«Kulrang kardinal»ning qulashi: Qirg‘iziston davlatdagi ikkinchi odamidan qanday ayrildi?

14.02.2026 | 12:307 дақиқа

Tashiyevning iste’fosi — sobiq ittifoq hududida so‘nggi to‘rt oy ichida sodir bo‘lgan uchinchi yirik siyosiy o‘zgarishdir. Ammo Qirg‘izistonda an’anaviy ravishda xavf hamisha yuqori bo‘lib kelgan — bu yerda siyosiy inqirozlar jiddiyroq hodisalarga aylanib ketish xususiyatiga ega.

«Kulrang kardinal»ning qulashi: Qirg‘iziston davlatdagi ikkinchi odamidan qanday ayrildi?

Qamchibek Tashiyev yurak operatsiyasidan keyingi muntazam ko‘rikdan o‘tish uchun Bishkekdan Myunxenga uchib ketgan edi. Vatanga qaytishda u endi mutlaqo boshqa odamga aylandi — lavozimsiz, vakolatlarsiz va o‘ziga sodiq o‘rinbosarlar armiyasisiz. Germaniya klinikasida o‘tkazilgan bir necha kun yakunda mamlakatda ulkan o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.

Shunga qaramay, 13-fevralga o‘tar kechasi «Manas» aeroportida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq rahbarini kutib olgan beshta avtomobildan iborat kortej bir narsaga ishora qilgandek edi: generalni hisobdan chiqarishga hali erta.

1

Qamchibek Tashiyev va Sadir Japarov

Endi mavjud bo‘lmagan tandem

Besh yil davomida Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonni yaxlit bir butunlik sifatida boshqarib kelishdi. Rasmon birinchisi prezident, ikkinchisi esa maxsus xizmat rahbari edi. Amalda esa vazifalar taqsimoti boshqacharoq ko‘rinishga ega edi: Japarov vazmin davlat arbobi rolini o‘ynagan bo‘lsa, Tashiyev keskin va qat’iy kuch ishlatar tizim vakili sifatida namoyon bo‘ldi — u o‘z fikrlarini bildirishda gapni aylantirib o‘tirmas va o‘zini vazirlik doirasi bilan cheklab qo‘ymas edi.

Ularning ittifoqi 2010 yillarning boshiga borib taqaladi — o‘shanda ikkalasi ham hokimiyatni egallashga urinish bo‘yicha jinoiy ishda ayblangan. Umumiy taqdir ularning siyosiy sherikligini har qanday shartnomadan ko‘ra mustahkamroq bog‘lagan edi. 2020 yilda Japarov hokimiyat tepasiga kelgach, Tashiyev eng muhim kuch ishlatar lavozimni egalladi va MXDQni «davlat ichidagi davlat»ga aylantirdi.

Uyushgan jinoyatchilikning yo‘q qilinishi aynan uning nomi bilan bog‘lanadi. Tashiyev respublikada endi «qonundagi o‘g‘rilar» va jinoiy guruh yetakchilari bo‘lmasligiga va’da bergan edi. Uning davrida kriminal avtoritet Qamchi Qo‘lboyev otib o‘ldirildi. Tashiyev Tojikiston va O‘zbekiston bilan yillar davomida hal etilmayotgan chegaradagi bahslarni tartibga solishda muhim rol o‘ynadi — bu nizolar uzoq vaqt davomida yechimini topmayotgan edi. Chegara xizmati MXDQ nazoratiga o‘tdi. Davlatning birinchi rahbarlarini qo‘riqlaydigan To‘qqizinchi xizmat ham aynan unga bo‘ysunar edi.

Ko‘plab qirg‘izistonliklar uchun general allaqachon «birinchi raqamli odam»ga aylanib ulgurgandi. Faqatgina bir savol ochiq qolayotgan edi: ikki kuchli rahbarning bir vaqtdagi hukmronligi qachon ochiqdan-ochiq hokimiyat talashishga aylanib ketadi?

«75 kishining maktubi»

Voqealar rivoji shiddatli tus oldi. Iste’fodan ikki kun avval jamoatchilik maydonida 75 nafar jamoat arbobi — sobiq bosh vazirlar, sobiq gubernatorlar, iste’fodagi generallar va madaniyat sohasi vakillari tomonidan imzolangan ochiq xat paydo bo‘ldi. Unda prezidentlik saylovlarini muddatidan oldin o‘tkazish chaqirig‘i ilgari surilgan edi.

Bunga Konstitutsiyadagi huquqiy noaniqlik rasmiy asos sifatida ko‘rsatildi. Japarov 2021 yilda amaldagi eski Konstitutsiyaga binoan olti yillik muddatga saylangan edi. Biroq o‘sha yilning o‘zida qabul qilingan yangi Bosh qomus prezidentlik vakolatini besh yil qilib belgiladi. Amaldagi davlat rahbarining mandati aynan qachon tugashi borasidagi masalani huquqshunoslar turlicha talqin qilayotgan edi.

Lekin maktubning siyosiy mohiyati shundoq ham tushunarli edi. Hujjat Tashiyev erishgan yutuqlar — «tartib va barqarorlik»ning tiklanishi, jinoyatchilikka qarshi kurash va chegaradagi muammolarning hal etilishiga bag‘ishlangan madhiyanomadek ko‘rinardi. Mohiyatan, mualliflar amalda allaqachon qaror topgan qo‘shhokimiyatchilikni qonuniy ravishda tasdiqlashni taklif etishayotgan edi.

Prezident administratsiyasi bunga zudlik bilan munosabat bildirdi. Rasmiy bayonotda «general nomidan» ish yuritayotgan bir guruh shaxslar haqida so‘z bordi. Japarovning ta’kidlashicha, deputatlar va amaldorlarga «yo general tarafga o‘tasan, yo u bilan hisoblashasan» qabilida ochiqdan-ochiq bosim o‘tkazilgan. Tashiyevning aytishicha, u iste’fosi haqidagi xabarni Myunxenda, telefon orqali eshitgan.

2

Tashiyev va Japarova ittifoqi 2010 yillarning boshlarida, ikkalasi ham hokimiyatni egallab olishga urinish bo‘yicha jinoiy ishda ayblanuvchi bo‘lganida ildiz otgan.

Tozalash

Prezident farmonidan so‘ng boshlangan jarayon xuddi jarrohlik amaliyotini eslatardi. Bir necha soat ichida Tashiyevning uch nafar o‘rinbosari ishdan olindi. Chegara xizmati MXDQ tarkibidan chiqarildi. To‘qqizinchi xizmat negizida yangi Davlat qo‘riqlash xizmati tashkil etildi va u endi bevosita prezidentga bo‘ysundirildi.

Keyingi zarba obro‘sini yo‘qotgan general bilan yaqin aloqada deb bilingan siyosiy arbobga yo‘naltirildi. Parlament spikeri Nurlanbek Turgunbek uulu iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Qizig‘i shundaki, Tashiyevning ishdan olingani haqidagi xabarni uni Anqarada kutib oldi. Vatanga qaytgach, u o‘z lavozimini tark etdi. «Har xil bahs va gumonlarga o‘rin qolmasligi uchun», — deya izohladi Turgunbek uulu. Uning o‘rniga Marlen Mamataliyev saylandi.

Maktubga imzo chekkanlarning bir nechtasi ommaviy tartibsizliklar tayyorlashda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu yerda bir qiziq jihat bor: MXDQ yillar davomida o‘zining siyosiy raqiblariga nisbatan aynan shunday ayblovlarni ilgari surib kelgan. Masalan, noyabrda — parlament saylovlari arafasida — muxolifatdagi Sotsial-demokratik partiya a’zolari ham aynan shu moddalar bilan hibsga olingan edi. O‘shanda ishtirokchilardan birining «hokimiyat almashishi» haqida bo‘lgan uy ichidagi suhbati yozib olingani asosiy dalil bo‘lib xizmat qilgandi. Endi esa MXDQ rahbari tomonidan shakllantirilgan bu mexanizm uning o‘zi bilan aloqador bo‘lgan shaxslarga qarshi ishladi.

«Kulrang kardinallar»ning kuzi

«Kulrang kardinal» — Tashiyevning qulashi shunchaki alohida voqea emas. Oxirgi to‘rt oy ichida sobiq ittifoq hududida rasmiy vakolatlardan tashqarida ulkan ta’sirga ega bo‘lgan bir necha «kulrang kardinallar» o‘z mavqelarini yo‘qotdi.

2025 yilning kuzida Ozarboyjonda chorak asr davomida mamlakatdagi ikkinchi eng nufuzli shaxs hisoblangan Ramiz Mehtiyevga nisbatan jinoiy ish ochildi. Ukrainada esa Zelenskiyning hokimiyatdagi asosiy sherigi hisoblangan prezident ofisi rahbari Andrey Yermak bosim ostida qoldi. Endi esa — Tashiyev.

Uchta davlat, uch xil siyosiy tizim va vaziyat. Biroq umumiy jihat yaqqol ko‘rinib turibdi: prezidentlar o‘z qo‘lida haddan tashqari ko‘p hokimiyatni to‘plab olgan shaxslardan voz kechishmoqda.

Shimol va Janub

Qirg‘izistonda esa bu masalada qo‘shimcha bir o‘zgaruvchi — geografik omil bor. Mamlakat tarixan ikki qutbga bo‘lingan. Shimol — ko‘proq dunyoviy, shaharlashgan va rus tilida so‘zlashuvchi hudud. Janub — ko‘proq dindor, an’anaviylik va milliy ruh ustun bo‘lgan o‘lka. Qirg‘iziston 2005 yildan beri boshdan kechirgan uchta inqilob aynan shu hududiy farqlar asosida yuz bergan.

Japarov — shimoldagi Issiqko‘l viloyatidan, Tashiyev esa «janub farzandi». Ularning tandemi mintaqaviy bo‘linishni bartaraf etish va hokimiyat tepasidagi siyosiy ittifoq orqali mamlakatning ikki qismini birlashtirishga urinish edi. Endi bu ko‘prik buzildi.

Sobiq bosh vazir Feliks Kulovning fikricha, janubda bo‘linish bo‘lmaydi, chunki bu birinchi navbatda Tashiyevning o‘ziga foyda keltirmaydi. «U [Tashiyev] prezidentning qarorini qabul qilishini aytib va barqarorlikka chaqirib, to‘g‘ri yo‘l tutdi», — dedi Kulov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda vaziyat «mutlaqo tinch».

Prezident Japarov esa Tashiyev bilan do‘stlik saqlanib qolishini, qaror xalq birligi yo‘lida qabul qilinganini va general hatto qo‘riqchilar bilan ta’minlanishini ta’kidladi. Biroq siyosatshunos Temur Umarovning fikricha, Japarov o‘zining sobiq safdoshiga «hurmat bilan chekinish uchun imkoniyat» qoldirgan. Savol shundaki, boshqa rollarga o‘rgangan inson bu imkoniyatdan foydalanadimi yoki yo‘q.

Rossiyadagi quvonch

Tashiyevning iste’fosi Rossiya OAVlarida yashirib bo‘lmas quvonchga sabab bo‘ldi. Ular generalni «Qirg‘izistonning asosiy rusofobi» deb atashardi. Tashiyev davrida Bishkekdagi «Rossiya uyi» yopildi. Qirg‘iz ofitserlariga Rossiyada malaka oshirish taqiqlandi. MXDQ rahbari majlislarda rus tilini ishlatgani uchun Xitoy kompaniyalari vakillarini ochiqchasiga tanqid qilar edi: «Yigirma yildan beri ishlayapsizlar, hali ham qirg‘izchani o‘rganmadingizlarmi?», — degan u xitoyliklarga.

«Tashiyevning ketishi bilan mamlakat barqarorlik yo‘liga o‘tadi va Rossiya bilan yaqinlashadi», — deb yozdi VGTRK harbiy muxbiri Andrey Rudenko. «Sargrad» telekanali esa «Mana buni burilish desa bo‘ladi: Qirg‘izistonda rusofob Tashiyev lavozimidan olindi», degan sarlavha bilan chiqdi. Telegram-kanallarda esa «tashqi siyosiy kursning o‘zgarishi» haqida gapira boshlashdi. «Qirg‘izistonda burilish. Rusofobning ketishi», — deya munosabat bildirdi harbiy muxbir Aleksandr Sladkov.

Bu kutuvlar qanchalik asosli ekani bahsli masala. Tashiyev ichki xavfsizlikni belgilardi, tashqi siyosatni emas. Japarov esa o‘zini hech qachon Rossiyaga qarshi rahbar sifatida ko‘rsatmagan. Shunday bo‘lsa-da, bu iste’foning ramziy ahamiyati beqiyos: «milliy yo‘nalish»ning yuziga aylangan inson endi hokimiyatda emas.


3

Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonga keldi


Keyingi qadamlar

Qirg‘iziston tarixi hokimiyatning tinch yo‘l bilan topshirilishiga deyarli guvoh bo‘lmagan — o‘tish davrida prezident vazifasini vaqtincha bajargan Roza Otunbayeva yagona mustasno, xolos.

·         Akayev ag‘darilgan.

·         Bakiyev ag‘darilgan.

·         Atambayev sudlangan.

·         Jeenbekov lavozimidan chetlatilgan.

Japarov bu borada istisno bo‘la oladimi? Davolanishni oxiriga yetkazmay vatanga qaytgan general ushbu ssenariyda qanday rol o‘ynaydi? Navbatdagi prezidentlik saylovlari 2027 yilning yanvariga belgilangan. Biroq Qirg‘izistonda siyosiy taqvimlar kutilmaganda o‘zgarib turish xususiyatiga ega.

Hozircha har ikki tomon ham vaziyatni bosiqlik bilan qarshi olmoqda. Japarov do‘stlik haqida gapiryapti, Tashiyev esa hech qanday ommaviy bayonotlarsiz qaytdi. Aeroportdagi beshta mashinadan iborat kortej — bu hali kuch namoyishi emas, lekin taslim bo‘lish ham emas. Bu shunday siyosiy o‘yinki, unda har ikki ishtirokchi ham hali hal qiluvchi yurishni amalga oshirgani yo‘q. Bu mamlakatda esa xavf darajasi, har doimgidek, bir qarashda ko‘ringanidan ancha baland.

Теглар

Мавзуга оид