Logo

O‘zbekiston alamzada Portugaliyaga qarshi

Бугун 20:165 дақиқа

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi o‘yinini FIFA reytingida 5-o‘rinni egallab turgan, turnir oldidan g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan birisifatida e’tirof etilgan Portugaliyaga qarshio‘tkazadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi o‘yinini FIFA reytingida 5-o‘rinni egallab turgan, turnir oldidan g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biri sifatida e’tirof etilgan Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi.

 

Mag‘lubiyatga uchrasa-da, ijobiy taassurot qoldirgan «oq bo‘rilar»

 

O‘zbekiston milliy jamoasi mundialdagi debyutida Kolumbiyaga yutqazgan bo‘lsa-da, maydonda va uning tashqarisida katta simpatiya (xayrixohlik) uyg‘otdi. «Oq bo‘rilar» 7-bor Jahon chempionatida qatnashayotgan Lotin Amerikasi vakillariga qarshi bahsda tarixiy golni urishdan tashqari, raqibga haqiqiy jang taklif qila oldi va qo‘shib berilgan daqiqalargacha hisobni tenglashtirish uchun harakat qildi. Individual xatolar bo‘lmaganida, sensatsiya qayd etilishi ham mumkin edi.

 

O‘yindan keyin O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarda yanada mashhurlikka erishdi. Bunga Abduqodir Husanovniң Luis Diasga qarshilik qilish vaqtida operatorni ham chalib yuborib, jarohatlagani hamda bahsdan so‘ng uzr so‘rab, unga o‘z futbolkasini taqdim etgani, futbolchilar va muxlislarning xuddi yaponlar kabi stadionni chiqindilardan tozalab ketishgani, Abbos Fayzullayevning debyut goli va Behruz Karimovning «pushka»si, mag‘lubiyatdan yig‘layotgan bolakayni kolumbiyalik muxlislar ovutishgani kabi voqealar sabab bo‘ldi.

 

Fabio Kannavaro jamoasining 2-turda ham yo‘qotadigan narsasi yo‘q. Raqib o‘ta kuchli. Hatto muxlislar-u mutaxassislar orasida ruhan mag‘lubiyatga tayyorlar ham ko‘p. Muhimi — birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi munosib qarshilik va jang taklif qila olish. Oldindagi bahs yigitlarga yanada katta mashhurlik olib kelishi mumkin. Masalan, Abduqodir Husanov yoki Rustam Ashurmatov Krishtianu Ronaldudan to‘pni olib qo‘ysa, Abbos Fayzullayev jahonning ayni vaqtdagi eng yaxshi chap qanot himoyachisi Nunu Mendeshni aldab o‘tsa bormi — tarmoqlardagi reyelslarda (reels) faqat shularni ko‘raveramiz.

 

O‘yindan avvalgi matbuot anjumanida Eldor Shomurodov jamoa bosimni his qilmayotganini ta’kidladi:

 

«Bizda bosim yo‘q. Shu sababli Portugaliyaga qaraganda bizga osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Birinchi o‘yindan keyin ishonch bor, allaqochon debyut qilib bo‘ldik. Yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz. Kolumbiyaga qarshi birinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajara olmaganimiz evaziga xatolar kelib chiqdi. Portugalllarga qarshi esa xatolarni takrorlamasdan, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, to‘pni ko‘proq nazorat qilib, vaziyatlar yaratishga harakat qilamiz».

 

Bosh murabbiy Fabio Kannavaro esa jamoasi raqibdan qo‘rqmasligini aytdi:

 

«Portugaliyaning qanotlarida juda kuchli futbolchilari bor, dunyoning eng yaxshi yarimhimoya chiziqlaridan biriga ega. Futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri ham shu jamoada o‘ynaydi. Oson bo‘lmaydi. Ammo qo‘rqmaymiz, o‘z rejamiz va strategiyamiz bor. Maydonda aynan o‘z o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz».

 

O‘zbekiston milliy jamoasining tarkibiga kelsak, Odil Hamrobekov, Aziz G‘aniyev va Hojiakbar Alijonov kabi futbolchilar jarohatdan to‘liq tiklanishgan va maydonga tushishlari mumkin. Birinchi o‘yinning yorqin yulduzlaridan biri Behruz Karimov esa asosan individual tarzda shug‘ullandi. Uning Portugaliyaga qarshi o‘ynashi so‘roq ostida. Debyut o‘yinda yarimhimoya markazida kamchiliklar kuzatilgandi, shu sababli Kannavaro markazi kuchli Portugaliyaga qarshi qandaydir o‘zgarishlar qilishi va markaziy yarimhimoyaga yana bir futbolchi qo‘shishi ehtimoldan xoli emas.

 

Rustam Ashurmatov va Doston Hamdamov 17 yildan so‘ng Ronaldu bilan uchrashadi

 

2009 yili Krishtianu Ronaldu Toshkentga kelgan va «Bunyodkor»ning 13–14 yoshli futbolchilariga master-klass ko‘rsatgandi. O‘sha bolakaylar orasida hozirda milliy jamoa a’zosi sanalgan Rustam Ashurmatov va Doston Hamdamov ham bor edi. Taqdirni qarangki, ular 17 yildan so‘ng jahon arenasida portugaliyalik afsonaga qarshi maydonga tushishadi. O‘FA matbuot xizmati yigitlardan aynan shu haqda so‘radi.

 

Ashurmatov javoban: «O‘shanda 13 yoshda bo‘lganmiz. Uning Toshkentga kelishi kutilmagan holat bo‘lgandi. Biz bilan futbol o‘ynagan, suratlarga tushgan. Bir kun kelib, mundialda Ronalduga qarshi o‘ynashimiz tasavvurimizga sig‘magan. Bu — tarix. Lekin oldindagi bahsda nafaqat Ronaldu, butun Portugaliya milliy jamoasiga qarshi jang qilamiz. 100 emas, 1000 foiz borimizni beramiz», dedi.

 

Hamdamov esa Ronaldu uning kumirlaridan biri ekanligini aytdi: «Oradan shuncha yil o‘tib, Ronalduga qarshi o‘ynaymiz deb o‘ylamagandik. O‘sha paytlari biz uchun unga qarshi o‘ynash orzu bo‘lgan. Unda yosh bola bo‘lganmiz, Ronaldu esa kuchga to‘lgan, yulduzlik paytlari edi. Yana unga qarshi o‘ynab, o‘sha xotiralarni eslaymiz. Uning o‘yinlarini yoshligimizdan kuzatib kelamiz — juda kuchli futbolchi va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Ronaldu men uchun kumir, desam ham bo‘ladi. Bu qandaydir tushga o‘xshaydi. Nafaqat Ronaldu, Yevropaning top-klublarida o‘ynaydigan futbolchilarga qarshi harakat qilish qiyin. Lekin ikkinchi tomondan yoqimli. Yaxshi qarshilik ko‘rsatamiz».

 

Portugaliya «oshxona»sida notinchlik

 

1-turda Kongo (1:1) bilan durangdan so‘ng Portugaliya qattiq tanqidlar ostida qolib ketdi. Hisob o‘z yo‘liga, jamoaning o‘yinida mazmun ko‘rinmadi. Messi het-trik qilgan bir paytda, Ronalduda deyarli imkoniyat yuzaga kelmadi. Jahonning eng yaxshi yarimhimoyasiga ega jamoaning markazi shunchaki to‘pni olib yurdi, ammo xavfli vaziyatlar yarata olmadi.

 

Ko‘pchilik jiddiy raqib sifatida ko‘rmayotgan, O‘zbekiston 3-turda yutishi shart deb qaralayotgan Kongo ham qoyilmaqom himoyalanganini ta’kidlash kerak. Afrikaliklar hech qanaqasiga autsayder emasliklarini isbotlashdi. Hatto jamoa qarshi hujumlarda aniqroq harakat qilganida, yutib ketishi ham mumkin edi.

 

O‘yindan so‘ng Krishtianuning ashaddiy fanatlari alamlarini jamoaning boshqa o‘yinchilaridan olishdi. Brunu Fernandesh, Joau Nevesh, Vitinyaning instagram sahifalari «portladi». Muxlislar «Ronalduga pas ber», «Qara, Argentina futbolchilari Messi uchun o‘ynashyapti» kabi izohlar bilan ularning sahifalarini to‘ldirib tashlashdi. Hatto o‘tgan yili vafot etgan Diogu Jotaning sahifasiga yozgan «ashaddiylar» ham bo‘ldi.

 

Albatta, Krishtianuning o‘zi ham tanqidlarga uchradi. Hatto portugaliyaliklar orasida Ronalduni jamoaning asosiy muammosi sifatida ko‘rsatayotganlar, bosh murabbiy Roberto Martinesni o‘yini chiqmagan 41 yoshli yulduzni zaxiraga olmagani uchun qo‘rqoqlikda ayblaganlar talaygina. Agent Paulu Barboza «Portugaliya Ronaldu bilan O‘zbekistonni ham yuta olmaydi» deb yozdi. Krishtianu esa tanqidlarga javoban mashg‘ulotlarda jamoadoshlari bilan tushgan suratini joylab: «Birdammiz» deb post qoldirdi.

 

Xullas, bunday gap-so‘zlar jamoaning ichki muhitiga qanday ta’sir qilishi qiziq. Agar negativlar jamoaga ruhan katta bosim bera olsa, bu O‘zbekiston milliy jamoasining foydasiga xizmat qiladi. Aksincha bo‘lishi, portugallar g‘azablanib, bor alamlarini bo‘lajak raqibdan olishga va 1-turdagi rasvo o‘yinni unuttirishga harakat qilishlari ham mumkin. Nima bo‘lishini bugun, 23-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadigan bahs orqali bilib olamiz.

 

Portugaliyaga bo‘layotgan tanqidlar fonida bu o‘yin butun dunyoning e’tiborida. Shunday ekan, bu — O‘zbekiston futbolchilariga ham o‘zlarini ko‘rsatib, «reklama» qilib olishlari uchun ajoyib imkoniyat. Umid qilamizki, yigitlar bundan unumli foydalana olishadi. Olg‘a, O‘zbekiston!

Теглар

Илёс Сафаров

Илёс СафаровМақолалар сони: 107

Барчаси

Мавзуга оид