun Amerikaning 47-prezidenti. Ammo u hozir Oq uyni qanday boshqaryapti, dunyo siyosatiga qay tarzda ijobiy yoki salbiy ta’sir o‘tkazyapti, bu borada fikr yuritishni sizga qoldiramiz.
Teshik kulcha sotuvchi yigitcha
Turkiyaning 12-prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ham prezident bo‘lishidan avval qilgan ishi e’tiborni tortadi. Uning siyosatdan avvalgi faoliyati bolalik yillariga borib taqaladi.13 yoshli Erdo‘g‘an oilasiga yordam berish maqsadida pul topish uchun Istanbulning notinch tumanlarida ko‘chama ko‘cha yurib, limonad va teshik kulcha sotgan. 1969–1982-yillar mobaynida futbolchi ham bo‘lgan, yarim professional darajadagi klublarda, xususan, Camialti va keyinchalik IETT ( İstanbul Elektrik Tramvay ve Tünel İşletmelerinin Kulübü) jamoalarida to‘p so‘rgan. Erdo‘g‘an o‘sha paytda iqtidorli hujumchi sifatida tanilgandi.
Istanbuldagi Marmara universitetining iqtisodiyot fakultetida o‘qib yurgan kezlari islomiy «Milliy najot» partiyasi yoshlar qanotiga a’zo bo‘lib, o‘z qarashlarini belgilab olgan va shu yerda siyosiy faoliyatini boshlagan. Shuning uchun u to‘liq siyosat bilan shug‘ullanish maqsadida futboldagi faoliyatiga nuqta qo‘ygan. Ayrim manbalarda hatto futbolchi bo‘lishiga va shu yo‘ldan ketishiga otasi qarshi bo‘lgani aytiladi.
Albatta uning siyosiy maydonga kirib kelishi ba’zilarga o‘xshab oson kechmagan.O‘ziga yarasha murakkab chig‘iriqlardan o‘tgan. Erdo‘g‘an siyosatga juda yosh paytida qadam qo‘ygan.1970-yillar boshida, o‘rta maktabda o‘qib yurgan paytida u «Milliy najot» partiyasining Istanbul yoshlar tashkiloti raisi etib saylangan. 4 yil Istanbulga hokimlik qiladi va mahalliy aholi uni xarizmatik siyosatchi va boshqaruvchi sifatida bilardi. 1998-yil sentabrda sud Erdo‘g‘anni «millatlararo nizo va adovat qo‘zg‘atish»da aybdor deb topadi va 4 oy qamoqqa tashlaydi. Bunga sabab esa, bir yil avval dekabrda uning Siirt shahridagi mitingda turkiyalik shoirning she’ridan bir necha satr keltirgani edi. Vaxolanki, bu she’r Turkiyada ta’qiqlanmagandi. Erdog‘an aytgan she’r quyidagicha edi:
«Masjidlar — bizning kazarmalarimiz, ularning gumbazlari — bizning dubulg‘alarimiz, minoralar — bizning nayzalarimiz, va iymonimiz — bizning askarlarimiz».
2003-yil 14-mart kuni Erdo‘g‘an bosh vazir lavozimini egalladi va qariyb 11 yil davomida mamlakat hukumatiga rahbarlik qildi. Aynan uning davrida Turkiya siyosatida eng katta o‘zgarishlardan biri — parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tish g‘oyasi ilgari surildi.
Erdo‘g‘an prezidentni parlament emas, balki xalqning o‘zi to‘g‘ridan to‘g‘ri saylashi kerakligini faol targ‘ib qildi. Uning tashabbusi bilan qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritildi va natijada Turkiya tarixida ilk bor prezident umumxalq ovozi bilan saylanadigan bo‘ldi.
2014-yilgi tarixiy saylovda Erdo‘g‘an saylovchilarning 52,59 foiz ovozini qo‘lga kiritib, Turkiyaning xalq tomonidan saylangan ilk prezidenti sifatida 28-avgust kuni qasamyod qildi.
Shavkat Mirziyoyev
Faoliyatini o‘zi o‘qigan irrigatsiya institutida boshlagan prezident Mirziyoyev 90-yilga kelib deputat bo‘lgan va ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ishlagan. Mustaqillikka erishilganidan 1 yil o‘tib poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga hokim bo‘ldi. Aynan ushbu lavozimdaligida tepadagilar Mirziyoyevni ishdan olib tashlashga uringan. Buni davlat boshlig‘ining o‘zi 2021-yilda Samarqandda saylovchilar bilan uchrashuvda gapirib bergandi.
Uni hokimlikdan olib tashlash Eron prezidentining Toshkentga tashrifi arafasida sodir bo‘lgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 1993-yilning oktabrida Ali Akbar Xoshimiy Rafsanjaniy rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan. Mirziyoyev buni quyidagicha eslaydi:
«Menga topshiriq bo‘ldi. Unda tumanning yosh hokimiman. O‘sha paytda Islom Abdug‘aniyevich aytdilarki, Eron prezidentini olib boramiz, haykalning poyiga gulchambar qo‘yilishi kerak. Men nima uchun bu gaplarni sizlarga aytyapman? Meni Toshkentdan yo‘q qilishga juda ko‘p odamlar urinishgan. Qishloqdan kelgan, qachon ketadi, deb juda katta kurash bo‘lgan».
Ertalab ikki prezident kelib, Mirzo Ulug‘bek haykali poyiga gulchambar qo‘yishi kerak bo‘lgan. Soat 6:50 da Mirziyoyevning qabulxonasidan unga telefon qilishgan va «Shavkat Miromonovich, Ulug‘bekning boshini kesib ketishibdi!», deyishgan. Shundan so‘ng u «Qanaqa bosh? Qanaqa Ulug‘bek?», deya so‘ragan. Ular esa «Haykalning boshini olib tashlashibdi!», deyishgan.
«Ya’ni shunday tayinlanganki, soat o‘ntakam o‘nda kortej keladi, prezident keladi Eron prezidenti bilan. Haykalning kallasi bo‘lmaydi. Shu bilan Mirziyoyevning ham kallasi ketadi. Xullaskalom, 7:20 da yetib bordim. Soat o‘nda ikkita prezident kelishi kerak. Haykalning kallasi yo‘q. U ham gipsdan bo‘lgan-da. Har bitta haykal oldin bir-ikki yil gipsda turadi», — deydi prezident.
O‘zining aytishicha, Shavkat Mirziyoyev bu ishni kim qilganini o‘sha paytdayoq sezib ulgurgan. Davlat rahbariga ko‘ra, buni kichkina odam qilmaydi, nimagaki, u haykal prezident kelishidan bir kun oldin qo‘riqlashga olinadi. Alohida tashkilotlarning o‘zi Mirziyoyevni yo‘q qilaman deb haykalning kallasini olib tashlagan.
O‘shanda «Toshkent oqshomi» gazetasida bezorilar jarrohlik markazi yaqinidagi Ibn Sino haykalining ostini kovlab, o‘zlariga boshpana qilib olgani haqidagi xabarni o‘qigani Shavkat Mirziyoyevning esiga tushib qoladi:
«Shunday esimga tushdi. Demak, shu haykal hamma narsani hal qilishi kerak. Bu gap Mirziyoyevni ishdan olib tashlashi to‘g‘ri, lekin davlat sharmanda bo‘ladi. Prezident olib kelsa… Kallasiz haykalga gulchambar qo‘ymaydiku. Keyin esimga tushdiki, shu haykal gipsdan bo‘lsa kerak, dedim. Bir andijonlik muovinim bor edi. O‘shaning mashinasi ruliga o‘zim o‘tirdim-da, uyingda arra bormi, deb so‘radim. «Bor», dedi. Ikki-uchta arrangni ol, dedim. O‘zi yo‘lda, Chilonzorda turardi. O‘zim rulda o‘tirib bordim-da, ertalab hamma uxlab yotgan vaqtda biz ham Ibn Sino haykalining boshini kesib, olib keldim».
MXXning birinchi muovini o‘shanda soat 9:10 da 100 foiz uni ishdan olishga kelgan.
«Shahar hokimi tushdi-da: «Ey, sen… qani Ulug‘bekning kallasi?» — deb so‘raydi. Menga qarab gapiryati-da, haykalga qaramaydi. «Bosh qani», — deydi. Shunday qarasa haykal turibdi. Haykal ham turibdi, kalla ham turibdi» — deb eslaydi davlat rahbari.
U 1996-2001-yillarda Jizzax, 2001-2003-yillarda Samarqand viloyatiga xokim bo‘lgan. Marhum Birinchi prezident Islom Karimov Samarqandga hokimlik qilayotgan Mirziyoyevni 2003-yilda bosh vazirlikka nomzod qilib ko‘rsatadi. Ungacha 2 kishi, ya’ni Abdulhoshim Mutalov va O‘tkir Sultonovlar bosh vazir sifatida ishlagan bo‘lsa ham, haqiqiy ma’noda bosh vazir bo‘lish faqat Shavkat Mirziyoyevga nasib etgan. 2005-yilga qadar Karimov «Vazirlar Mahkamasi raisi» lavozimini ham o‘zida saqlab turgan. U ushbu lavozimga yana 3-marta - 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir qatorda, 1995–2003-yillarda Oliy Majlis deputati sifatida ham ish olib bordi. Mirziyoyev mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilgan, shuningdek, demokratik islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etdi.
Karimov vafot etganidan so‘ng, O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi. 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi yakunlari bo‘yicha 88,61 foiz ovoz bilan O‘zbekiston prezidenti etib saylandi. 2016-yil 14-dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.
Теглар






