Octobank mijozlari O‘zbekistonda Apple Paydan birinchilardan bo‘lib foydalanishlari mumkin
Endi Octobank kartalarini Apple Walletga qo‘shib, xaridlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Apple Pay ilk bor O‘zbekistonda foydalanish uchun taqdim etildi va endi Octobank mijozlari ham ushbu xizmatdan foydalanishlari mumkin. Visa va Mastercard kartalarini Apple Wallet raqamli hamyoniga qo‘shib, do‘konlarda va onlayn xaridlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.
Bu mijozlar uchun nimani anglatadi?
Endi xaridlar uchun odatiy Apple qurilmalari orqali to‘lov qilish mumkin: do‘konlarda iPhone yoki Apple Watch, onlayn esa iPad yoki Mac yordamida.
Qanday ishlaydi?
Apple Paydan foydalanishni boshlash uchun Octobank kartasini Apple Walletga qo‘shish kifoya. To‘lov vaqtida karta ma’lumotlarini qo‘lda kiritish shart emas — operatsiyani qurilmada Face ID, Touch ID yoki parol yordamida tasdiqlash yetarli.
Bunda mijoz kartasi ma’lumotlari himoyalangan bo‘ladi: karta Apple Walletga qo‘shilganda, muayyan qurilmaga bog‘langan noyob raqam — token yaratiladi. To‘lov vaqtida kartaning haqiqiy rekvizitlari sotuvchiga uzatilmaydi.
“O‘zbekistonda raqamli to‘lovlarning rivojlanishi kundalik ehtiyojlar — do‘konlarda xarid qilish, onlayn buyurtma berish va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish bilan chambarchas bog‘liq. Bizning vazifamiz — mijozlar uchun bu odatiy jarayonlarni yanada qulay qilish. Apple Pay qo‘llab-quvvatlanishi Octobankda mijozlar tajribasini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lib, karta egalariga to‘lov usulini tanlashda ko‘proq erkinlik beradi”, — deya ta’kidladilar Octobank vakillari.
Bir necha oy avval Octobank biznes uchun internet-ekvayring xizmati doirasida Apple Pay orqali to‘lovlarni qabul qilishni yo‘lga qo‘ygan edi. Endi butun dunyoda keng qo‘llaniladigan ushbu to‘lov usulidan bank kartalari egalari ham foydalanishlari mumkin. Bu ularga to‘lovlarni tez, qulay va yuqori darajadagi himoya bilan amalga oshirish imkonini beradi.





