Logo

O‘zbekiston Yevropa va AQSHdan gaz investorlarini qidirmoqda — Bloomberg

Бугун 17:393 дақиқа

Agentlik xabar berishicha, hukumat British Petroleum bilan kelishuvdan so‘ng gaz konlarini rivojlantirish uchun G‘arb davlatlari bilan hamkorlik qilish ustida ishlamoqda.

O‘zbekiston Yevropa va AQSHdan gaz investorlarini qidirmoqda — Bloomberg © Foto: Bloomberg

O‘zbekiston hukumati Britaniyaning BP kompaniyasidan investitsiya jalb qilganidan so‘ng mamlakatning tabiiy gaz sektoriga Yevropa va AQSHning yirik energetika kompaniyalarini olib kirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

«Hukumat mahsulotni taqsimlash shartnomalari orqali gaz konlarini rivojlantirish uchun boshqa yirik Yevropa va Amerika kompaniyalarini jalb qilish ustida ishlamoqda. Gaz O‘zbekistonda qoladi va ko‘p yillar davomida mamlakat energiya aralashmasining muhim qismi bo‘lib qolaveradi», — dedi Iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasi bo‘yicha o‘rinbosari Xurshed Mustafayev.



Bloomberg yozishicha, Markaziy Osiyo davlati taxminan 2 trillion kubometr tasdiqlangan gaz zaxiralariga ega, ammo so‘nggi yillarda eskirgan konlar pasayib borayotgani sababli ishlab chiqarish kamaydi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga 6 foizdan ortiq o‘sib bormoqda, bu esa energiya talabini oshirmoqda. 2025 yildagi iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil qilib, 147 mlrd dollardan oshgandi.

May oyida Britaniyaning British Petroleum energetika kompaniyasi O‘zbekistonning Ustyurt mintaqasidagi neft va gaz qidiruv ishlarida ishtirok etishi ma’lum bo‘lgandi.

Bunda BP mahsulotni taqsimlashga oid bitim doirasida oltita qidiruv blokini qamrab oluvchi loyihaning 40 foiz ulushini sotib olgan. Loyihaning qolgan qismi Ozarbayjon davlat energetika kompaniyasi Socar va «O‘zbekneftgaz»ga tegishli bo‘lib qoladi.

Elektr energiyasidan foydalanish ortib borayotgani sababli, mamlakatda qayta tiklanadigan energiya manbalari ham ommalashmoqda. Ularning ulushi allaqachon energiya balansining taxminan 20 foizini tashkil qiladi. Mustafayevning aytishicha, bu ulush 2030 yilning oxiriga kelib taxminan 25 foizga yetishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda bu sohaning rivojlanishi toza energiya loyihalarini rivojlantirish uchun milliardlab dollar sarflayotgan Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Hozirda ACWA Power O‘zbekistonda elektr uzatish infratuzilmasi va yirik quvvatli energiya saqlash tizimlarini (batareyalar) qurish loyihalarida ham ishtirok etmoqda. Mustafayevga ko‘ra, mamlakat yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish uchun qariyb 2 mlrd dollar, past kuchlanishli infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun esa yana shuncha mablag‘ yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

Gaz ishlab chiqarish pasaymoqda

Vaqt.uz avvalroq O‘zbekistonda gaz ishlab chiqarish hajmi kamayib, import hajmi ortib borayotgani haqida xabar bergan edi. Xususan, joriy yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatda tabiiy gaz ishlab chiqarish 16 foizga qisqarib, 12,6 mlrd kub metrni tashkil qildi.

Gaz qazib olish hajmining pasayishi O‘zbekistonda 2019 yildan buyon kuzatilmoqda. O‘sha yili mamlakatda 60 mlrd kub metrdan ortiq gaz ishlab chiqarilgan.

1



2025 yilda gaz qazib olish hajmi 42,3 mlrd kub metrgacha tushib, so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga aylandi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, 2026 yilda ham ushbu tendensiya saqlanib qolib, ishlab chiqarish 40,2 mlrd kub metrgacha kamayishi kutilmoqda.

Rejaga ko‘ra, 2026 yildan keyin gaz qazib olish yana o‘sish bosqichiga o‘tadi va 2030 yilga kelib 48,5 mlrd kub metrga yetadi.

Kelgusi yillarda gaz qazib olish hajmi quyidagicha bo‘lishi prognoz qilinmoqda:
— 2027 yil — 42,9 mlrd kub metr (+6,7 foiz);
— 2028 yil — 44,5 mlrd kub metr (+3,7 foiz);
— 2029 yil — 45,5 mlrd kub metr (+2,2 foiz);
— 2030 yil — 48,5 mlrd kub metr (+6,6 foiz).

Теглар

Мавзуга оид