Navoiyda noqonuniy oltin qazuvchilar qo‘lga olindi

Бугун 13:502 дақиқа

Navoiy viloyatida o‘tkazilgan reydlarda salkam 570 mln so‘mlik oltin va ma’danli toshlarni noqonuniy qazib olgan shaxslar fosh etildi.

Navoiyda noqonuniy oltin qazuvchilar qo‘lga olindi © Foto: t.me/Department_uz

Navoiy viloyatida oltinni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlandi. Tezkor tadbirlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirildi.

Reydlar davomida Tomdi, Konimex va Xatirchi tumanlarida jami 315,1 gramm oltin va 5,2 tonna ma’danli toshlar noqonuniy qazib olingani ma’lum bo‘ldi. Ularning umumiy qiymati qariyb 570 mln so‘mga baholangan.

Qonunbuzarliklar asosan noqonuniy qazish va uy sharoitida oltin ajratish bilan bog‘liq holatlarda kuzatilgan.

Xususan, Tomdi tumanida o‘tkazilgan tadbirda fuqarolar O.I. va boshqalar «Bessopan» sanoat maydonida 5200 kg ma’danli toshni noqonuniy qazib olayotgan vaqtda ushlangan. Ushbu toshlar tarkibida 315,1 gramm oltin moddasi mavjud bo‘lib, ular ashyoviy dalil sifatida olingan.

Konimex tumanida esa fuqarolar T.T. va T.G‘. «Karakata» hududida til biriktirgan holda maxsus uskunalar yordamida oltinli qum va toshlarni qazib olish bilan shug‘ullangani aniqlangan.

Xatirchi tumanida fuqaro U.R. o‘z uyida qum va toshdan oltin ajratish bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘lib, undan 160 kg ashyo dalil sifatida olingan.

Shuningdek, mazkur hududda yashovchi fuqaro S.X. ham o‘z xonadonida oltin ajratish faoliyatini yo‘lga qo‘ygani fosh etildi. Undan 300 kg oltin zarrachalari mavjud qum-toshlar musodara qilingan.

Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar noqonuniy qazish ishlariga qarshi nazorat kuchaytirilishini ta’kidladi.

Теглар

Мавзуга оид