O‘zbekistonda saratonni erta aniqlash dasturlari uchun yiliga 700 mlrd so‘m ajratiladi
2027-yildan bepul dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi esa 36 taga yetkaziladi.
© Prezident matbuot xizmatiO‘zbekistonda 2028-yildan boshlab barcha hududlarda oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini erta aniqlash ishlari to‘liq joriy etiladi va bu maqsadlar uchun yiliga 700 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ko‘ksaroy qarorgohida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Mazkur kasalliklarni erta aniqlash ishlari dastlab Samarqand viloyatidan boshlanishi belgilangan. Shuningdek, qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi o‘smalar hamda bolalardagi onkogematologik xastaliklarni erta aniqlash dasturlari ham izchil davom ettiriladi.
Infarkt va insult o‘limi 15 foizga kamaydi
Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Toshkent shahrida infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash dasturi amalga oshirilishi natijasida ushbu kasalliklardan erta o‘lim ko‘rsatkichi besh oy ichida 15 foizga kamaygan.
Kasallik boshlanishidagi «oltin soat»da 855 nafar inson erta o‘lim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolingan. Kelasi yil mazkur dastur uchun 280 mlrd so‘m ajratilib, barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi.
Aholi uchun tibbiy xizmatlarning kafolatlangan paketi ham kengaytiriladi. Xususan, kelasi yili bepul dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi esa 36 taga yetkaziladi.
Birlamchi tibbiy yordam tizimi yana 100 ta tumanda joriy qilinadi
«Doim aytaman, birlamchi bo‘g‘in qancha yaxshi ishlasa, xalqimiz shuncha sog‘lom bo‘ladi», — dedi Prezident.
Shu maqsadda respublikaning 28 ta tumanida birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim sinovdan o‘tkazilgan. Ushbu tumanlardagi jami 7 mln aholi oilaviy shifokorlarga nomma-nom biriktirilib, ikki tomonning vazifa va majburiyatlari o‘zaro bitimda belgilab qo‘yilgan.
Tizim doirasida yangi laboratoriyalar ishga tushirilgan, shifokor va hamshiralar maxsus o‘qitilgan va «bemor marshruti» ishlab chiqilgan. Bu jarayonlar poliklinikalarga bo‘lgan aholi ishonchini oshirishga xizmat qilgan. Hozirgi kunda kafolatlangan paket doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasi bepul berilmoqda.
Birlamchi bo‘g‘inda samara bergan ushbu model kelasi yildan boshlab yana 100 ta tumanda yo‘lga qo‘yilishi tasdiqlandi.





