Jahonda pul yana qimmatlashmoqda: Markaziy banklar stavkani oshiryapti
AQSH va Yaponiya markaziy banklari bu hafta stavkalarni oshirdi. Yevropa Markaziy banki esa qat’iy siyosatni davom ettirish signalini berdi.
© ShutterstockJahon iqtisodiyotida markaziy banklar yana pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish bosqichiga yaqinlashmoqda. Reuters tahliliga ko‘ra, bir qator yirik markaziy banklar inflatsiyani jilovlash uchun foiz stavkalarini oshirmoqda yoki bunga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bunga Yaqin Sharqdagi urush fonida neft va boshqa energiya resurslari narxlarining yuqoriligi ham ta’sir qilmoqda.
AQSH stavkani uch yildan keyin oshirdi
Federal zaxira tizimi 16-sentabr kuni asosiy stavkani 0,25 foiz bandga oshirib, 3,75–4 foiz oralig‘iga olib chiqdi. Bu FRTning so‘nggi uch yildagi birinchi stavka oshirishi bo‘ldi.
FRT rahbariyati inflatsiyaning maqsadli 2 foiz darajasidan yuqori bo‘lib qolayotgani sharoitida pul-kredit siyosatini yanada qat’iylashtirish imkoniyatini ochiq qoldirdi. Markaziy bankning prognozlariga ko‘ra, 18 nafar siyosatchidan 16 nafari 2026 yil oxirigacha kamida yana bir marta 0,25 foiz bandlik stavka oshirilishini kutmoqda.
Yaponiya 31 yillik rekordni yangiladi
Yaponiya Markaziy banki 18-sentabr kuni asosiy stavkani 1 foizdan 1,25 foizga oshirdi. Bu mamlakatdagi stavkaning 31 yildagi eng yuqori darajasi hisoblanadi.
Bank raisi Kadzuo Uedaga ko‘ra, Yaponiyada bazaviy inflatsiya 2 foizlik maqsadga yaqinlashgan. Shu sababli markaziy bankning diqqati narxlarni ko‘tarish emas, balki inflatsiyaning belgilangan maqsaddan oshib ketishining oldini olishga qaratilmoqda.
Qaror 7 nafar ovoz bilan qo‘llab-quvvatlangan, 2 nafar kengash a’zosi esa stavkani oshirishga qarshi chiqqan.
Yevropa va Britaniyada ham qat’iy signallar
Yevropa Markaziy banki sentabr oyida stavkani oshirib, kelgusi qarorlar bo‘yicha qat’iy pozitsiyani saqlab qoldi. Markaziy bank vakillari energiya narxlarining yuqoriligi inflatsiya bosimini kuchaytirishi mumkinligini bildirmoqda.
Buyuk Britaniya Markaziy banki esa bu hafta stavkani o‘zgartirmadi. Biroq urush davom etsa va energiya narxlari yuqori bo‘lib qolsa, inflatsiya xavfi sabab stavkani oshirishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini bildirdi.
Nega markaziy banklar yana stavkani oshiryapti?
Bu jarayonning asosiy omillaridan biri — energiya narxlari.
Yaqin Sharqdagi urush neft ta’minoti bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirib, narxlarni yuqori darajada ushlab turibdi. Bu esa transport, elektr energiyasi, ishlab chiqarish va boshqa xarajatlarga ta’sir qilib, inflatsiyani yana tezlashtirishi mumkin. Reuters markaziy banklar aynan shu xavfni hisobga olayotganini qayd etmoqda.
Shu bilan birga, yuqori foiz stavkalari iqtisodiyotda kredit olishni qimmatlashtiradi, talabni pasaytiradi va natijada narxlar o‘sishini sekinlashtirishga xizmat qiladi.
Hozirgi jarayon 2022 yildan keyingi global stavka oshirish davrini eslatmoqda. Farqi shundaki, hozirgi stavkalar o‘sha davr boshidagi rekord darajada past ko‘rsatkichlardan ancha yuqori turibdi.





