Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi
Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy «darcha» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030 yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan.
© Foto: president.uzBugun, 25-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalish — xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimot davomida davlat rahbari Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini jalb etish – muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki jalb etish – vakala, tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish – salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Bunda sotilgan tovar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmasligi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi belgilanmoqda.
Sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko‘maklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy «darcha» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030 yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030 yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev mazkur taklifni amaliyotga tatbiq etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.





