Logo

O‘zbekiston bankomatlar importidan voz kechishi mumkin

2025-yilda mamlakat 9 mingta bankomat xarid qilib, 50 million dollardan ortiq mahsulot import qilingan.

O‘zbekiston bankomatlar importidan voz kechishi mumkin © YANDEX MAPS

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi tadbirkor va investorlar bilan muloqotda bankomatlarga bo‘lgan talabni hisob-kitob qilish, texnologiya va investorlarni jalb etib, ularni mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganish vazifasini qo‘ydi.

Ichki bozorda bankomatlarga ham talab katta ekani aytildi. O‘tgan yili mamlakatda 9 mingta bankomat xarid qilinib, 50 million dollardan ortiq mahsulot import qilingan. Savdo va ko‘ngilochar majmualar, yangi uy-joy massivlarining ko‘payishi bilan mazkur ehtiyoj yana ortadi.

Mis ishlab chiqarish

Joriy yilda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Ushbu loyiha hisobiga mis ishlab chiqarish hajmi 300 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkaziladi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash quvvatlari barpo etilmoqda, hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Kelgusi o‘n yilda hamkorlar bilan 450 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan.

Prezident elektrotexnika sanoatidagi navbatdagi vazifa ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘paytirish bilangina cheklanmasdan, katta texnologik sakrashni amalga oshirish ekanini ta’kidladi. Prezident matbuot kotibiga ko‘ra, 2030-yilgacha energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Xorijlik hamkorlar ushbu loyihalarda mahalliy mahsulotlardan foydalanishga tayyor, ammo ular uchun zarur ayrim uskunalar hali mamlakatimizda ishlab chiqarilmayapti.

Shuningdek, savdo majmualari, korxonalar, uy-joylar va ko‘chalarda videokuzatuv uskunalariga talab ortib bormoqda. Ularning ichki bozordagi yillik ehtiyoji 200 million dollarga yetishi, qo‘shni mamlakatlar bozorini hisobga olganda esa 600 million dollardan oshishi aytildi. Buxorodagi «Digital security» va Samarqanddagi «Samvision» korxonalari o‘z dasturiy ta’minoti asosida yiliga 2 mingta kamera ishlab chiqarmoqda. Bunday loyihalarni ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunday loyihalarni ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda Andijonda ofis texnikasi va tayyor kabel to‘plamlari, Toshkent shahrida serverlar, interaktiv panellar va sensorli datchiklar, Qashqadaryoda televizorlar uchun elektron platalar kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.

Davlat rahbari ichki bozor talabini qoplash bilan birga bunday mahsulotlar hisobiga eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi.

Prezident uchrashuvda ishtirok etayotgan 10 dan ortiq xorijlik investor va 100 dan ziyod mahalliy tadbirkorlarni yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi loyihalar bilan faol ishtirok etishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, oxirgi o‘n yilda elektrotexnika sohasiga 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgan. Maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar, yuqori kuchlanishli transformatorlar kabi 100 dan ortiq turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Natijada joriy yilda sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 50 trillion so‘mga yetgandi. Mazkur ko‘rsatkich 2016-yilda 1,7 trillion so‘m bo‘lgandi. Investitsiyalar 600 million dollarga, eksport esa 1 milliard 600 million dollarga yetkazildi. O‘tgan davrda eksport hajmi 14 barobar o‘sgan. Davlat rahbari bu mavjud imkoniyatlarga nisbatan kam ekanini, sohani yanada jadal rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank bank va to‘lov tashkilotlarini bankomat pul yechmagan holatlarni xolis tekshirishga chaqirgandi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekiston bankomatlar importidan voz kechishi mumkin | Vaqt.uz