Logo

Mirzo Ulug‘bekdagi qulagan yo‘l ishida 6 kishi aybdor deb topildi

Бугун 11:554 дақиқа

Mart oyida Mirzo Ulug‘bek Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi, foydalanishga topshirilganiga atigi 1,5 yil bo‘lgan yangi tunnel yo‘li atrofidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi ko‘chib tushgandi. Mazkur yo‘l qurilishi uchun mas’ul bo‘lgan olti nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi.

Mirzo Ulug‘bekdagi qulagan yo‘l ishida 6 kishi aybdor deb topildi © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil 12-mart kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari chorrahasida joylashgan yangi tunnel yo‘li atrofidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi o‘pirilib tushgandi. Ushbu obyekt qurilishiga mas’ul bo‘lgan shaxslarga sud hukmi chiqarildi.

Vaqt.uz tanishgan sud hujjatiga ko‘ra, qurilishga mas’ul bo‘lgan olti nafar shaxs budjet mablag‘larini o‘zlashtirish, mansab soxtakorligi va soxta hujjatlar rasmiylashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

Qurilishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar

Ekspertiza xulosalari va guvohlar ko‘rsatmasiga ko‘ra, ko‘prik qurilishida bir qator qo‘pol texnik va muhandislik xatolariga yo‘l qo‘yilgan:

— Geosetka (armagrunt) o‘rnatishdagi qalloblik: loyiha bo‘yicha tayanch devori orqasida 5 qatordan 7 qatorgacha «armagrunt» setkalari yotqizilishi kerak bo‘lsa-da, amalda faqat 1 qator noma’lum sifatdagi setka qo‘yilgan.

— Beton quyishdagi xatolik (sovuq choklar): Devorning qalinligi o‘zgargan joylarida beton bir tekis va bir vaqtda quyilmagan, balki katta tanaffuslar bilan bir necha bosqichda quyilgan. Buning oqibatida silliq va loy bilan ifloslangan «sovuq choklar» hosil bo‘lgan hamda devor aynan shu zaif choklar bo‘ylab qulab tushgan.

— Drenaj tizimining yo‘qligi: yerosti sizot va yomg‘ir suvlarini yig‘ib chiqarish uchun mo‘ljallangan drenaj tizimi va yopiq kollektorlar umuman qilinmagan yoki ishlamagan. Buning oqibatida tuproqning namligi ortib, zichligi yo‘qolgan (bo‘shashgan).

— Armaturalarni noto‘g‘ri o‘rnatish: anker armaturalari loyiha bo‘yicha 750 mm ichkariga kiritilishi kerak bo‘lsa-da, amalda atigi 400-450 mm kiritilgan.

— Armaturalar oraliq masofasi: gorizontal va vertikal armaturalar loyihada belgilangan qadamlarga (600 mm) rioya qilinmasdan, 1300 mm dan 2 metrgacha bo‘lgan ochiq masofalarda o‘rnatilgan.

— Suv ketkazish quvurlarining yo‘qligi: ko‘prik oraliq qurilmalarida suv ketkazish quvurlari to‘g‘ri loyihalashtirilmagan va o‘rnatilmagan.

Mutaxassislar fikricha, obyekt loyiha va qurilish qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda barpo etilganida bunday hodisa sodir bo‘lmas edi.

Yo‘l qurilishiga mas’ul shaxslar

Sud hujjatlariga ko‘ra, Temur Malik ko‘chasidagi obyekt ikki bosqichda rekonstruksiya qilingan. Birinchi bosqich uchun 118,9 milliard so‘m, ikkinchi bosqich uchun esa qo‘shimcha kelishuvlar bilan 94 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Shu tariqa, ikki bosqich bo‘yicha pudrat shartnomalarining umumiy qiymati 213 milliard so‘mni tashkil etgan.

Obyekt qurilishida bir nechta tashkilot ishtirok etgan. Akmal Murodov «O‘zyo‘lko‘prik klasteri»ning Toshkent viloyati filiali direktor o‘rinbosari sifatida qurilish sifati uchun javobgar bo‘lgan.

Abdumutal Isropilov ish boshqaruvchisi sifatida qurilish jarayonini tashkil etgan va tayanch devorlar uchun mas’ul hisoblangan.

Sanjar Mannonov Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi direktor o‘rinbosari — bosh muhandis, Zafar Sharahmedov esa texnik nazorat bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida ishlarni qabul qilish va nazorat qilish vazifasini bajargan. Nurshod Mavlonov «Yo‘l loyiha byurosi» bosh muhandisi sifatida loyihaning bajarilishini nazorat qilgan bo‘lsa, «Grand nur yo‘l qurilish» rahbari Obid Odilov subpudratchi sifatida qurilish ishlarida qatnashgan.

Sudning xulosasiga ko‘ra, Akmal Murodov, Sanjar Mannonov, Zafar Sharahmedov va Abdumutal Isropilov bajarilgan ishlar haqidagi bir nechta Forma-3 hisobotlariga haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar kiritgan. Mavlonov mualliflik nazorati jurnallariga imzo qo‘yish orqali ushbu harakatlarda ishtirok etgan, Odilov esa subpudratchi sifatida soxta hisobotlarni rasmiylashtirgani qayd etilgan.

7,3 milliard so‘mlik zarar

Sudlanuvchilar o‘zaro jinoiy til biriktirib, aslida bajarilmagan ishlarni bajarildi deb hujjatlarni qalbakilashtirgan va budjet pullarini o‘zlashtirgan:

— Amalda bajarilmagan 433 million 646 ming 124 so‘mlik «Bazalt geosetka yotqizish» ishlari soxta hujjatlarga qo‘shib yozilgan.

— Shuningdek, bajarilmagan 766 million 281 ming 417 so‘mlik qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlari ham bajarildi deb rasmiylashtirilgan.

— Sifatsiz va yaroqsiz qilingan qurilish ishlari miqdori 6 milliard 177 million 776 ming so‘mni tashkil qilgan.

— Umumiy hisobda davlat budjetiga (davlat manfaatlariga) jami 7 milliard 377 million 703 ming 545 so‘m miqdorida juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan va talon-toroj qilingan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, mazkur mablag‘ 2026-yil 23-aprel kuni Bosh prokuratura depozit hisob raqamiga to‘liq qoplangan. Biroq ushbu mablag‘lar kim yoki qaysi tashkilot tomonidan qoplangani sud hujjatlarida ochiqlanmagan.

Aybdorlar jazolandi

Sudlanuvchilar ayblovlarni tan olmagan. Ular sudda qurilish ishlari mutlaqo yaroqsiz emasligi, aniqlangan kamchiliklarni keyinchalik bartaraf etish mumkin bo‘lgani, ayrim ishlar esa loyiha-smeta hujjatlariga keyinroq kiritilganini bildirgan.

Biroq sud ushbu vajlarni qabul qilmagan. Hukmda ayblovlar ishchi va davlat qabul komissiyalari dalolatnomalari, Forma-2 va Forma-3 hisobotlari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomalari, nazorat o‘lchovlari hamda sud-qurilish ekspertizasi xulosalari bilan to‘liq tasdiqlangani qayd etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 31-iyuldagi hukmiga muvofiq, Akmal Murodov, Sanjar Mannonov, Zafar Sharahmedov, Abdumutal Isropilov va Obid Odilovning har biriga BHMning 310 baravari, ya’ni 116 million 250 ming so‘m miqdorida jarima tayinlandi.

Ular bir yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan ham mahrum qilindi.

Nurshod Mavlonov esa Jinoyat kodeksining 28 va 167-moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, unga BHMning 300 baravari — 112 million 500 ming so‘m jarima tayinlandi.

Shuningdek, u ham bir yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Теглар

Мавзуга оид