Logo

Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankni jarimaga tortdi

Bunga ular tomonidan prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan.

Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankni jarimaga tortdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil sentabr oyida o‘tkazilgan sakkiz marta yig‘ilishda jami 37 ta masalani ko‘rib chiqib, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qildi.

Qo‘mita yig‘ilishlarida ko‘rilgan masalalarning 21 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida bo‘ldi.

Jumladan:

— kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (2 ta);

— mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, akkreditatsiya va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish (7 ta);

— kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta);

— tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (9 ta) bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala ko‘rib chiqildi.

Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini «tartibga solish qumdoni» doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Markaziy bank 22 ta bank va 3 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgan edi.

Теглар

Мавзуга оид