Logo

Issiq kunlarda O‘zbekistonda elektr iste’moli sutkasiga 280 mln KWhga yetishi mumkin

Бугун 12:502 дақиқа

Energetika vazirligi prognoziga ko‘ra, issiq kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr iste’moli 280 mln KWhga, maksimal yuklama esa 13–13,3 GWhgacha oshishi mumkin.

Issiq kunlarda O‘zbekistonda elektr iste’moli sutkasiga 280 mln KWhga yetishi mumkin © Energetika vazirligi

Energetika vazirligida Yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabi navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda yozgi mavsumda energetika tizimi barqarorligini ta’minlash, iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash hamda sohada nazoratni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Energetika vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, «O‘zenergoinspeksiya», mahalliy hokimliklar hamda boshqa mas’ul idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida havo harorati yuqori bo‘ladigan kunlarda elektr energiyasiga talab keskin ortishi qayd etildi. Prognozlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 mln kVt·soatga, maksimal yuklama esa 13–13,3 GWhgacha yetishi mumkin.

Shu munosabat bilan barcha tizim korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli faoliyatini ta’minlash, avariyalarning oldini olish, profilaktik nazoratni kuchaytirish, avariya brigadalarining shayligini oshirish hamda rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Energetika obyektlarida kuchaytirilgan nazorat reydlari o‘tkaziladi

Yig‘ilishda Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda yuz bergan nosozliklar va ular oqibatidagi avariyaviy elektr uzilishlari ham tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilanib, ayrim rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, anomal issiq sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat hamda yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirish topshirildi. Havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.

Ushbu talablar ijrosini ta’minlash uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura, «O‘zenergoinspeksiya» va Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan hamkorlikda energetika obyektlari hamda yoqilg‘i infratuzilmasida kuchaytirilgan nazorat reydlari o‘tkaziladi.

Murojaatlar bilan ishlash va navbatchilik

Yig‘ilishda avval berilgan topshiriqlarning ijrosi ham tanqidiy baholandi. Mas’ullarga aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, avariyaviy holatlar haqida fuqarolarni o‘z vaqtida xabardor qilish va hududlarda navbatchilik tizimini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, sohada korrupsiyaga qarshi kurashish, ijro va mehnat intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan xodimlar bilan mehnat munosabatlari bekor qilinayotgani qayd etilib, tizimda korrupsiyaga nisbatan murosasiz yondashuv qat’iy davom ettirilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida barcha tizim rahbarlari qat’iy ogohlantirildi. Kelgusi yig‘ilishlarda, avvalo, berilgan topshiriqlar ijrosi, hududlardagi haqiqiy holat va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati asosiy baholash mezoni bo‘lishi bildirildi.

Теглар

Мавзуга оид