Logo

O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar hajmi 25 trln so‘mdan oshdi

Бугун 17:503 дақиқа

O‘tgan 9 oyda mamlakatdagi banklarning jami kredit portfeli 604 trln 2 mlrd so‘mdan 659 trln 87 mlrd so‘mga oshgan.

O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar hajmi 25 trln so‘mdan oshdi

O‘zbekistonning tijorat banklaridagi muammoli kreditlar (NPL) hajmi so‘nggi to‘qqiz oy ichida 18 trln 55 mlrd so‘mdan 25 trln 41 mlrd so‘mgacha ko‘paydi (o‘sish 38,7 foiz). Shu bilan birga, umumiy kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushi yil boshidagi 2,99 foizdan 3,80 foizgacha ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlar berdi.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyida banklarning jami kredit portfeli 604 trln 2 mlrd so‘mdan 659 trln 87 mlrd so‘mga (9,1 foizga) oshgan. Tahlillarga ko‘ra, muammoli kreditlar portfelga nisbatan qariyb 4,2 barobar tezroq ko‘paygan.

Davlat ulushiga ega 9 ta bankda NPL hajmi 12 trln 834 mlrd so‘mdan 16 trln 942 mlrd so‘mgacha (32,0 foizga) oshgan bo‘lsa, qolgan 26 ta bankda muammoli kreditlar miqdori 5 trln 221 mlrd so‘mdan 8 trln 99 mlrd so‘mgacha (55,1 foizga) yetgan. Natijada, davlat banklarining jami NPL miqdoridagi ulushi 71,1 foizdan 67,7 foizgacha pasaygan.

Kredit portfelidagi o‘sish va qisqarishlar


Kredit portfelining mutlaq o‘sishi bo‘yicha «Agrobank» tizimda yetakchilik qilmoqda. Bank portfeli 81,1 trillion so‘mdan 95,9 trillion so‘mga (+18,2 foiz) ko‘paygan. Bundan tashqari, «Hamkorbank» (+31,1 foiz), «Xalq banki» (+14,3 foiz), «Aloqabank» (+23,1 foiz) va «Ipak Yo‘li bank» (+24,2 foiz) portfellarida ham sezilarli o‘sish qayd etilgan.

Foiz hisobida eng tez o‘sgan banklar qatoriga kichik portfelli «Uzum Bank» (+352,1 foiz), «Poytaxt bank» (+164,9 foiz), «APEX BANK» (+152,3 foiz) va «Open Bank» (+124,8 foiz) kirdi.

Buning aksi o‘laroq, ayrim banklarning kredit portfeli qisqargan. Xususan, «O‘zsanoatqurilishbank»da portfel 8,6 foizga (64,9 trilliondan 59,3 trillion so‘mgacha), «TBC Bank»da 25,2 foizga, «Asakabank»da 5,2 foizga, «O‘zmilliybank»da 1,2 foizga hamda «Tenge Bank»da 12,2 foizga kamaygan.

Muammoli kreditlari eng ko‘p oshgan banklar

To‘qqiz oylik yakunlariga ko‘ra, yil boshida va hozirda faoliyat yuritayotgan 34 ta bankdan 22 tasida muammoli kreditlar ulushi oshgan. Nisbiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng katta yomonlashuv «Madad Invest bank»da kuzatildi: NPL hajmi 2,6 mlrd so‘mdan 254,8 mlrd so‘mgacha (qariyb 97 barobar) oshib, ulushi 0,62 foizdan 43,42 foizgacha ko‘tarildi.

Shuningdek, «TBC Bank»da muammoli kreditlar ulushi 5,71 foizdan 13,40 foizgacha, «Mikrokreditbank»da esa 4,41 foizdan 11,39 foizgacha oshgan. «Mikrokreditbank» NPL hajmining 894 milliard so‘mdan 2 trln 739 mlrd so‘mgacha oshishi bilan tizimdagi umumiy NPL o‘sishining 26,4 foizini tashkil etdi.

«ANORBANK» muammoli kreditlari ulushi 4,75 foizdan 9,03 foizgacha, «Oriyent Finans bank»da esa 0,15 foizdan 3,94 foizgacha (hajmi qariyb 27 barobarga) oshgan. Muammoli kreditlar ulushi 5 foizdan yuqori bo‘lgan banklar soni sakkiztani tashkil qildi: «Madad Invest bank» (43,42 foiz), «Poytaxt bank» (13,79 foiz), «TBC Bank» (13,40 foiz), «Mikrokreditbank» (11,39 foiz), «ANORBANK» (9,03 foiz), «AVO Bank» (6,90 foiz), «Garant bank» (6,07 foiz) va «Biznesni rivojlantirish banki» (5,78 foiz).

Muammoli kreditlarning eng katta hajmi «Agrobank» (3 trln 180 mlrd so‘m), «O‘zmilliybank» (3 trln 107 mlrd so‘m) va «Mikrokreditbank» (2 trln 739 mlrd so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Eng yirik beshta bankning jami NPL miqdoridagi ulushi yil boshidagi 55,9 foizdan 49,6 foizgacha pasaygan.

Ijobiy o‘zgarishlar va eng past ko‘rsatkichlar

Muammoli kreditlar hajmi real raqamlarda faqatgina bir nechta bankda kamaygan. Xususan, «Ziraat Bank Uzbekistan»da NPL hajmi 84,1 milliard so‘mdan 60,3 mlrd so‘mgacha, «Ipoteka-bank»da esa 1 trln 257 mlrd so‘mdan 1 trln 239 mlrd so‘mgacha pasaygan. «Poytaxt bank», «AVO Bank» va «Hayot Bank» kabi banklarda NPL hajmi oshgan bo‘lsa-da, portfelning keskin o‘sishi hisobiga muammoli kreditlar ulushi kamaygan.

Eng past NPL ko‘rsatkichlari «KDB Bank» va «Octobank»da saqlanib qoldi — ularda muammoli kreditlar nolga teng. Bundan tashqari, «Uzum Bank» (0,03 foiz), «APEX BANK» (0,08 foiz), «Open Bank» (0,42 foiz) va «Tayanch mikromoliya banki»da (0,84 foiz) bu ko‘rsatkich juda past darajada qolmoqda. «Hamkorbank», «Universalbank», «Asia Alliancye Bank» va «Ipak Yo‘li bank»da ulush biroz oshgan bo‘lsa-da, 2 foizdan pastligicha saqlanib turibdi.

Avvalroq Vaqt.uz muammoli kreditlar ko‘rsatkichining so‘nggi 7 yilda qanday o‘zgarganini tahlil qilgandi.

Мавзуга оид

O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar hajmi 25 trln so‘mdan oshdi | Vaqt.uz