Logo

O‘zbekistonda jinoyatchilikni sun’iy intellekt orqali prognoz qiluvchi tizim joriy etiladi

O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatlarni barvaqt aniqlash maqsadida «Yagona kriminogen ma’lumotlar platformasi» ishga tushiriladi. Tizim sun’iy intellekt va xavf tahliliga asoslanadi.

O‘zbekistonda jinoyatchilikni sun’iy intellekt orqali prognoz qiluvchi tizim joriy etiladi © SI asosida yaratilgan

O‘zbekistonda jinoyatchilik dinamikasini sun’iy intellekt yordamida oldindan prognozlash va xavf omillarini erta bartaraf etishga qaratilgan «Yagona kriminogen ma’lumotlar platformasi» ishga tushiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 6-noyabrdagi «Respublikada kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash sohasida samarali raqamli nazorat, tahlil va prognozlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-241-sonli farmonida belgilangan.

Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqiladigan mazkur platforma orqali hududlar, mahallalar va jinoyat turlari kesimida jinoyatchilik dinamikasi yarim yillik va yillik prognoz qilinadi. Prognoz natijalari asosida kriminogen vaziyati og‘ir hududlarga xabarnomalar yuboriladi va mas’ul idoralarning huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi samaradorligi KPI asosida baholab, reytingi yuritib boriladi. Tizimga vazirlik va idoralarning tegishli ma’lumotlari, jumladan, ishsizlik, kambag‘allik, migratsiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda infratuzilma kabi xavf indikatorlari avtomatlashgan tarzda integratsiya qilinadi.

Mahalliy hokimiyatlarga shoshilinch choralar ko‘rish vazifasi yuklatiladi

Jinoyatchilik dinamikasini prognoz qilish natijasida Bosh prokuratura tomonidan yuborilgan xabarnomalar bo‘yicha tuman va shahar hokimlari rahbarligida 3 sutka ichida idoralararo tezkor shtab tashkil etiladi. Bir oy ichida jinoyatchilikning obyektiv va subyektiv sabablari aniqlanib, yillik manzilli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi. Yillik ko‘rsatkichlar asosida reja ijrosini ta’minlamagan mas’ul mansabdor shaxslarning javobgarligi ko‘rib chiqiladi.

Farmonda qayd etilishicha, «prognoz va sun’iy intellekt yordamidagi tahlil natijalari shaxsga nisbatan huquqiy oqibat keltiruvchi qaror qabul qilish uchun mustaqil asos bo‘la olmaydi». Platformadan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kafolatlariga va ma’lumotlarni egasizlantirish talablariga qat’iy rioya etiladi. Zarur ma’lumotlarni taqdim etmaslik, kechiktirish yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Aholi o‘rtasida so‘rovlar va nazoratning yangi tuzilmasi

Har yili aholi o‘rtasida milliy viktimologik so‘rov, aholining xavfsizlik hissi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib boriladi. Shuningdek, 2028 yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga respublika va hududlar kesimida kriminogen vaziyat dinamikasi, barqarorlik indeksi va viktimologik so‘rovlar natijalarini o‘z ichiga oluvchi tahliliy axborotnoma kiritib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi platforma 2027 yil yakuniga qadar Toshkent shahrining Olmazor tumanida sinov tariqasida ishga tushiriladi va 2028 yildan boshlab respublikaning barcha hududlariga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bundan tashqari, Bosh prokuratura tizimida Kriminogen vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi negizida Kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash ustidan nazorat boshqarmasi va uning tarkibida Raqamli tahlil va prognozlash bo‘limi tashkil etilib, ularga jinoyat sabablari monitoringini yuritish va profilaktika subyektlari faoliyatini nazorat qilish vazifasi yuklatiladi. Ichki ishlar vazirligining Tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasiga esa tezkor vaziyat keskinlashishi mumkin bo‘lgan hududlar bo‘yicha erta ogohlantiruvchi xabarlarni shakllantirish majburiyati qo‘shiladi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda jinoyatchilikni sun’iy intellekt orqali prognoz qiluvchi tizim joriy etiladi | Vaqt.uz