Logo

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi 23,6 trln so‘mga yetdi

Кеча 11:393 дақиқа

Ajratilgan ipoteka kreditlarining qariyb 30 foizi yoshlarga to‘g‘ri keldi. Mablag‘larning asosiy qismi esa yangi qurilgan uy-joylarni sotib olishga yo‘naltirilgan.

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi 23,6 trln so‘mga yetdi © Foto: mfd.mos.ru

2026-yilning yanvar-oktabr oylarida tijorat banklari jismoniy shaxslarga jami 75,8 mingta ipoteka krediti ajratgan. Ularning umumiy qiymati 23,6 trln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,5 foizga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

E’tiborlisi, 2026-yilning dastlabki 10 oyida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi o‘tgan yilgi to‘liq yillik ko‘rsatkichdan 2,4 trln so‘mga oshgan. 2025-yilda banklar aholiga jami 21,2 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratgandi.

Ipoteka kreditlarining asosiy qismi yangi uy-joylarga berildi

Ajratilgan mablag‘larning katta qismi yangi qurilgan uy-joylarni sotib olishga yo‘naltirilgan. Xususan, yanvar-oktabr oylarida birlamchi uy-joy bozoridagi xaridlar uchun 17,4 trln so‘mlik ipoteka krediti berilgan. Bu jami kreditlar hajmining 73,6 foiziga teng. Ushbu yo‘nalishda kreditlash hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42 foizga oshgan.

Avval foydalanilgan uy-joylarni sotib olish uchun esa 6,2 trln so‘mlik kredit ajratilgan. Ikkilamchi bozorning jami ipoteka kreditlaridagi ulushi 26,4 foizni tashkil etgan. Bu yo‘nalishda ham kreditlash hajmi bir yil ichida 33 foizga ko‘paygan.

Ayollarga berilgan ipoteka kreditlari hajmi 67 foizga oshdi

Jinslar kesimida erkaklarga 12,2 trln so‘mlik, ayollarga esa 11,4 trln so‘mlik ipoteka krediti berilgan. Erkaklarning jami kreditlardagi ulushi 51,8 foizni, ayollarniki esa 48,2 foizni tashkil etgan.

Biroq o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kreditlash hajmining o‘sish sur’atida farq bor. Xususan, ayollarga ajratilgan ipoteka kreditlari 67 foizga ko‘paygan. Erkaklarga berilgan kreditlar hajmi esa 20,9 foizga oshgan.

Ipoteka kreditlarining qariyb uchdan biri yoshlarga ajratildi

Hisobot davrida yoshlarga 22,3 mingta ipoteka krediti ajratilgan. Ularning umumiy qiymati 7,2 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Yoshlar olgan kreditlar soni jami ipoteka kreditlarining 29,5 foizini tashkil etadi. Boshqacha aytganda, banklar ajratgan har o‘nta ipoteka kreditidan qariyb uchtasi yoshlarga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda, yoshlarga berilgan ipoteka kreditlari soni 36,5 foizga, ularning umumiy qiymati esa 42,9 foizga oshgan.

Ipoteka kreditlari hajmi so‘nggi 10 yilda qanday o‘zgardi?

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi so‘nggi o‘n yilda sezilarli darajada ko‘paygan. 2016-yilda tijorat banklari aholiga 2,6 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratgan. Keyingi yillarda bu miqdor bosqichma-bosqich oshib, 2021-yilga kelib 9,8 trln so‘mga yetgan.

 

grafik

 Manba: Markaziy bank

2022-yilda esa ipoteka kreditlash hajmida eng katta yillik o‘sish qayd etilgan. Banklar shu yili 14,4 trln so‘mlik kredit ajratgan, bu avvalgi yilga nisbatan 4,6 trln so‘m ko‘p. Shundan keyin ham kreditlash hajmi o‘sishda davom etdi.

2026-yilning dastlabki 10 oyida ipoteka kreditlari hajmi 23,6 trln so‘mga yetgan. Bu davr ko‘rsatkichi to‘liq yil natijasi bo‘lmasa-da, avvalgi yillarning yillik hajmlaridan yuqori bo‘lgan.

Biroq yangi ipoteka kreditlari ajratilishi bilan birga, banklarning uy-joy kreditlari bo‘yicha umumiy qarzdorlik qoldig‘i ham ortib bormoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabr holatiga bu ko‘rsatkich 92,7 trln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,3 foizga ko‘p.

Taqqoslash uchun, 2017-yil 1-yanvarda banklarning ipoteka kreditlari bo‘yicha qoldig‘i 7,4 trln so‘m bo‘lgan. Qariyb 10 yil ichida bu miqdor 12,5 baravardan ko‘proq oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida ipoteka dasturi doirasida 67,6 ming nafar fuqaroga jami 20,9 trln so‘mlik kredit ajratilgandi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39 foizga ko‘p. O‘sha davrda ajratilgan mablag‘lar yillik rejaning 91 foizini tashkil etgan.

Теглар

Мавзуга оид