O‘zbekistonda YAIMga nisbatan davlat qarzi 26,6 foizgacha pasaydi
I chorakda davlat qarzi deyarli o‘zgarmadi va qariyb 47 mlrd dollarni tashkil qildi. Biroq, iqtisodiy o‘sish hisobiga YAIMga nisbatan davlat qarzi ulushi sezilarli darajada qisqardi.
© Bloomberg2026 yil I chorak yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 46,99 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligidan ma’lum bo‘ldi.
Davlat qarzining mamlakat iqtisodiyoti — yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan ulushi 31,9 foizdan 26,6 foizgacha qisqardi.
Bunga 2026 yil boshida O‘zbekiston davlat qarzi 134 mln dollarga oshib, deyarli o‘zgarmagani sabab bo‘ldi. Aksincha, mamlakat iqtisodiyoti esa I chorakda 8,2 foizlik o‘sishni qayd etdi.

Davlat qarzining asosiy qismini tashqi qarz egallab turibdi — 39,78 mlrd dollar (85 foiz). Davlat ichki qarzi esa 15 foiz ulushga ega bo‘lib, 7,2 mlrd dollarni tashkil qilib turibdi.
O‘zbekiston qarzning asosiy qismini xalqaro moliya institutlaridan olgan. Eng yirik kreditorlar Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki hisoblanib, jami davlat qarzining 44 foizi yoki 17,3 mlrd dollari ushbu moliyaviy tashkilotlarga to‘g‘ri keladi.

Xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari orasida Xitoy va Yaponiyadan ko‘proq qarz olingan. Bu ikki davlatdan mos ravishda 3,9 mlrd dollar va 3,1 mlrd dollar qarz olingan.
Shuningdek, 15 foiz yoki 5,8 mlrd dollar davlat qarzi xalqaro obligatsiyalar yordamida xorijiy investorlardan jalb qilingan.
Umumiy qarz qancha?
2026 yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarni tashkil qildi.
Davlat qarziga faqat davlat kafolati ostida olingan qarzlar kirsa, umumiy tashqi qarz mamlakatdagi biznes tomonidan olingan korporativ qarzlarni ham o‘z ichiga oladi.
Markaziy bank ma’lum qilishicha, o‘tgan yili biznes tomonidan chet eldan jalb qilingan xususiy tashqi qarz davlat qarzidan o‘tib ketdi va 41,7 mlrd dollargacha o‘sdi.





