Logo

NATO 3.0: AQSH Yevropadan chekinsa, Rossiya uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ladi?

Бугун 09:006 дақиқа

Shimoliy Atlantika alyansi o‘z tarixidagi eng murakkab — NATO 3.0 deb nomlangan yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. AQSH Yevropadagi harbiy ishtirokini qisqartirib, mudofaa mas’uliyatini to‘liq ittifoqchilarga topshirayotgan bir paytda, tahlilchilar bu o‘tish davri Rossiya uchun strategik imkoniyatga aylanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

NATO 3.0: AQSH Yevropadan chekinsa, Rossiya uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ladi?

Shimoliy Atlantika alyansi eng murakkab davrlaridan birini boshdan kechirmoqda. Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan buyon bu tendensiya yanada kuchaydi. Tahlilchilar yaqin vaqtlargacha NATO faoliyatini ikki bosqichga ajratadi. Ularning birinchisi — NATO 1.0 — Sovuq urush davrini qamrab oladi.

Bu bosqichda alyans Sovet Ittifoqi va sotsialistik blok mamlakatlariga qarshi qat’iy, aniq va samarali tiyib turish vositasi bo‘lgan. Unda AQSH Yevropa xavfsizligining asosiy kafili vazifasini o‘z zimmasiga olgan. Boshqacha aytganda, Sovuq urush davrida Yevropa AQSHning xavfsizlik himoyasi ostida bo‘lgan.

Ikkinchi bosqich — NATO 2.0 — SSSR parchalanganidan keyingi davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda alyans sharqqa qarab tez sur’atlarda kengaydi va o‘z mas’uliyat hududidan tashqarida yuzaga kelgan inqirozlarga aralashishga e’tibor qaratdi.

Joriy yil boshida AQSH ma’muriyati NATO 3.0 deb nomlangan yangi strategik konsepsiyani ommaga taqdim etdi. AQSH mudofaa vaziri o‘rinbosari Elbridj Kolbi va boshqa rasmiylar ilgari surgan, shuningdek, alyans bosh kotibi Mark Ryuttening qarashlarini ham qamrab olgan ushbu konsepsiya AQSH rahbarligidagi an’anaviy mudofaa modelidan mas’uliyatni qayta taqsimlash va qit’a mudofaasini «yevropalashtirish»ga o‘tishni anglatadi.

Ushbu konsepsiyaga ko‘ra, Yevropa ittifoqchilari an’anaviy qurollar bilan hududiy mudofaa va mintaqaviy xavfsizlik uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. AQSH esa Yevropa hududidagi muntazam qo‘shinlari, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarining bevosita ishtirokini qisqartiradi. Shu orqali resurslarini Tinch okeani mintaqasi va G‘arbiy yarimshar kabi boshqa global ustuvor yo‘nalishlarga qayta yo‘naltiradi.

Vashington o‘zining asosiy yadroviy tiyib turish salohiyati va strategik yordam vositalarini saqlab qoladi. Bunda Buyuk Britaniya va Fransiyaning hissasi ham muhim bo‘ladi.

Bu yo‘nalish AQSHning 2026 yilga mo‘ljallangan Milliy mudofaa strategiyasida ham aniq aks etgan. Unda NATO ittifoqchilari Yevropaning an’anaviy mudofaasi uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi, AQSH esa «hayotiy muhim, ammo cheklangan» yordam ko‘rsatishi kerakligi ta’kidlanadi.

Umuman olganda, bu yondashuvning mantig‘i tushunarli. Yevropa o‘zini himoya qilish uchun zarur iqtisodiy, texnologik va demografik resurslarga ega. Yevropaning mudofaa sohasidagi salohiyati kuchayishi oxir-oqibat NATOni yanada muvozanatli, barqaror va siyosiy jihatdan muhim qila oladi. Ammo qog‘ozda mavjud resurslar amalda safarbar etish mumkin bo‘lgan harbiy qudrat bilan bir xil emas. Yevropa budjetlari qisqa vaqt ichida jangovar shay diviziyalar, yagona havo hujumidan mudofaa tizimlari, uzoq masofaga zarba berish imkoniyatlari, o‘q-dori zaxiralari, razvedka tarmoqlari yoki ishlaydigan qo‘mondonlik tuzilmalarini yaratish uchun yetarli emas. Shu sababli NATO 3.0 bilan bog‘liq asosiy xavf uning maqsadida emas, balki shu maqsadga erishish jarayonidadir.

«The New Eastern Europe» jurnalida chop etilgan maqolasida sobiq gruzin diplomati, hozirda Gruziyaning yetakchi tahlil markazlaridan biri — GEOCASE katta ilmiy xodimi va Gruziyaning bir nechta universitetlari professori Nikoloz Xatiashvili shunday yozadi: o‘nlab yillar davomida AQSHning Yevropadagi hozirligi shunchaki amerikalik harbiylar, samolyotlar va harbiy obyektlar to‘plamidan ancha keng ma’noni anglatgan. U Yevropa mudofaasini birlashtirib turuvchi asosiy bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilgan. AQSH qo‘mondonlik va boshqaruv, razvedka, logistika, havoda samolyotlarga yoqilg‘i quyish, sun’iy yo‘ldoshlar orqali qo‘llab-quvvatlash, strategik tashuvlar, raketaga qarshi mudofaa hamda Yevropaga hujum qilinsa, Amerika harbiy qudrati darhol ishga tushishiga nisbatan siyosiy ishonchni ta’minlagan.

Bunday an’anaviy harbiy hozirlikning o‘rnini bosish nihoyatda qiyin bo‘ladi. Yevropa hukumatlari mudofaa xarajatlarini oshirishi mumkin, ammo harbiy salohiyatni rivojlantirish uchun vaqt, rivojlangan sanoat, tayyor kadrlar va siyosiy matonat kerak. Sammit deklaratsiyasi asosida zavod qurib bo‘lmaydi, armiyani esa bitta saylov sikli davomida qayta tiklashning iloji yo‘q.

Bu esa o‘tish davrini yuzaga keltiradi. Ya’ni AQSH an’anaviy harbiy vazifalarining ayrim qismlarini qisqartirishi, Yevropa esa ularning o‘rnini to‘liq bosa oladigan darajaga hali yetmagan bo‘lishi mumkin. Rossiya bu davrni vaqtinchalik ma’muriy muammo emas, balki strategik imkoniyat sifatida baholaydi.

Muallifning fikricha, NATO 3.0 muvaffaqiyati nafaqat Yevropaning hozirgi chegaralarini qanday himoya qilishiga, balki ular atrofida strategik bo‘shliqlar paydo bo‘lishining oldini ola olishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

«Bu o‘zgarishlarda Ukrainachalik muhim o‘rin tutadigan boshqa biror mamlakat yo‘q. Yevropa doiralarida Ukrainaga hanuz ko‘pincha, birinchi navbatda, himoya, qurol-yarog‘ va moliyaviy yordamga muhtoj davlat sifatida qaraladi. Bunday qarash tobora eskirib bormoqda. Ukraina nafaqat Yevropa xavfsizligidan foydalanuvchi mamlakat, balki uning asosiy ta’minlovchilaridan biriga ham aylandi. Qurolli kuchlarning haqiqiy qudrati harbiy mashg‘ulotlar paytida emas, haqiqiy janglarda ortadi», — deb yozadi gruzinlik tahlilchi.

Uning ta’kidlashicha, agar AQSH an’anaviy harbiy kuchlar sohasidagi rolini qisqartirsa, Yevropaga ko‘p sonli qo‘shinlar, jangovar tajriba, tezkor moslashuvchanlik va ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda urush olib borish qobiliyati kerak bo‘ladi. Ukrainada bu to‘rtala xususiyat ham mavjud. Uni NATOga qabul qilish nafaqat G‘arbning himoya hududini sharqqa tomon kengaytiradi, balki alyansning an’anaviy qurollar sohasidagi salohiyatini sezilarli darajada oshirib, NATOning Yevropa qismini ancha kuchli va ishonchli qiladi.

Nikoloz Xatiashvili qayd etishicha, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi, shubhasiz, ayniqsa, harbiy harakatlar davom etayotgan paytda puxta siyosiy tayyorgarlik va xavfsizlik choralarini talab qiladi.

Muallifning yozishicha, Yevropa xavfsizligining kelajagi faqat Boltiqbo‘yi chegarasi yoki Markaziy Yevropada hal etilmaydi. Bu masala Qora dengizda ham hal bo‘ladi.

«Qora dengiz Yevropani Janubiy Kavkaz, Ukraina, Turkiya, Kaspiy havzasi, Markaziy Osiyo va umuman Yaqin Sharq bilan bog‘laydi. Bu energetika, savdo, raqamli infratuzilma va harbiy ehtiyojlar uchun muhim yo‘lakdir. Shuningdek, bu Rossiya Janubi-Sharqiy Yevropada o‘z harbiy qudratini namoyon etadigan va qo‘shni davlatlarning suverenitetini cheklashga intiladigan dengiz makonidir», — deydi Xatiashvili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Kavkaz Yevropa, Yaqin Sharq va Yevroosiyo xavfsizlik tizimlari kesishgan nuqtada joylashgan. Ukraina shimoldagi muvozanat uchun muhim bo‘lsa, Gruziya sharqda muhim ahamiyatga ega. Gruziyasiz Qora dengiz xavfsizligi doirasini to‘liq shakllantirish qiyin bo‘ladi.

Gruziya Janubiy Kavkazga kirish imkonini beradi. Shuningdek, u Rossiya hududini chetlab o‘tib, Yevropani Kaspiy dengizi va Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan transport va energetika yo‘nalishlarini ta’minlaydi. Mamlakat Qora dengiz bilan kengroq Kavkaz mintaqasi o‘rtasida joylashgan strategik geografik mavqega ega. Gruziya, shuningdek, NATOning eng yaqin amaliy hamkorlaridan biri hisoblanadi. U alyans missiyalariga hissa qo‘shib, NATO kuchlari bilan yuqori darajadagi tezkor hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda.

Xatiashvilining yozishicha, keng tarqalgan bir ibora ushbu mantiqni ataylab keskin tarzda ifodalaydi: «Gruziyani nazorat qilsangiz, butun Kavkazni nazorat qilasiz».

«Hech bir davlat bunday murakkab mintaqani faqat Gruziya orqali to‘liq nazorat qila olmaydi. Ammo bu fikr strategik ahamiyatini yo‘qotmagan bir haqiqatni ifodalaydi. Tbilisiga ta’sir o‘tkazish sharq va g‘arb o‘rtasidagi aloqalarni, Qora dengizga chiqish imkoniyatini hamda Janubiy Kavkazning siyosiy yo‘nalishini belgilashda ustunlik beradi», — deb ta’kidlaydi gruzin tahlilchisi.

Uning fikricha, Rossiya Gruziyaning ahamiyatini juda yaxshi tushunadi. Shu bois Tbilisining suveren qarorlar qabul qilish imkoniyatlarini cheklash uchun harbiy, iqtisodiy va siyosiy vositalardan foydalanayotgani bejiz emas. Muallif NATO 3.0 konsepsiyasi yuzaga keltirgan o‘tish davrida Moskva alyansning Janubiy Kavkazdagi ta’sirini cheklash maqsadida Tbilisiga bosimni kuchaytiradi, deb hisoblaydi.

Strategik jihatdan yakkalanib qolgan Gruziya Qora dengiz xavfsizligini zaiflashtiradi, muqobil transport va energetika yo‘nalishlariga putur yetkazadi hamda Rossiyaning Armaniston va Ozarboyjonga ta’sirini kuchaytiradi. Bu mintaqada tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni murakkablashtirishi mumkin. Natijada Moskva Janubiy Kavkaz masalalarida yana o‘rnini boshqa kuch bilan almashtirib bo‘lmaydigan hakam sifatida o‘z mavqeini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Gruziya o‘zaro aloqa va hamkorlik maydoniga aylanish o‘rniga mintaqaviy parchalanish vositasiga aylanib qolishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

NATO 3.0: AQSH Yevropadan chekinsa, Rossiya uchun qanday imkoniyatlar paydo bo‘ladi? | Vaqt.uz