Logo

O‘zbekistonda ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi milliy dastur boshlandi

Кеча 23:132 дақиқа

O‘zbekistonda xodimlarning huquq hamda qadr-qimmatini himoya qilish, ish joylarida tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olishga qaratilgan Milliy dastur amaliyotga joriy etilmoqda. Dastur doirasida qonunbuzilishlar haqida anonim xabar berish imkonini beruvchi maxsus portal ishga tushirilishi va o‘n minglab xodimlar o‘qitilishi belgilangan.

O‘zbekistonda ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi milliy dastur boshlandi © Foto: t.me/Rasmiy_axborot_official

Toshkent shahrida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning 70 ga yaqin vakili ishtirokida mazkur dasturni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan islohot tufayli biz har bir insonga, erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, institutlararo hurmatni shakllantirish mexanizmini yaratmoqdamiz. Bu har bir tashkilotda me’yorga aylanishi kerak. O‘zaro hurmat madaniyati Yangi O‘zbekistonimiz uchun sog‘lom jamiyat va kelajakning kuchli kadrlarini shakllantiradi», - dedi Prezident Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalari ofisi bosh koordinatori Nozimaxon Davletova.

Mazkur dasturni amaliyotga tatbiq etish jarayonida bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

• Joriy yilning dekabr oyiga qadar xodimlar ish joyidagi qonunbuzilishlar haqida anonim xabar berishi mumkin bo‘lgan «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» raqamli portali ishga tushiriladi;

• Respublikaning 14 ta hududida jami 700 nafar fasilitator tayyorlanadi. Ushbu mutaxassislar davlat tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish va xavfsiz ish muhitini yaratish uchun mas’ul bo‘lgan 35 ming nafar xodimni o‘qitadi;

• Shuningdek, xodimlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ko‘rilgan choralarni kuzatib borishning aniq mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazade hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl ham ishtirok etdi. Rasmiylar tomonidan qonunchilikda belgilangan kafolatlarni amalda ishlaydigan mexanizmlarga aylantirish hamda bu borada idoralararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu Milliy dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 21-sentabrdagi PQ–345-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28-sentabrdagi 518-son qarori asosida amalga oshirilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид