Logo

«Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi doirasida 10 mingdan ortiq o‘quvchi til sertifikatiga ega bo‘ldi

«Toshkent tajribasi» sifatida 2025–2026-o‘quv yilidan amalga oshirilgan loyiha doirasida poytaxtdagi barcha umumta’lim maktablarining qariyb 40 ming nafar 11-sinf o‘quvchisi xorijiy til bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tkazilib, ularning bilim va amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.

«Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi doirasida 10 mingdan ortiq o‘quvchi til sertifikatiga ega bo‘ldi © sun'iy intelekt

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025-yil dekabridan Toshkent shahrida amalga oshirilgan «Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi o‘zining dastlabki natijalarini berdi. Loyiha doirasida poytaxtdagi barcha umumta’lim maktablarining qariyb 40 ming nafar 11-sinf o‘quvchisi xorijiy til bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, dastlab o‘quvchilarning til bilish darajasini aniqlash uchun MOCK imtihonlari tashkil etildi. Natijalar asosida o‘quvchilar bilim darajasiga qarab guruhlarga ajratildi va xorijiy mutaxassislar ishtirokida bepul mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda ishtirokchilar milliy sertifikat sinovlaridan o‘tkazildi.

10 mingdan ortiq o‘quvchi sertifikat oldi

Loyiha yakuniga ko‘ra, 10 106 nafar 11-sinf o‘quvchisi ingliz tili bo‘yicha B1 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘ldi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida xorijiy til sertifikatiga ega o‘quvchilar soni 2 970 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil 1-iyul holatiga kelib bu ko‘rsatkich 17 515 nafarga yetgan. Bu yarim yil ichida qariyb olti barobar o‘sish degani..

Loyiha kengaytiriladi


2025–2026-o‘quv yili davomida respublika bo‘ylab 1 518 nafar xorijiy til mutaxassisi jalb qilingan. Yangi o‘quv yilidan boshlab ularning sonini 2 ming nafardan oshirish rejalashtirilmoqda.

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar orasida 125 354 nafar chet tili bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega.

Shuningdek, barcha talab etiladigan fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan qariyb 13 ming nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida test sinovlarini topshirishdan ozod etilgan.

Теглар

Мавзуга оид